Qoraqalpog‘istonda O‘zLiDeP deputatlik a’zolari 311 mansabdor shaxsning hisobotini tingladi

09.01.2018, 16:24

Qoraqalpog‘istonda O‘zLiDeP deputatlik a’zolari 311 mansabdor shaxsning hisobotini tingladi

O‘tgan yil 12-iyulda Prezidentimizning Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan bo‘lgan videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzasida belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib joylarda davlat hokimiyati organlari, jumladan, iqtisodiyot, bank-moliya sohasi idoralari, kommunal xizmat, ichki ishlar, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sud-huquq tizimining mahalliy Kengashlarda hisobot va axborot berish tartibi yanada takomillashtirildi. 

Bugun qaysi soha yoki tarmoqda bo‘lmasin, dolzarb muammolar aholi bilan ochiq muhokama qilinib, ularga ijobiy yechim topilmoqda. Bunday o‘ta muhim jarayonlarda siyosiy partiyalarning ishonchli vakillari bo‘lgan deputatlik guruhi vakillarining o‘rni va mas’uliyati tobora ortib bormoqda.

O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi ham o‘tgan yil xalq bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘ydi. Jumladan, deputatlik guruhi a’zolarining 528 ta so‘rovi ustidan nazorat amalga oshirilgan bo‘lib, shundan 361 tasi qonunlar va qarorlar ijrosi, 167 tasi esa fuqarolar murojaatlari yuzasidan  alohida nazoratga olingan. Shuningdek, deputatlik guruhlari tashabbusi bilan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari majlislarida 311 mansabdor shaxsning hisoboti tinglandi.

Aholi manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolarini o‘rganish va yechim topish maqsadida 64 ta taklif Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari doimiy komissiyalari yig‘ilishlariga kiritildi va 62 ta qaror qabul qilindi. Shuningdek, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyasi muhokamasiga 42 ta taklif kiritilib, 41 masala yuzasidan sessiya qarori qabul qilindi.

Bu kabi amaliy ishlar partiyamizning oldida qo‘ygan dasturiy maqsadlarida o‘z ifodasi topgan. Zero, O‘zLiDeP jamiyat hayotining barcha sohalarini yanada erkinlashtirish va isloh qilish jarayonlarida faol ishtirok etishni o‘zining ustuvor vazifasi, deb biladi.  

O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Kengashi Matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1216
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+