Rahimjon Hakimov: 20 mingga yaqin qonun hujjatlaridan atigi 2,1 foizini qonunlar tashkil etadi

15.01.2018, 10:05

Rahimjon Hakimov: 20 mingga yaqin qonun hujjatlaridan atigi 2,1 foizini qonunlar tashkil etadi

“Qonunning birdan-bir manbai va muallifi tom ma’noda xalq bo‘lishi shart. Har bir qonun loyihasi yuzasidan fikr va takliflarni quyidan — fuqarolardan, joylardagi xalq deputatlari Kengashlaridan olish tartibini keng joriy etish zarur. Qonunlarni qabul qilish jarayonida ularni aholi o‘rtasida har tomonlama muhokama qilish tizimidan samarali foydalanishimiz kerak”.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 22 dekabrdagi parlamentga Murojaatnomasida qayd etilgan bu so‘zlar Qonunchilik palatasi faoliyatini tubdan takomillashtirish, samarasiz ishchi guruhlar tashkil etish, huquqni qo‘llash amaliyotiga ta’sir ko‘rsatmaydigan, ijro mexanizmlariga ega bo‘lmagan, “o‘lik” qonunlar paydo bo‘lishining oldini olishga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir. Ayni paytda mazkur Murojaatnomada qat’iy qo‘yilgan chora-tadbirlar ijrosiga jiddiy kirishildi. Parlamentning qonun ijodkorligi ishlari sifatini tubdan yaxshilash maqsadida Oliy Majlis huzurida yaqinda tashkil etilgan Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti o‘z faoliyatida ustuvor vazifalarni belgilab oldi. Bular nimalardan iborat? Xo‘sh, ushbu institut Oliy Majlisga kelayotgan turli takliflarni chuqur tahlil qiladigan, ta’bir joiz bo‘lsa, elakdan o‘tkazadigan ilmiy markazga aylana oladimi? Muxbirimiz bu haqda Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar nomzodi Rahimjon HAKIMOVning fikrlari bilan qiziqdi.  

— Darhaqiqat, Prezidentimiz Murojaatnomasida parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatidagi kamchilik va nuqsonlar asosli tanqid qilindi. Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan takliflarni hayotga tatbiq etish maqsadida tashkil qilingan Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti zimmasiga ayni chog‘da bir necha yo‘nalishdagi vazifalar yuklatildi. 

Ta’kidlash joizki, institut, eng avvalo, qonunchilik muammolarini, normativ-huquqiy hujjatlarni va huquqni qo‘llash amaliyotini, ya’ni qonunlarning hayotga qanday tatbiq etilayotganini o‘rganadi, Oliy Majlis palatalarining faoliyatini takomillashtirishga doir takliflarni tayyorlaydi.  

Shuningdek,  parlament palatalari, deputatlar va senatorlar faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan ta’minlaydi, ularning professionallik darajasini oshirishga ko‘maklashadi. Misol uchun, deputat yoki senator buyurtmasiga ko‘ra, biror-bir sohada kichik tadqiqot o‘tkazib, tegishli muammoning yechimiga qaratilgan ilmiy asoslangan ma’lumotnomalar tayyorlab beradi. Yoxud qonun loyihasini tayyorlash bo‘yicha bergan taklifini amalga oshirishda metodik, amaliy ko‘mak ko‘rsatadi.  

Shu bilan birga, huquq, siyosat, iqtisodiyot va boshqa sohalarda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazadi, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda, qonunchilikni rivojlantirishning ilmiy konsepsiyalarini ishlab chiqadi. Masalan, hozirgi vaqtda bizda aksariyat kodekslarning qabul qilinganiga 20 yildan oshdi, o‘tgan davr mobaynida hayotimizda ko‘plab o‘zgarishlar bo‘ldi, ayniqsa, Harakatlar strategiyasida bir qator dolzarb vazifalar belgilandi. Bulardan kelib chiqib, milliy qonunchiligimizning rivojlanish tendensiyalarini aniqlashga qaratilgan konsepsiyalar yoki boshqacha aytganda, “yo‘l xaritalari” ishlab chiqiladi. Bugungi kunda jami 20 mingga yaqin qonun hujjatlari mavjud bo‘lib, shundan atigi 2,1 foizini qonunlar tashkil etadi. Institut mazkur ko‘rsatkich salmog‘ini, qonunlarning ulushini oshirish, eng muhimi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilish borasida tashabbuslar bilan chiqadi. 

Institut o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosini  ta’minlash uchun davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ta’lim va ilmiy muassasalar, boshqa tashkilotlardan zarur bo‘lgan hujjatlar, materiallar va ma’lumotlarni so‘rash hamda olish huquqiga ega. Ilmiy, axborot-tahliliy materiallarni, qonunlar loyihalarini tayyorlash, tadbirlar o‘tkazish hamda institut vakolatiga kiruvchi boshqa vazifalarni amalga oshirish uchun olimlar, mutaxassislardan iborat ishchi guruhlar tuzadi.  Tegishli xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan belgilangan tartibda o‘zaro tajriba va axborot almashishni yo‘lga qo‘yadi. 

Mazkur vazifalarni talab darajasida bajarishda, tabiiyki, kadrlar bo‘yicha salohiyatimiz muhim o‘rin tutadi. Buning uchun institut tarkibida strategiya va menejment, konstitutsiyaviy huquq va davlat boshqaruvi tadqiqoti, sud-huquq tizimi, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tadqiqoti, iqtisodiyot, moliya va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari tadqiqoti, ijtimoiy siyosat, sog‘liqni saqlash masalalari tadqiqoti, qonunchilik nazariyasi va qiyosiy huquqshunoslik kabi bo‘limlar tashkil etilgan. 

Aytish joizki, institutning har bir bo‘limi xalq bilan, keng jamoatchilik bilan ishlaydi, ularning fikrlari asosida tadqiqot o‘tkazadi. Ayni chog‘da bo‘limlar ilmiy-amaliy takliflarni ishlab chiqishga qodir, bilim, malaka, saviya va tegishli xorijiy tillarni bilish jihatidan har tomonlama yetuk amaliyotchilar va olimlar bilan to‘ldirilmoqda. 

Shubhasiz, mazkur institut deputatlar va senatorlarning, umuman, parlament faolligi, roli va ta’sirining oshishiga, qonunchilikni xalqimizga yaqinlashtirishga, qonunlarning mukammal, hayotiy bo‘lishiga, pirovardida mamlakatimizning yanada taraqqiy topishiga xizmat qiladi. 

Manba

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1511
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+