Qo‘llab-quvvatlashning yangi paketlari ochilmoqda, unga javoban kamomad emas, daromad bo‘lishi kerak

30.07.2020, 12:04

Qo‘llab-quvvatlashning yangi paketlari ochilmoqda, unga javoban kamomad emas, daromad bo‘lishi kerak

Hozirgi pandemiya davrida karantin holatining e’lon qilinishi jahon iqtisodiyotida retsession fazani yuzaga keltirmoqda. Bu holat mamlakatimiz iqtisodiyotini ham chetlab o‘tgani yo‘q.

Lekin, ham iqtisodiyotimiz rivojini, ham aholi salomatligini o‘ylab olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosat pandemiyaning iqtisodiyotimizga salbiy ta’sirini yumshatishga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Joriy yilning 19 mart kuni pandemiyaning iqtisodiyotimizga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmon bilan tadbirkorlarimizga va fuqarolarimizga juda katta imkoniyatlar yaratib berilgan bo‘lsa, 3 aprel kuni ham pandemiya keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari yana muhokama markazida bo‘ldi va inqirozga qarshi choralarning ikkinchi paketi qabul qilingan edi. Joriy yilning 18 may kuni esa hozirgi pandemik davrda iqtisodiy o‘sish va investitsiyaviy faollikni rag‘batlantirish, ishlab chiqarish sur’atlarini tiklash, aholi bandligini oshirish, daromadlarini ko‘paytirish va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashning navbatdagi paketi ochilganidan ham xabaringiz bor.

Biroq, karantin muddatining cho‘zilishi o‘z navbatida bunday chora-tadbirlarni davom ettirishni yana kun tartibiga olib chiqmoqda.

Xususan, Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 20 iyul kuni imzolangan «Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik sub’ektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonda tadbirkorlik sub’ektlari uchun yana bir qator imtiyozlar belgilandi.

Jumladan, 2020 yil 1 iyuldan 2020 yil 31 dekabrga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari va binolarni ijaraga berishga ixtisoslashgan korxonalar aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashdan ozod etiladigan bo‘ldi. Shuningdek, ko‘chmas mulkni ijaraga berish bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i ham vaqtincha to‘xtatildi.

Umumiy ovqatlanish korxonalari uchun kichik tadbirkorlik sub’ektlariga tatbiq etilgan imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llagan holda, ularni kichik korxonalar toifasiga kiritish maqsadida 2020 yil 1 iyuldan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari uchun belgilangan xodimlarning yillik o‘rtacha soni 25 nafardan 50 nafarga oshirildi.

Yana bir yengillik bu — mazkur korxonalarning 2021 yil 1 iyulga qadar karantin cheklovlarining bekor qilinishiga qarab, tuman (shahar) hokimliklarini xabardor qilgan holda iste’molchilarga ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatish uchun o‘zlariga tutash bo‘sh yer uchastkalarida yengil konstruksiyalarni bepul joylashtirish va qurish huquqi berilishidir.

Farmonda belgilanganidek, 2020 yilda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan hollarda, soliq to‘lovchilarga soliq hisobotlarini taqdim etish muddatlarini besh kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga kechiktirganlik uchun jarima solinmaydi.

Mazkur hujjat bilan Prezidentimizning 2020 yil 18 maydagi tegishli Farmonida belgilangan quyidagi soliq imtiyozlari va preferensiyalari 2020 yil 31 dekabrga qadar uzaytirildi:

– mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilish bo‘yicha berilgan imtiyozlar;

– ijtimoiy soliq stavkasini 12 foizdan 1 foizga pasaytirish bo‘yicha mikrofirma va kichik korxonalar uchun berilgan imtiyozlar (aksizosti mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar, davlat korxonalari va ustav jamg‘armasida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno);

– bojxona organlariga murojaat qilgan kungacha bir yildan kam bo‘lmagan muddat davomida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirayotgan mikrofirma va kichik korxonalarga, keyinchalik kechiktirilgan summani 120 kun mobaynida teng ulushlarda to‘lash sharti bilan, tovarlarni (iste’mol tovarlaridan tashqari) olib kirishda undiriladigan bojxona boji va aksiz solig‘ini to‘lash muddatini kechiktirish taqdim etish;

– mikrofirma va kichik korxonalarda 2020 yil 15 may holatiga soliqlar, penyalar va soliq qonunchiligini buzganlik uchun hisoblangan jarimalar bo‘yicha mavjud bo‘lgan qarzdorlikni undirishni to‘xtatish kabilar shular jumlasidandir.

Bunday g‘amxo‘rliklar nimadan darak beradi? Birinchidan, davlatimizning bu vaziyatdan chiqish uchun tinmay izlanayotganidan va retsession davrda davlatimizning iqtisodiyotga faol aralashayotganidan, ikkinchidan, xalqimizni va tadbirkorlarimizni bunday sinovli kunlarda qo‘llab-quvvatlashga iqtisodiy resurslarimiz yetarli ekanligidan dalolat beradi.

Shuni unutmasligimiz kerakki, har inqiroz yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu imkoniyatlardan foydalanish va uning samarasi davlatimizning yuksak tafakkur bilan olib borayotgan siyosatiga tadbirkorlarimizning vaziyatni chuqur anglagan holda qat’iy intizom va ulkan mas’uliyat bilan yondashishiga bog‘liq.

Demoqchimanki, yaqindagina barchamizning dilimizni xira qiladigan xabarlar tarqadi, ya’nikim mamlakatimizdagi sanitariya-epidemiologik vaziyatni yumshatish uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar talon-taroj qilindi, kamomadlarga yo‘l qo‘yildi.

Ishonamizki, tadbirkorlarimizga berilayotgan bunday imtiyozlar va qo‘llab-quvvatlashlar evaziga kamomad emas, daromadlar ko‘payadi. O’zLiDeP elektorati bo‘lgan tadbirkorlarimiz bunday qo‘llab-quvvatlashlarga munosib javob beradilar.

Zafar XUDAYBERDIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

deputati, O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    548
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+