Har qanday vaziyatda ham raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish — dolzarb masala

27.07.2020, 14:03

Har qanday vaziyatda ham raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish — dolzarb masala

Garchi pandemiya global inqiroz va muammolar keltirib chiqarayotgan bo‘lsa-da, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun yaxshigina imkoniyat yaratmoqda. Bugun uydan turib onlayn dars va mashg‘ulotlarda, muloqotlarda qatnashishimiz, istagan narsamizga buyurtma berishimiz mumkin. Albatta, buning uchun zarur shart-sharoit ham bo‘lishi ya’ni internet tarmog‘i yaxshi ishlashi kerak.

Hukumatning joriy yil olti oylik hisobotida bu borada qilingan ishlar e’tiborga molikdir. Xususan, mamlakat miqyosida:

- 6 500 km optik tolali aloqa liniyalari qurilib, ularning umumiy uzunligi 43,1 ming km ga yetkazilgan;

- operatorlar va provayderlar tomonidan 281 ming portga teng qurilmalar montaj qilingan;

- keng polosali portlarning umumiy soni 2,1 millionga yetgan;

- ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazini kengaytirish maqsadida 40 ta server qurilmasi va 5 ta ma’lumotlarni saqlash qurilmalari o‘rnatilib, ishga tushirildi;

- mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida 1 148 ta mobil aloqa baza stansiyalari o‘rnatilgan;

- pandemiya sharoitida tashkil qilingan bepul “1003” qisqa raqamiga 475 mingdan ziyod qo‘ng‘iroqlar qilingan;

- karantin tartibi joriy etilgan vaqtdan boshlab barcha operatorlar umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalari o‘quvchilariga uydan fanlarni o‘zlashtirish uchun ta’lim manbalarining veb-saytlarga, asosiy yangiliklar va rasmiy ma’lumotlar veb-saytlariga kirishi ta’minlab berilgan;

Shuningdek, “UzMobile” va “Ucell” mobil aloqa operatorlari tomonidan Toshkent shahri hududida 5G tarmog‘i test rejimida ishga tushirilgan.

Davlat xizmatlarini elektron shaklda ko‘rsatish bo‘yicha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 200 turdagi xizmatlar onlayn shaklda ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan tadbirkorlar va xalqimizga qulayliklar kengayib borayotganidan dalolatdir.

Shu bilan birga, joriy yilda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli vazifalar belgilangan.

Axborot texnologiyalari sohasi keng qamrovli. Bugungi kunda olib borilayotgan tizimli ishlarga qaramasdan viloyatlarda, tumanlarda internet tezligi bugun poytaxtdagidek emas. Respublikamizning ba’zi hududlarida aloqaning sifati yaxshi emasligidan ko‘z yummasligimiz kerak. Bu mavjud infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha hali juda katta vazifalarni hal qilish kerakligini ko‘rsatmoqda.

Mazkur masalalar OʼzLiDeP saylovoldi dasturida ham e’tiborga olingan va aniq takliflar ilgari surilgan. Xususan, mamlakatdagi barcha aholi punktlari va ta’lim muassasalariga zamonaviy optik tolali internet aloqa tizimini olib kirish va internet xizmatlari narxini pasaytirish, tashqi internet kanallari orqali internet trafiklari sotib olish va mamlakatga tarqatish bo‘yicha monopollashuvga yo‘l qo‘ymaslik asosiy maqsadimizdir. Davlatimiz rahbarining «Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2020 yil 28 apreldagi qarori ham aynan shu vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgan.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi Spikeri o‘rinbosari,

OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    129
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+