Endi yo‘lkirani naqdsiz ham to‘lash mumkin

Endi yo‘lkirani naqdsiz ham to‘lash mumkin

“MyAirGroup IT Service” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan onlayn nazorat-kassa mashinalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Dastlabki uskunalar ayni paytda savdo do‘konlari, mehmonxonalar, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari va dorixonalarda sinovdan o‘tkazilmoqda.

Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan anjumanda shular xususida ma’lumotlar berildi.

Prezidentimizning 2017 yil 29 sentyabrdagi “Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amaliyotga joriy qilinayotgan mazkur mashinalar bir qator afzalliklarga ega. Ya’ni ular bir vaqtning o‘zida hisobga olish ombori, hisobchi, savdo tahlilchisi, kassachi ishi nazoratini olib boradi. 

TM “UZOFD” fiskal ma’lumotlar operatori onlayn nazorat-kassa mashinasidan kelayotgan ma’lumotlarni qabul qiladi, ularni yig‘adi, saqlaydi, qayta ishlaydi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga elektron shaklda uzatadi.

Hozirgi kunda onlayn nazorat-kassa mashinalaridan 50 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari o‘z faoliyatida qo‘llayotgan bo‘lsa, joriy yilning 1 martigacha 1000 ta ana shunday uskunani sinovdan o‘tkazish, yil oxiriga qadar to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, “MyAirGroup IT Service” MChJ yiliga 360 mingta NKM ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Korxonaning malakali IT-mutaxassislari tomonidan jamoat transportida yo‘lkira haqini avtomatlashtirilgan tizim orqali to‘lashga mo‘ljallangan validatorlar ham ishlab chiqarildi. Shuningdek, infokiosklarda transport kartalarini to‘ldirish hamda yo‘lovchilarni tekshirish uchun mo‘ljallangan chiptachi xodim/nazoratchi uchun mobil terminallar ham tatbiq etilmoqda. Endi maxsus uskuna orqali yo‘lkira haqini NFC (kontaktsiz tranzaksiya) transport kartalari yordamida to‘lash mumkin.

Bugungi kunda Andijon, Guliston, Farg‘ona shaharlaridagi yuzlab avtobuslarga ana shunday qurilmalar o‘rnatilgan. Kelgusida respublikamizning barcha hududida onlayn NKM, shuningdek, validator va NFC (kontaktsiz tranzaksiya) elektron chipli kartalarni joriy etish ko‘zda tutilgan.

Manba

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    19
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish