Dori-darmon narxini oshirishdan ko‘ra, aholining kasallikka chalinmasligi uchun kurashaylik

30.07.2020, 12:26

Dori-darmon narxini oshirishdan ko‘ra, aholining kasallikka chalinmasligi uchun kurashaylik

Hozirgi kunda nima ko‘p – dorixona ko‘p. Har qadamda duch kelasiz. Tunu kun – 24 soat ishlaydiganlari ham bor. Endi bir tahlil qilib ko‘raylik: nega dorixonalar bahorda chiqqan qo‘ziqorindek, ko‘payib borayapti? Negaki, dori-darmonga ehtiyoj katta. Bu ehtiyoj afsuski, aholi o‘rtasida turli-tuman kasalliklarning ko‘payib borayotganligi tufayli yuzaga kelayapti, albatta. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Sababi nafaqat shaharlar markazlarida balki qishloq va ovullarda ham yangidan yangi va muhtasham dorixonalar qurilib, foydalanishga topshirilmoqda.

Birgina Qashqadaryo viloyatining o‘zida filiallari bilan qo‘shib hisoblaganda, 914 ta dorixona ishlab turgani va ularning safini yanada kengaytirish uchun ehtiyoj ortib borayotgani dori-darmonning kamligida emas. Balki bu ehtiyojning asosiy qismi aholining sog‘lom turmush tarziga rioya qilmasligi bois yuzaga kelayotganini ham aytish o‘rinlidir. Buyuk tabib, tib ilmining bilimdoni Abu Ali Ibn Sino  “Men o‘zimdan so‘ng to‘rtta tabibni qoldirayapman.Ular: quyosh, toza havo, suv va badan tarbiyadir” degan ekan. Yana bir o‘rinda u badantarbiya bilan muntazam shug‘ullansangiz dori ichishga hech hojat qolmaydi, deb ta’kidlagan.

Bizga dorixonalarning ko‘payishi emas, xalqimizning salomatligi kerak. Shunday ekan, kasal bo‘lmaylik. Bu axir o‘zimizning qo‘limizda-ku! Binobarin, qancha kasal odam ko‘paysa, “aptekachilar”ning kuni tug‘adi, biznesi rivoj topadi. To‘g‘ri, ular sotayotgan dori-darmon aholining salomatligini muhofaza qilishda,  jamiyatda yuz berishi mumkin bo‘lgan har qanday holatlarda yetarli darajada yordam tashkil eta olish quvvatiga ega bo‘lishi mumkin. Ammo dorixonalarni kimoshdi savdosiga aylantirib yuborish bu –insofdan emas-da.

Nega bu fikrlarni aytayapman. Sababi – pandemiya davrida xalqimiz televideniye, radio, internet va ijtimoiy tarmoqlardan koronavirusga qarshi vaksina yaratilishi, dorixonalarda sotilishi haqida xabarlarni intiqlik bilan kutishmoqda. Ba’zan olg‘ir va pulga mukkasidan ketgan kishilar noyob dorilarni koronavirusga davo bo‘ladi deb, 10-15 baravar qimmat narxda pullab, cho‘ntagini qappaytirishga urinmoqdalar. Buyoqda odamlar dard bilan olishib yotgan bir paytda xalqimizni emas xalqumini o‘ylayotgan kishilar afsuski oramizda bor. Eng yomoni bunday shaxslar dorixonachilar, farmatsevtika sohasi xodimlari orasida ham uchrayotgani juda achinarlidir.

Xabaringiz bor, Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida dorixonalar faoliyati qoniqarsiz ekanligi aytilib, hududlarda aholi uchun zarur dori mahsulotlari zaxirasini yaratish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berilgan edi. Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat Kengashi deputatlaridan tuzilgan ishchi guruh vakillari bugungi kunda ehtiyoj ko‘p sezilayotgan koronavirus kasalligi profilaktikasi va turli infeksiyalarga qarshi qo‘llaniladigan dori vositalarining ro‘yxatini shakllantirish hamda joylarga ushbu mahsulotlarni yetkazilishi va  narxi bilan qiziqdi.

Ayon bo‘ldiki, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan ko‘plab dorixonalarda, pandemiya sharoitida talab yuqori bo‘lgan virus va isitmaga qarshi preparatlar zaxirasi deyarli yo‘q. Borlari ham ma’lum muddatga yetadi. Narxlardagi o‘sishni esa, qat’iy nazoratga olish zarur.

– Ishchi guruh vakillari bilan dastlab Qarshi shahridagi dorixonalarda bo‘ldik, – deydi Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Nilufar O’taganova. –Ba’zi dorixonalarda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash uchun umuman sharoit yaratilmagan. Karantin qoidalariga rioya etilmayapti. Ijtimoiy masofani saqlashdagi chiziqlar chizilmagan, qizil lenta tortilmagan hattoki, birontasida risoladagidek harorat o‘lchagich quyilmagan. Borlari ham nomiga ish yuritmoqda. Eng yomoni virus va isitmaga qarshi preparatlar narxi asossiz yuqori narxlarda sotilmoqda. Albatta, bu mijozlarning e’tiroziga sabab bo‘lishi tabiiy. Biz deputatlar ushbu muammolar yuzasidan o‘z takliflarimizni berdik. Shu bois, narxi asossiz oshirilayotgan dori vositalarini markazlashgan holda va belgilangan narxda yetkazilsa, aholi uchun ham tadbirkorlar uchun ham foydali bo‘ladi.

Bugungi kunda viloyatda 914 ta dorixona va ularning shahobchalari aholiga xizmat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ularning 103 tasi «Qashqadaryo dori - darmon» mas’uliyati cheklangan jamiyati tasarrufidagi “apteka”lardir. Bundan tashqari mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 10 ta harakatdagi ko‘chma dorixona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular Qamashi, Nishon, Shahrisabz, Chiroqchi, Koson, Muborak va Dehqonobod tumanlarida eng chekka va olis qishloqlardagi aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘lida xizmat qilmoqda.

Shu o‘rinda mavzudan sal chetga chiqsam ham aytay: qaysiki davlatda ta’lim-tarbiyaga ajratiladigan mablag‘ qisqartirilsa, alal-oqibat shu mablag‘ni qamoqxonalar qurishga sarflashga majbur bo‘linar ekan. Shu ma’noda aholini sog‘lom turmush tarziga rioya qilishiga erishilmasa, sport  bilan muntazam shug‘ullanish yo‘lga qo‘yilmasa, aholi ishlab topayotgan real daromadining anchagina qismini dori-darmon sotib olishga sarflashga majbur bo‘ladi. Zotan, yurtimizda koronavirus pandemiyasining ko‘payib borayotgani, davlatimiz tomonidan ko‘p mablag‘ sarflanayotgani zamirida ham o‘zimizning e’tiborsizligimiz va tibbiy madaniyatimiz pastligi sabab bo‘layotganini yoddan chiqarmaslik kerak. Shunday ekan, dorixonalar sonini ko‘paytirib, dori-darmonlar narxini oshirishdan ko‘ra, odamlarning kasallikka chalinmasligi uchun kurashaylik.

Arziqul Sherov,

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat

Kengashi apparat rahbari,

Qarshi shahar Kengashi deputati.

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    953
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+