Bir uchrashuvda 6 muammo hal etildi

09.01.2018, 17:13

Bir uchrashuvda 6 muammo hal etildi

Viloyatimizning har bir tumanida, chekka-chekka hududlarida xalqning ishonchli vakili bo‘lgan deputatlar partiyaning  dasturi, maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda xalq bilan muloqot qilish, inson manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, shu bilan birga aholini o‘ylantirayotgan muammolarga o‘z vaqtida yechim topish maqsadida doimiy uchrashuvlar o‘tkazib kelmoqdalar.

Ana shunday uchrashuvlardan biri Xazorasp tumanining Bog‘lar va Uzukka qosh mahallalarida O‘zLiDeP viloyat va tuman Kengashi deputati G.Matmuratova tashabbusi bilan o‘tkazildi. Unda O‘zLiDeP viloyat hamda Xazorasp tuman Kengashi xodimlari, "Hazorasptumangaz" filiali rahbari X.Ro‘zmetov, tuman Elektr tarmoqlari korxonasi direktor o‘rinbosari O.Boltayev, Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i O.Ro‘zmetov, tuman yo‘l xo‘jaligi pudrat ta’mirlash-foydalanish korxonasi xodimi Sh.Turdiyev, mahalla fuqarolar yig‘ini faollari hamda hududda yashovchi fuqarolar ishtirok etdi.

Uchrashuvda 20 dan ortiq muammo va masalalar ko‘tarildi. Jumladan, Qodirov Nazarboy aka mahallasining katta yo‘l bo‘yida joylashganiga qaramay piyodalar o‘tish yo‘lagi belgilanmagani sabab farzandlarining maktabga qatnashlarida xavf tug‘dirayotganini aytdi. Ushbu muammoni bartaraf etishni tuman yo‘l xo‘jaligi pudrat ta’mirlash-foydalanish korxonasi xodimi Sh.Turdiyev o‘z zimmasiga oldi.

– Men tomorqamda dehqonchilik bilan shug‘ullanaman, – dedi Bog‘lar mahallasida yashovchi fuqaro Q.Xo‘janiyozov. – Oqava suvning yo‘qligi sabab yerdan yaxshi hosil ololmayapman. Mahallamizga oqava suvni keltirishni so‘rab tegishli joylarga murojaat etdik, ammo foydasi bo‘lmadi. Bugungi uchrashuvda G.Matmuratova tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuborish orqali muammomizni hal qilishda amaliy yordam berishini birdirdi.  

Uchrashuvda Bagandik Aminov, Dildora va Sadoqat Iskandarova, Sapargul Jumaniyozova, Ro‘za Xudayorova hamda Dilnura Tohirovalar  ish so‘rab murojaat etdilar. Sadoqat va Dildora Iskandarovalar shu yerning o‘zida mahalladagi tikuvchilik sexiga ishga qabul qilindi. 

Uchrashuvda elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar, ko‘mir yetishmasligi masalalari borasidagi muammolar ham muhokama etildi. 6 ta muammoga shu yerning o‘zida yechim topildi. Qolgan murojaatlar deputatlik nazoratiga olindi.

 Nilufar Djabbarova

O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi

matbuot xizmati kotibi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1299
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+