Tinchlik va barqarorlikning ishonchli kafolati

09.01.2018, 15:54

Tinchlik va barqarorlikning ishonchli kafolati

Mamlakatimiz mustaqilligini, fuqarolar tinchligi va xavfsizligini ta’minlash, ularning xuquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish  davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Insonning eng ustuvor va muqaddas huquqlaridan biri bu – tinch yashash huquqidir. Davlat va jamiyatning burchi ana shu huquqni barcha qonuniy vositalar bilan kafolatlab berishdir. Tarixdan ma’lumki, har qanday davlatning mustaqilligini, xalqning erki va tinchligini uning o‘z armiyasi, Qurolli Kuchlari tomonidan himoya qilinadi. O‘z mustaqilligini, tinchligini asray olgan davlatgina barqaror rivojlanadi, tinchlik, xotirjamlik, osoyishtalik qaror topgan mamlakat gullab-yashnaydi.

Shu bois istiqlolimizning dastlabki kunlarida – 1991 yil 6 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi tashkil etildi. 1992 yil 14 yanvar kuni esa mustaqil davlatimiz tarixida yana bir muhim qadam qo‘yildi. Shu kuni mamlakatimiz hududidagi barcha harbiy qism va bo‘linmalarni O‘zbekiston yurisdiksiyasiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Qurolli Kuchlarning mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlash, xalqimizning tinchligi hamda bunyodkorlik mehnatini himoyalash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyatini inobatga olib hamda mamlakatimiz hududidagi harbiy qism va bo‘linmalarning davlatimiz tasarrufiga o‘tkazilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 29 dekabrda qabul qilingan qonuniga binoan 14 yanvar O‘zbekistonda Vatan himoyachilari kuni deb e’lon qilindi.

O‘tgan yillar mobaynida yurtimizda davr talabi va jahon andozalariga javob beradigan Qurolli Kuchlarni barpo etish, mamlakatimiz mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash, barqaror va izchil demokratik taraqqiyotimizning ishonchli kafolati bo‘lgan milliy armiyamizni shakllantirish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Avvalo, harbiy soha islohotlari bilan bog‘liq strategik maqsadlarga erishishning muhim huquqiy poydevori bunyod etildi. Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 52-moddasida “O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish — O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchi” ekanligi alohida belgilab qo‘yildi. Asosiy qomusimizda, shuningdek, O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining huquqiy maqomi ham aniq belgilab berilgan bo‘lib, unga ko‘ra Qurolli Kuchlar O‘zbekiston suvereniteti va hududiy yaxlitligi, respublikamiz aholisining osuda hayoti va xavfsizligini ta’minlash maqsadida tashkil etilishi qayd etildi. Shuningdek, “Mudofaa to‘g‘risida”, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunlar Qurolli Kuchlarimiz tashkiliy asoslarini o‘zida mujassam etdi.

Qurolli Kuchlarimizni isloh qilish bo‘yicha o‘z vaqtida qabul qilingan dasturga muvofiq amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar zamonaviy talablarga javob beradigan milliy armiyamizni shakllantirish va boshqarishning sifat jihatdan mutlaqo yangi tizimiga o‘tish borasida muhim qadam bo‘ldi. Qisqa vaqt ichida harbiy okruglar, chegara hududlari va maxsus operatsiyalarga ixtisoslashtirilgan qismlar tuzildi.

Milliy armiyamizni bosqichma-bosqich va tizimli ravishda shakllantirishda, avvalo, xavfsizligimizga qarshi qaratilgan jiddiy tahdid va xatarlar, ayniqsa, xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkoagressiya, ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishi kabi balo-qazolar hisobga olindi.

Qurolli Kuchlarimiz va ularning asosiy jangovar bo‘linmalarining prinsipial jihatdan yangi tashkiliy-tarkibiy tuzilmasi joriy etildi, boshqaruv va tuzilmalarning bir-birini takrorlaydigan, kam samarali bo‘g‘inlari tugatildi. Bu esa, o‘z navbatida, mazkur boshqaruv va tuzilmalarning harakatchanligi, tezkorligi va jangovar qobiliyatini oshirish imkonini berdi.

Mamlakatimiz hududiga suqilib kiradigan har qanday tajovuzkor bosqinchiga qarshi qat’iy zarba berishga qodir bo‘lgan Maxsus operatsiyalarni amalga oshiradigan kuchlar, Terrorchilikka qarshi kurashish korpusi bo‘linmalari va boshqa zamonaviy jangovar bo‘linmalar tashkil etildi va ularning faoliyatini kuchaytirish davom ettirilmoqda.

Bugun Armiyada xizmat qilishning nufuzi baland. Yigitlarimiz uchun harbiy sohada xizmat qilish, nafaqat faxrli burch, balki yuksak shon-sharafga aylandi.. Barcha ota-onalar o‘z farzandlari voyaga yetgach, uning Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilishini niyat qilishadi. Chunki zamonaviy jangovar texnik qurollarni mukammal egallagan yigitlarimiz millatning, yurtning iftixori bo‘lishayotganini hammamiz ko‘rib turibmiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan birinchi marta mamlakatimiz parlamenti – Oliy Majlisga taqdim etilgan Murojaatnomada mudofaa va xavfsizlik masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Prezidentimiz jahonda keskin iqtisodiy raqobat, axborot xurujlari, terroristik tahdidlar tobora kuchayib borayotganligi. Dunyoning turli joylarida, ayniqsa, Yaqin Sharq mintaqasida qonli to‘qnashuv va nizolar davom etayotgani,  bunday notinch keskinlik o‘choqlari kamayish o‘rniga ko‘payib borayotganligi ta’kidlab, ana shunday tahlikali vaziyatni hisobga olgan holda, biz yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, turli xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatimizni har tomonlama kuchaytirishimiz shartligi – zamon talabi ekanligini aytib o‘tdilar.

Shu o‘rinda yana bir muhim masala – mamlakatimiz mudofaa tizimining tashkiliy tuzilmasi, uning harbiy-jangovar holati, askar va ofitserlarning ma’naviy va ruhiy tayyorgarlik darajasi bugungi tez o‘zgarayotgan davr talablaridan kelib chiqib isloh qilinishini  qayd etish lozim.

Mamlakatimizda qabul qilingan Harakatlar strategiyasiga muvofiq, o‘tgan qisqa davrda milliy armiyamizni isloh qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar qabul qilinib, Qurolli Kuchlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirish jarayoni boshlandi.

Harbiy sohadagi islohotlarning samarasini oshirishda yangidan qabul qilinayotgan Mudofaa doktrinasi muhim rol o‘ynaydi. Ushbu doktrina O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqlik tamoyilini, yaqin qo‘shnilar bilan do‘stona va amaliy munosabatlarni rivojlantirishni ifoda etadi. Unda davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida aniq belgilab qo‘yilgan.

Mamlakatimiz geostrategik joylashuvining o‘ziga xosligi, shuningdek, mintaqada vujudga kelayotgan harbiy-siyosiy holatni hisobga olgan holda, Qurolli Kuchlar birlashmalarining vazifa va tuzilmalari qayta ko‘rib chiqildi. Milliy gvardiya barpo etildi, armiyani yangi qurol-aslaha va zamonaviy harbiy texnika bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tuzildi. Harbiy kadrlar tayyorlash sohasida olib borilayotgan tizimli o‘zgarishlar asosida Qurolli Kuchlar akademiyasining faoliyati tubdan qayta tashkil etildi.

Harbiy xizmatchilar, ularning oilalari va faxriylarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2017 yilda harbiy xizmatchilar uchun 56 ta ko‘pqavatli uy barpo etildi va bu ishlar kelgusi yilda yanada katta hajmda davom ettirilishi ta’kidlandi.

Qurolli Kuchlarni zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan ta’minlash uchun Mudofaa-sanoat kompleksini shakllantirish va rivojlantirish davlat dasturini qabul qilish vazifasi belgilandi. Ushbu dastur davlatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, armiyamizning jangovar qudrati va salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Milliy armiyamizni barpo etish jarayonlari O‘zbekistonning o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritish tarixi bilan uzviy bog‘liqdir. Shu ma’noda, 14 yanvar sanasini faqat harbiy xizmatchilar emas, umumxalq bayrami sifatida qabul qilishimiz, uni eng ulug‘, eng aziz ayyomlardan biri sifatida yuksak darajada nishonlayotganimiz bejiz emas.

Vatan tuyg‘usi, Vatan himoyasi tushunchasi shunday aziz va ulug‘ ne’matki, hayot yo‘llarida, og‘ir va mashaqqatli sinovlarda bizga hamisha kuch-quvvat baxsh etib, mardlik va jasoratga da’vat etadi. Ona vatanimiz O‘zbekistonimizni ko‘z qorachig‘idek asrash, uning sha’nu sharafini himoya qilish har birimizning muqaddas burchimizdir.

To‘lqin KARIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    4889
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+