Birgalikda tabiiy ofatdan jabr ko‘rganlarga hammadan ham ko‘proq dalda bo‘laylik!

02.05.2020, 12:09

Birgalikda tabiiy ofatdan jabr ko‘rganlarga hammadan ham ko‘proq dalda bo‘laylik!

Shu kunlarda taqdirning kutilmagan sinovlari mard va tanti xalqimiz irodasini qayta-qayta sinovdan o‘tkazayapti.

Davlatimiz rahbarining uchta Murojaatnomasi, qator Farmon va qarorlari bilan o‘z vaqtida ko‘rilayotgan juda keng ko‘lamli, tibbiy, tashkiliy va karantin choralari xalqimizni koronavirus balosidan saqlash va global pandemiya keltirib chiqargan inqiroz ta’sirini mumkin qadar yumshatishga imkon bermoqda.

Shu bilan bir paytda tabiatning hech kim kutmagan sinovi  - Buxoro viloyatining Qorako‘l va Olot tumanlaridagi tabiiy ofat, kuchli yoqqan yomg‘ir natijasida Sirdaryodagi Sardoba suv ombori to‘g‘onidan suv sizib chiqishi odamlarni besaranjom qildi.

Shukrki, har ikki hududga xam shaxsan Prezidentimiz, Hukumatimiz rahbarlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, odamlarga ishonch bag‘ishlagani, dalda bergani ortiqcha tushkunlik, vahimaga o‘rin qoldirmadi. Aksincha odamlar davlat himoyasida ekanligini to‘la his etdi. Ayni paytda Hukumat komissiyasi tashkil etilib, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish, aholini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish va ularga har tomonlama yordam berish bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Vaziyatni davlatimiz rahbari shaxsiy nazoratga olgan.

Suv toshqini hududidan vaqtincha uy joyini tashlab chiqqan insonlarga uylaridan vaqtinchalik boshpana berib, o‘z yaqinlaridek kutib olgan mehmondo‘st Sirdaryo va Jizzax viloyatining, bag‘rikeng va tanti insonlariga ham tasannolar aytamiz.

Darhaqiqat, tabiat injiqligi tufayli yuzaga kelgan ko‘ngilsizlik tufayli jabr ko‘rganlarga muhtaram Prezidentimiz yonida turib, ko‘mak berish yuksak insoniylik va saxovatpeshalik namunasidir.

Muborak oyda savobli ishga qo‘l urish, qiyin sharoitda qolgan yaqinlarini, hamyurtlarini qo‘llab-quvvatlash, dardiga sherik bo‘lish esa xalqimizning qon-qoniga singib ketgan ezgu fazilat hisoblanadi.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Buxoro va Sirdaryoda sodir bo‘lgan voqeani eshitgan zahotiyoq, Partiya va Kengashning markaziy apparatidan tortib, hududiy tashkilotlarida mehnat qilayotgan xodimlari ko‘ngilli ravishda bir yoqadan bosh chiqarib, ikki kunlik ish haqlarini va homiylik saxovat yordam mablag‘larini tezkorlik bilan tabiiy ofatdan ziyon ko‘rganlarga ajratib, xayrli ishga baholi qudrat birinchilardan bo‘lib hissa qo‘shishga oshiqishdi.

Safimizda saxovatpesha insonlar talaygina: deputatlar, tadbirkorlar, fermerlar, ishbilarmon kishilar Buxoro va Sirdaryolik hamyurtlarimizga Davlatimiz, Hukumatimiz yonida turib, hammadan ham ko‘proq dalda bo‘lishlariga ishonchimiz komil. Imkon qadar ulardan yordamlarini ayamasliklariga ishonamiz.

 Zero, karantin paytidagi murakkab vaziyatda ko‘pchilik tadbirkorlarimiz minglab oilalarni otaliqqa olganligi yoki bo‘lmasa “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatiga beg‘araz mablag‘lar yo‘naltirganini ko‘rib, bu haqda shunday  ishonch bilan gapira olamiz.

Fursatdan foydalanib, barcha tadbirkor, ishbilarmon kishilar va fermerlarni, safimizdagi saxovatpesha insonlarni tabiat ofatlaridan jabr ko‘rgan insonlarga beminnat yordam berishga, xayrli ishda yanada faolroq bo‘lishga chaqiramiz. Azizlar, muborak kunlarda yaxshilik qilishga shoshilaylik. Zero, yaxshilikning mukofoti – yaxshilikdir.

Aktam Xaitov,

O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya

qӯmitasi raisi, partiyaning

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasidagi fraksiyasi rahbari

 

  • Ko'rildi
    640
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+