O‘zLiDeP fraksiyasi Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi asosida 50 dan ziyod aniq vazifalarni belgilab oldi

11.01.2018, 12:24

O‘zLiDeP fraksiyasi Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi asosida 50 dan ziyod aniq vazifalarni belgilab oldi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda deputatlar Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha partiya va uning fraksiyasi tomonidan ishlab chiqilgan kompleks chora-tadbirlar rejasini atroflicha muhokama qildilar.

Ta’kidlanganidek, tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan Murojaatnoma bitta maqsad yo‘lida barcha kuchlarni birlashtirish, xalqimiz turmush farovonligini yanada yaxshilashga safarbar qilish xarakteriga egaligi bilan nafaqat parlament vakillarini balki, butun xalqimizni, xalqaro ekspertlarni ham befarq qoldirmadi. Murojaatnomada davlat va jamiyatimizning barcha sohalari xolisona, chuqur tahlil qilinib, hal etilishi zarur bo‘lgan masalalar batafsil yoritildi va kelgusidagi aniq vazifalar belgilandi.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida partiya va uning parlament quyi palatasidagi fraksiyasi tomondan kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unda 50 dan ziyod dolzarb va muhim masalalarni hal etish bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini og‘ishmay amalga oshirish, qonunchilik va normativ hujjatlar ijodkorligini takomillashtirishga doir konsepsiyani qabul qilish, xalqaro norma va standartlarga javob beradigan yagona Saylov kodeksini ishlab chiqish, «Huquqni muhofaza qiluvchi organlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi yuzasidan takliflar ishlab chiqish, «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» Davlat dasturini ishlab chiqishda aniq takliflar bilan qatnashish hamda uning samarali ijro etilishini ta’minlashda faol ishtirok etish, bu borada qonunchilik tashabbuslari bilan chiqish hamda qabul qilinayotgan qonunlarni takomillashtirishda aniq takliflar bilan faol qatnashish fraksiya oldida turgan muhim vazifalardan biri ekanligi alohida ta’kidlandi. Qolaversa, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini nazorat qilishga doir qonunchilikni inventarizatsiyadan o‘tkazish va natijasi bo‘yicha tekshirishlarni qisqartirishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqish, hududlarda tadbirkorlik va investitsion muhitni o‘rganish yuzasidan tizimli nazorat-tahlil faoliyatini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari belgilandi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari tomonidan 2018 yilga «Faol tadbir-korlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» deb nom berildi. Tabiiyki, bu borada belgilangan ustuvor vazifalar va uning ijrosini ta’minlashda partiya va uning barcha darajadagi deputatlik guruhlaridan alohida faollik talab etiladi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan endilikda barcha tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish ikki yilga to‘xtatilishi mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini yanada mustahkamlashda muhim o‘rin tutishi ta’kidlab o‘tildi.

Davlatimiz rahbarining mazkur murojaatida ilgari surilgan g‘oyalar va tashabbuslar albatta partiyamiz va uning deputatlar korpusi oldiga juda katta vazifalar yuklaydi. Bunda eng asosiy e’tiborni tadbirkorlar huquqlarini har tomonlama himoya qilishga, ular oldidagi mavjud barcha to‘siqlarni bartaraf etishga, qulay investitsiya muhitini yaratishga, biznes sohasidagi soliqlarni sezilarli ravishda qisqartirilishiga, kredit olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratishimiz zarur. Bu vazifalar ichida yangilikka intiluvchi faol tadbirkorlarning yangi avlodini shakllantirish muhim o‘rin tutadi.

Deputatlar tomonidan bu borada aniq qonunchilik tashabbuslari bilan chiqish ustuvor vazifalardan biri ekanligi qizg‘in muhokama qilindi. Xususan, bu yo‘nalishda partiyaning barcha bo‘g‘inlari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining Innovatsion rivojlanish konsepsiyasini ishlab chiqish, shuningdek, «Innovatsion faoliyat to‘g‘risida»gi, «Venchur tadbirkorligi to‘g‘risida»gi hamda «Texnologik parklar (texnoparklar) to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihalarini ishlab chiqish lozimligi alohida ta’kidlandi.

Majlisda shuningdek, parlament, deputatlar va Senat a’zolari faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan ta’minlash samaradorligini oshirish, Quyi palataning qonun ijodkorligi ishlari sifatini tubdan yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tashkil etilgani mamlakatimiz parlamenti faolligini, roli va ta’sirini oshishiga, xalqchil, hayotiy qonunlar qabul qilishga, pirovardida mamlakatimizning jadal taraqqiy etishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, qonun ijodkorligi sohasidagi faoliyatni tubdan kuchaytirish, har bir qonunning asl muallifi aynan xalqning o‘zi bo‘lishiga erishish, qonunlarni ishlab chiqishda eng quyidan, ya’ni aholidan fikr, takliflar olish, bu borada zamonaviy axborot texnologiyalaridan unumli foydalanish, partiyaning mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlarini ham ushbu jarayonga faol jalb etish zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar kun tartibidagi masala yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari, taklif-tavsiyalarini bildirishdi. Tadbir yakunida Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha O‘zLiDeP hamda uning parlament quyi palatasidagi fraksiyasining komleks chora-tadbirlar rejasini joylardagi partiya tashkilotlarida, xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarida hamda elektorat vakillari bilan keng muhokama qilish va takliflar olish hamda shu asosda uni takomillashtirishga kelishib olindi.

Yig‘ilish davomida fraksiya vakolatiga kiruvchi bir qator boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Kun tartibidan o‘rin olgan barcha masalalar yuzasidan O‘zLiDeP fraksiyasining aniq pozitsiyasi belgilab olindi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1311
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+