Hududlarning rivojlanish reytingi ishlab chiqiladi

08.05.2020, 11:46

Hududlarning rivojlanish reytingi ishlab chiqiladi

Mamlakatimizda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish, xalq bilan muloqot tizimini yo‘lga qo‘yish, aholi turmush darajasi va bandligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, mahalliy davlat hokimiyati organlarining fuqarolar murojaatlari bilan ishlash samaradorligi va ma’lumotlarning ochiqligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotir.

Prezidentimizning shu yil 1 maydagi “Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori bu borada katta qadam bo‘ldi. Zero, mazkur hujjat hududlarni barqaror va jadal rivojlantirish uchun ularning kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini, tabiiy xom ashyo resurslaridan foydalanish samaradorligini, iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini, shuningdek, hududlarning boshqa qiyosiy ustunliklarini baholashning yagona tizimini joriy etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qarorga muvofiq, statistik ko‘rsatkichlar va so‘rovnomalar natijalari asosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini reyting baholash tizimi joriy etiladi. Bunda iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ishsizlikni kamaytirish, aholi turmush sifatini yaxshilash, tadbirkorlikni doimiy qo‘llab-quvvatlash va jadal rivojlantirish kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratiladi.

Shu bilan birga reyting baholashni amalga oshirish maqsadida 2020 yil 1 iyunga qadar maxsus axborot tizim ishlab chiqiladi va dastlab 2019 yil uchun ushbu tizim orqali sinov rejimida baholash amalga oshiriladi. Natijalar asosida reyting ko‘rsatkichlarini aniqlash Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar kesimida amalga oshiriladi.

O‘tgan yil uchun reyting baholash natijalari har yili 1 fevral (tezkor baholash) va 15 iyunga (yakuniy natijalar) qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi va davlat hokimiyati vakillik organlariga kiritiladi. Reyting baholash natijalari har yili Vazirlar Mahkamasi va davlat hokimiyati vakillik organlari yig‘ilishlarida tanqidiy muhokamaga qilinishi shart.

Qarorda yana bir yangilik bor.  O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi reyting baholash natijalarini umumlashtiradi, shuningdek, reyting baholashni amalga oshirishda ishtirok etuvchi tegishli organlar, tashkilotlar va muassasalar faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi.

Qarorga ko‘ra, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, vazirlik huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Davlat statistika qo‘mitasi hamda Savdo-sanoat palatalari tomonidan ikki oy muddatda ilg‘or xorijiy tajribalarni hisobga olgan holda hududlarni reyting baholash uchun aholi va tadbirkorlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish metodologiyasi ishlab chiqiladi hamda tasdiqlangan metodologiya asosida har yili tuman hamda shaharlarda aholi va tadbirkorlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkaziladi.

Mazkur qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi – axborot tizimining buyurtmachisi O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va qonun, hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar – axborot tizimini yaratish hamda uni kelgusida qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, so‘rovnomalarni tashkil etish va o‘tkazishning moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.

Qarorning yana bir muhim jihati shundan iboratki, davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari hisobot yilidan keyingi 15 yanvar (tezkor) va 1 iyundan (yakuniy) kechiktirmay hisobot yili yakuni bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni axborot tizimiga haqqoniy va o‘z vaqtida kiritishni ta’minlaydi.

Reyting jarayoniga jalb etilgan davlat organlari, tashkilot va muassasalar rahbarlari so‘rovnomalarni shaffof va xolisona o‘tkazish hamda tegishli ma’lumotlarni axborot tizimiga kiritish uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.

Umuman olganda, mazkur hujjat bilan davlat boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan axborot tizimiga ishonchsiz yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni kiritish, shuningdek, ularni o‘z vaqtida kiritmaslik holatlari aniqlangan taqdirda, tegishli rahbarlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikerining o‘rinbosari,

OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

 

  • Ko'rildi
    217
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+