O‘zLiDeP faollari Bo‘ka kichik sanoat zonasi faoliyatini o‘rgandi

13.01.2018, 15:43

O‘zLiDeP faollari Bo‘ka kichik sanoat zonasi faoliyatini o‘rgandi

Avval xabar qilganimizdek, shu kunlarda O‘zLiDePning Hududiy partiya tashkilotlari Tashkiliy-partiyaviy ishlar bo‘limi mudirlari, Boshlang‘ich partiya tashkilotlari bilan ishlash guruhi rahbarlari hamda Partiyaning deputatlik guruhlari bilan ishlash bo‘limi mudirlari va Xalq deputatlari viloyat Kengashlaridagi deputatlik guruhi ijrochi kotiblarining malakasini oshirishga qaratilgan o‘quvlar bo‘lib o‘tmoqda.

Amaliyot bilan uyg‘un tarzda o‘tkazilayotgan o‘quvlar partiya xodimlarining nafaqat siyosiy bilimlarini balki, joylarda mahalliy Kengash deputatlari bilan ishlash tizimini tubdan yangilash, nazorat tahlil foliyatini olib borish, aholi murojaatlari bilan ishlash borasidagi bilim va malakalarini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Kuni kecha respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan 40 dan ortiq o‘quv kursi tinglovchilari Toshkent viloyatining 17 ta tumanidan tashkil etilgan kichik sanoat zonalari faoliyatini o‘rganish yuzasidan Toshkent viloyati, tuman Kengashi deputatlari tomonidan olib borilgan nazorat tahlil faoliyatida ishtirok etdilar. 

Xususan, Xalq deputatlari Bo‘ka tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Sh.Xayitov boshchiligida, partiya Samarqand viloyat Kengashi Deputatlik guruhlari bilan ishlash bo‘lim mudiri N.To‘rayev va viloyat Kengashi Deputatlik guruhi ijrochi kotibi E.Pardayevlar “Bo‘ka kichik sanoat zonasi direksiyasi” DUK faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘z yechimini kutayotgan qator masalalar mavjud ekanligini aniqlashdi.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorning 6-bandi 1-ilovasiga asosan Bo‘ka tuman MTP hududidagi 2.3 gektar yer maydonida 9 ta loyihaga mo‘ljallangan kichik sanoat zonasi tashkil etish belgilangan bo‘lib, ushbu yer madoni, binolari bilan 2017 yilning 1 dekabriga qadar Bo‘ka tumani hokimligi tasarrufiga topshirilishi belgilangan edi. Ammo bugungi kunga qadar 5 ta loyiha uchun 1.2 gektar yer maydoni ajratilgan xolos. “O‘zagroservis” AJ tomonidan qaror ijrosi to‘liq ta’minlanmayotganligi bois qolgan 4 ta loyiha egalarining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, Prezidentimizning yuqoridagi qarorda kichik sanoat zonasi hududlarini elektr energiyasi, gaz bilan to‘liq ta’minlash uchun tuman moliya bo‘limlari tomonidan mablag‘ ajratish masalasi ham qayd etilgan edi. Biroq hozirga qadar bu masalalar yuzasidan umuman mablag‘ ajratilmagan.

Ishchi guruh vakillari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mahalliy Kengash deputatlik guruhi yig‘ilishida muhokama etish uchun qator takliflar kiritildi. Jumladan, mazkur hududga tashrif buyurayotgan nafaqat mahalliy tadbirkorlar balki, xorijlik investorlar uchun ham barcha shart-sharoitlarni yaratish, xususan, 110 kVt kuchga ega elektr energiyasi liniyasini olib kelish va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan tartibda mablag‘ ajratish hamda tuman hududidagi “Yo‘ldosh Hojmetov” fermerlar uyushmasiga qarashli sho‘rlangan, unumdorligi 43 foiz bo‘lgan, 10 gektar yer maydonini Direksiya uchun ajratish masalalari o‘rtaga tashlandi.

Mazkur aniqlangan kamchiliklar yuzasidan shu kunning o‘zida tuman arxitektura, moliya bo‘limiga, tuman soliq inspeksiyasiga, tuman gaz va elektr energiyasi filialiga hamda tuman prokuraturasi kabi o‘ndan ortiq tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborildi.

Xo‘sh, deputatlik so‘rovlari ijobiy hal etiladimi? Tashkilotlarning mazkur so‘rovlarga yo‘llagan javobi va masalalarning qay darajada hal etilgani borasida navbatdagi xabarlarimizda e’lon qilamiz. Bizni kuzatishda davom eting.

Erkin Pardayev,

 O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi

 Deputatlik guruhi ijrochi kotibi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2136
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+