“Tomorqa xizmati” MChJlar faoliyati chuqur tahlil qilindi

30.07.2020, 12:29

“Tomorqa xizmati” MChJlar faoliyati chuqur tahlil qilindi

Bugungi mashaqqatli bir davr har bir qarich yerdan unumli foydalanishni taqozo etmoqda. Yurtdoshlarimiz tomorqalaridan ham mo‘l daromad olishning hadisini oldilar. Negaki, ayni qiyin vaziyatda xalqning oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyoji ortib bormoqda. Bu borada yangi bir jihatni alohida qayd etish kerak. O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi yo‘nalishdagi ishlar samaradorligi uchun aholiga imkon qadar ko‘maklashayotganini ham ta’kidlash joiz.

Masalan, joylarda tashkil etilgan “Tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatida ana shu yordamni yaqqalroq ko‘rishimiz mumkin. Kuni kecha O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi, partiyamiz fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov raisligida barcha viloyat kengashlari va hududlardagi “Tomorqa xizmati” MChJlar rahbarlari ishtirokida ZOOM orqali o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ayni masalaga asosiy e’tibor qaratildi.

Namangan viloyatida ham mazkur yo‘nalishda qator tadbirlar amalga oshirilayotganini alohida aytish zarur. Tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, ekin turlarini to‘liq ekish, agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida sifatli bajarish bo‘yicha MChJlar tomonidan ko‘rsatilayotgan amaliy yordamlar fuqarolarimiz uchun ayni muddao bo‘lmoqda. Onlayn yig‘ilishda davlatimiz rahbarining bu borada joriy yil 30 iyunda qabul qilingan “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan qulayliklar yurtdoshlarimizning o‘z tomorqalaridan daromad topish manbalarini ko‘paytirishda asos bo‘lganligi ham misollar orqali ta’kidlandi. Ayniqsa, “Tomorqa xizmati” korxonalarini yirik tomorqachilik klasterlariga aylantirish, aholi xonadonlarida yetishtirilgan mahsulotlar uchun 20-30 tonnalik sovutkichlar barpo etish bo‘yicha aniq va tizimli ishlar amalga oshirilishi boshlab yuborilgani fikrlarda o‘z ifodasini topdi.

Mazkur MChJlar faoliyati chuqur tahlil qilingan ushbu onlayn yig‘ilishda o‘z navbatida bu boradagi muammolar ham o‘rtaga tashlangani maqsadga muvofiq bo‘ldi. Chunki ishtirok etgan soha mutaxassislari tomonidan berilgan tavsiyalar orqali kelgusida mavjud kamchiliklar bartaraf etishga erishiladi.

Pandemiya sharoitida agrar soha vakillariga bir qadar mas’uliyat ortdi. Bu vaziyatda mana shunday onlayn muloqotlar o‘tkazilishi ham ushbu faoliyatni yanada jonlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    577
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+