Milliiy armiyamiz – yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir

12.01.2018, 20:40

Milliiy armiyamiz – yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir

Joriy yilning  12-yanvar kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi partiya Toshkent shahar Kengashi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tasarrufidagi 71186 harbiy qism madaniyat saroyida 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Milliiy armiyamiz – yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir” mavzusida tadbir tashkil etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatlari, xizmat qilayotgan harbiylari, mahalla faollari, partiya faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirda ta’kidlanganidek, yurtimizda an’anaga aylangan  va har yili nishonlanadigan umumxalq bayramlarimizdan biri – Vatan himoyachilari kunidir. Agar mushohada yuritilsa, bunda ham o‘ziga xos ma’no-mazmun, hikmat mujassam ekaniga amin bo‘lamiz. Chunki, istiqlol yillarida davlat va jamiyat qurilishining turli jabhalarida erishgan yutuqlarimizning asosi – diyorimizda o‘rnatilgan tinchlik, millatlararo totuvlik, mamlakat xavfsizligini saqlash borasidagi chora-tadbirlar, amalga oshirilgan va izchil davom ettirilayotgan tub islohotlar bilan uzviy bog‘liqdir. 

Istiqlol yillarida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari sohasini rivojlantirishga qaratilgan qonunchilikni mustahkamlashga alohida e’tibor berildi. “Mudofaa to‘g‘risida”, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa doktrinasi qabul qilindi. Mazkur muhim hujjatlarning qabul qilinishi milliy armiyamizning salohiyati, jangovarlik darajasini oshirishga xizmat qilmoqda. Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi o‘z Qurolli Kuchlarini tuzishda BMTning huquqiy me’yorlari, qator xalqaro hujjatlarning talablariga to‘liq amal qilindi.

Milliy armiyamiz rivojlanishining keyingi bosqichlarida mamlakatimizning mudofaa salohiyatini kuchaytirishga, kam sonli, biroq yaxshi qurollangan, xalqimiz va Oliy Bosh qo‘mondon tomonidan qo‘yilgan har qanday vazifalarni bajarishga qodir bo‘lgan armiyani shakllantirishga asosiy e’tibor qaratildi. Harbiy qism va bo‘linmalarni zamonaviy qurol va harbiy texnika bilan ta’minlash, tezkor harakatlanadigan professional armiyani shakllantirish, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, muqobil harbiy xizmat sohasidagi islohotlar shular jumlasidandir.

Tadbirda yosh, mahoratli kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotganiga alohida urg‘u berildi. Ayni shu vazifa O‘zLiDePning ham ustuvor vazifasi sanaladi. Shu bois partiyamiz harbiy xizmatga chaqiruv, harbiy ta’lim, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini yanada takomillashtirish jarayonida faol ishtirok etishga harakat qiladi.     

Tadbir so‘ngida harbiy xizmatchilarga O‘zLiDePning esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalari berildi.

O‘zLiDeP Toshkent shahar

Kengashi matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2353
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+