Nazariyadan amaliyotga: kichik sanoat zonasida olib borilgan o‘rganishlar

12.01.2018, 22:21

Nazariyadan amaliyotga: kichik sanoat zonasida olib borilgan o‘rganishlar

Prezidentimizning “Parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lish kerak” nomli ma’ruzasida aynan siyosiy partiyalar kadrlarining malakasini oshirish borasida bildirgan fikr-mulohazalaridan kelib chiqib, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Hududiy partiya tashkilotlari Tashkiliy-partiyaviy ishlar bo‘limi mudirlari, Boshlang‘ich partiya tashkilotlari bilan ishlash guruhi rahbarlari hamda Partiyaning deputatlik guruhlari bilan ishlash bo‘limi mudirlari va Xalq deputatlari viloyat Kengashlaridagi deputatlik guruhi ijrochi kotiblarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi.

Unda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini qabul qilish va ijro etishda partiyaning ishtiroki, joylarda tashkil etilgan kichik sanoat zonalaridagi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini o‘rganish va tahlil etish usullari kabi partiya oldida turgan dolzarb vazifalar xususida amaliy mashg‘ulotlar olib borilmoqda.

Bugungi o‘quv mashg‘ulotlari ayni shu masalalarga qaratildi. Unda seminar ishtirokchilari tarkibidan tuzilgan ishchi guruh vakillari Prezidentimizning 2017 yil 10 avgustdagi “Toshkent viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarorida belgilab berilgan vazifalarning ijro etilishi yuzasidan Toshkent viloyatidagi kimchik sanoat zonalarida bo‘lib, nazorat tahlil faoliyatida ishtirok etishdi.

Dilshodbek Djalalov, O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi partiyaning deputatlik guruhlari bilan ishlash bo‘limi mudiri:

 —Biz seminarda berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, Yuqori Chirchiq tumanida tashkil etilgan kichik sanoat zonasi faoliyati bilan tanishdik. Dastlab, tuman hokimligiga tashrif buyurib, kichik sanoat zonalarini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va tayyorlangan hujjatlarni ko‘zdan kechirdik. Ma’lum bo‘ldiki, Yuqori Chirchiq tumanidagi Kichik sanoat zonasida tadbirkorlar o‘z ishini boshlash uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Kommunal infra tuzilma masalalari yuzasidan hech qanday muammo yo‘q. Hozirgi kunda 4 ta loyiha egalari Kichik sanoat zonasi bilan uzoq muddatli Ijara shartnomasini tuzib, qurilish ishlari olib bormoqda. Shuningdek, KSZdagi 3 ta loyihaga “Ipoteka bank” Chirchiq shahar bo‘limi tomonidan kredit mablag‘i ajratilishi belgilangan.

Bundan tashqari, o‘rganishlar davomida kichik sanoat zonasi direksiyasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdik. Direksiya ixtiyoriga alohida bino ajratilgan bo‘lib, bugungi kunda tadbirkorlarni qabul qilish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Risolatxon Niyazova, Andijon viloyat Kengashidagi Xalq deputatlari O‘zLiDeP deputatlik guruhining ijrochi kotibi:

—Mazkur kichik sanoat zonasida bugungi kunda ishlar juda qizg‘in. Direksiya xodimlari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, hududdagi barcha loyihalar 2018 yilning 1 iyulidan boshlab to‘liq ishga tushirilishi ko‘zda tutilmoqda. Shundan kelib chiqib, KSZni Harakatlar rejasida belgilangan ishlar o‘z muddatida bajarilayotganligi sababli tegishli tashkilotlarga partiya deputatlik guruhi tomonidan deputatlik so‘rovini chiqarish ehtiyoji yo‘qligi aniqlandi. Mazkur o‘quv kursi doirasida olib borgan o‘rganishlarimiz davomida to‘plagan ma’lumotlarimizni soha vakillari bilan tahlil etib, o‘rganlarimizni Andijon viloyatidagi kichik sanoat zonalari faoliyati yuzasidan olib boriladigan nazorat tahlil ishida qo‘llashni rejalashtirdik.

Toshkent viloyatidagi kichik sanoat zonalari faoliyatini o‘rganish ishlari yuzasidan o‘quv kursining boshqa vakillari tomonidan olib borilgan nazorat tahlil faoliyati, aniqlangan muammolar va zudlik bilan hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarni navbatdagi xabarlarimizda e’lon qilib boramiz. Bizni kuzatishda davom eting.

O‘zLiDeP Matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    60
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish