Parlament diplomatiyasi: Inson huquq va manfaatlarining mustahkam kafolati

03.08.2020, 16:18

Parlament diplomatiyasi: Inson huquq va manfaatlarining mustahkam kafolati

Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar “Inson manfaati hamma narsadan ustun” degan g‘oyani amalda ro‘yobga chiqarishga qaratilgan bo‘lib, davlatimiz tomonidan bu borada qator ishlar amalga oshirilib, ular mamlakatning xalqaro miqyosda obro‘yini yuksaltirishga katta turtki bermoqda.

Shuni ta’kidlash joizki, Harakatlar strategiyasi qabul qilingan davrga qadar O’zbekistonning parlamentlararo munosabatlari, xususan, xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro muloqotlari muzlatib qo‘yilgan edi. Aynan shuning uchun ham zamon shiddat bilan o‘zgarayotgan bir paytda, biz ushbu “muzni” eritib, taraqqiy etgan davlatlar bilan tenglik asosida siyosiy va iqtisodiy munosabatlarga kirishib, birinchi o‘rinda xorijiy parlamentlar bilan parlament diplomatiyasi doirasida yaqin munosabatlarni o‘rnatishga kirishdik.

Shu munosabat bilan, Prezidentimiz joriy yil yanvar oyida Qonunchilik palatasining birinchi yig‘ilishida Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari lavozimini ta’sis etish to‘g‘risida tashabbus bilan chiqib, uning vazifalarini belgilab berdi. Aynan shu vaqtdan boshlab, Qonunchilik palatasining faoliyatida tub o‘zgarishlar yuz berdi.

Xalqaro hamkorlik rivoji va istiqboli

Ma’lumki, davlatning rivojlanganlik darajasi xalqaro miqyosda uning egallab turgan o‘rni bilan belgilanadi. Bu borada har qanday davlat o‘z xalqining farovon yashashi uchun munosib sharoitlarni yaratmoqchi ekan, u birinchi bo‘lib xalqaro nufuzini oshirishiga intilishi lozim.

O’zbekiston aynan shu yo‘nalishda o‘z faoliyatini kuchaytirib, davlatlarning siyosiy tizimidan qat’i nazar ularni birlashtiruvchi bir qator dunyodagi nufuzli xalqaro parlamentlararo tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirib bormoqda.

Bu borada O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi parlament diplomatiyasini uch yo‘nalishda, ya’ni ikki tomonlama, mintaqaviy hamda global miqyosda parlament  diplomatiyasini amalga  oshirmoqda.

Jumladan, ikki tomonlama parlament diplomatiyasini o‘rnatish maqsadida Qonunchilik palatasida 28 parlamentlararo do‘stlik guruhlari tashkil etilib, shu kunga qadar Fransiya, Malayziya, Belgiya, Chexiya, Kanada, Turkiya va boshqa bir qator  xorijiy mamlakatlarning parlament a’zolari bilan onlayn uchrashuvlar o‘tkazildi.

Mintaqaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida O’zbekiston parlamenti Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi hamda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi bilan samarali hamkorlikni  o‘rnatib, global miqyosda dunyodagi yirik  Parlamentlararo Ittifoqi bilan hamkorolik qilishi va eng muhimi, Qonunchilik palatasi Spikeri birinchi o‘rinbosarining ushbu nufuzli tashkilotning vitse-prezidenti lavozimiga tayinlanganligi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida tashqi siyosatda olib borilayotgan islohotlarning amaliy natijasi bo‘lib hisoblanadi.

Mazkur tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni o‘rnatishning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, O’zbekistonda amalga oshirilayotgan tub siyosiy-huquqiy va ijtimoi-iqtisodiy islohotlar to‘g‘risida, ayniqsa, inson huquqlarini ta’minlash borasida xolisona axborot yetkazilayotgani dunyo parlamentlarida katta taassurot qoldirmoqda.

Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlament roli

O’zbekiston parlamenti BMTning insonparvarlik ruhida qabul qilingan barcha tashabbuslarini va bu yo‘nalishda ishlab chiqilgan dasturlarni har doim qo‘llab-quvvatlab kelgan va ularning ijrosini ta’minlashda faol qatnashgan.  

O’zbekiston Prezidenti Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi yig‘ilishida “Qonunchilik palatasi bundan buyon Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish bo‘yicha vazirlar hisobotlarini eshitishni yo‘lga qo‘yishi lozimligi” to‘g‘risida tashabbus bilan chiqqan edi.

Ma’lumki, BMTning 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish maqsadlari dasturi qabul qilingan edi. Ushbu dasturda ko‘tarilgan iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik masalalar davlatimiz rivoji uchun katta ahamiyatga ega bo‘lganligi sababli, Oliy Majlis palatalarining qo‘shma qarorlari bilan O’zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha shu yilning fevral oyida Parlament komissiyasi ham tuzilgan.

Shu munosabat bilan Oliy Majlis tarixida birinchi marotaba xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida ushbu komissiyaning yig‘ilishi bo‘lib, unda qatnashgan xalqaro tashkilotlarning vakillari  koronavirus pandemiyasi sharoitida Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish yuzasidan ushbu komissiyasi tuzilganligi va uning ish rejasi tasdiqlanganligi mamlakatimiz boshqa davlatlar uchun o‘rnak bo‘lishi lozimligi to‘g‘risida alohida ta’kidlab o‘tishdi. Joriy yilning olti oyi davomida Qonunchilik palatasining bir qator qo‘mitalari tomonidan ham parlament nazorati doirasida BRM Milliy maqsadlar va vazifalarning ijrosi yuzasidan tegishli davlat boshqaruvi organlarining hisobotlari ham eshitilib, yakuni bo‘yicha qo‘mitalarning qarorlari qabul qilindi.

Shu bilan birgalikda, Oliy Majlis tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan “BMT 75 yilligi: kelajakka nazar” rukni ostida “O’zbekiston va BMT: Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi hamkorlik” mavzuida xalqaro anjuman o‘tkazilib, unda BMT Bosh kotibi Antonio Gutteresh anjuman ishtirokichilariga o‘zining samimiy tabrigini yo‘llab, O’zbekiston tomonidan dunyoda tinchlik va davlatlararo totuvlikni ta’minlash borasida bildirilayotgan tashabbuslari xalqaro jamoatchilik har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganligini alohida aytib o‘tdi.

Xalqaro majburiyatlarni bajarish holati qanday?

Ma’lumki, O’zbekiston hukumati insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida muntazam ravishda xalqaro tashkilotlarga o‘z hisobotini taqdim etib bormoqda. Muhimi shuki, bu tashkilotlarning fikr va xulosalari o‘ta muhim bo‘lib, O’zbekistonning xalqaro maydondagi nufuziga katta ta’sir ko‘rsatadi.

2020 yilning mart oyida O’zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotiga “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro paktning O’zbekiston hukumati tomonidan bajarilishi yuzasidan Beshinchi davriy hisobotini taqdim etgan edi. Ushbu hisobotning yakuni bo‘yicha Qonunchilik palatasida videokonferensiya shaklida parlament eshituvi bo‘lib o‘tdi. 

Mazkur hisobotning e’tiborli joyi shundan iboratki, unda BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan O’zbekiston hukumati Beshinchi davriy hisobotda ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, gender tengligi sohasida qabul qilinayotgan qonun xujjatlari loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish, onalik va bolalikni himoya qilish, oila institutini mustahkamlash yo‘nalishida hamda Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitaning oldingi tavsiyalari O’zbekiston tomonidan ijrosi ta’minlanganligi katta yutuq, deb e’tirof etilgan. Bunday ijobiy xulosa O’zbekiston uchun juda muhim hisoblanadi. Chunki, boshqa davlatlar mamlakatimiz bilan hamkorlik qilmoqchi ekan, ular birinchi o‘rinda inson va uning huquqlari qanday ta’minlanayotganligini o‘rganib, bu borada xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini ham inobatga olishadi.

Inson huquqlari sohasida mavjud mexanizmlarni yanada takomillashtirish, uning samarali monitoringini yuritish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining  faoliyatini o‘zaro muvofiqlashtirib borish, pirovard natijada davlatning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatishi barchamizga ma’lumdir. 

Shundan kelib chiqib, shu yilning  may oyida Qonunchilik palatasining yalpi yig‘ilishida birinchi marotaba mamlakatdagi qonun hujjatlarini inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro-huquqiy normalar bilan uyg‘unlashtirish, xususan, fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlari va erkinliklarini amalga oshirish bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi tomonidan xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati to‘g‘risida Inson huquqlari bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazining parlament eshituvi shaklida axboroti eshitildi.

Xalqaro tashkilotlar, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalarining tavsiyalarini inobatga olgan holda, Prezidentimizning “Inson huquqlari bo‘yicha O’zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan hozirgi kunda Inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishini nazorat qilish bo‘yicha parlament komissiyasini tashkil etish yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Oliy Majlisning “yo‘l xaritalari” — amalda

Bugungi kunda inson huquqlarini himoya qilish borasida Oliy Majlis tomonidan bu yo‘nalishda  “yo‘l xaritalari” tasdiqlangan bo‘lib, ularning ijrosi yuzasidan tizimli monitoring olib borilmoqda. Shulardan biri, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qo‘shma qarorlari bilan tasdiqlangan din va e’tiqod erkinligini ta’minlash yuzasidan “yo‘l xaritasi” hisoblanadi.    

Bu masalaning o‘ziga xos ahamiyati shundaki, 2017 yilga qadar din va e’tiqod masalalari yuzasidan BMT darajasida bironta vakil kelib, bu sohadagi vaziyatni mamlakatimizda o‘rganmagan. Aynan shuning uchun BMTning Inson huquqlari Kengashining Din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi A. Shahid O’zbekistonga 2017 yilda ilk marotaba tashrif buyurib, shaxsan o‘zi bu masalani o‘rgangan. Uning yakuniy tavsiyalari asosida parlamentimiz tomonidan har yili “yo‘l xarita”lari qabul qilinib, ijrosi nazoratga olinyapti.

Ushbu masalaga bag‘ishlangan videokonferensiyada koronavirus pandemiyasi sharoitida din va e’tiqod erkinligini ta’minlash borasida ishlab chiqilgan “yo‘l xaritalari”ning ijrosi O’zbekiston parlamenti tomonidan nazoratga olinganligi BMTning Inson huquqlari Kengashining Din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi A. Shahid va dunyodagi yirik xalqaro tashkilotlar vakillari tomonidan ijobiy baholandi.          

  2020 yilning 30 iyun kuni dunyoda Xalqaro parlamentarizm kuni keng nishonlanganligi munosabati bilan Qonunchilik palatasida “BMTning Inson huquqlari Kengashi va Inson huquqlari bo‘yicha Qo‘mitasi misolida BMTning ustav va shartnomaviy organlari tavsiyalarini amalga oshirishda parlamentning roli” mavzuida onlayn xalqaro parlament forumi o‘tkazildi.

Forumda inson huquqlarini himoya qilish borasida BMTning yetakchi ekspert va mutahassislari ma’ruza qilib, ular O’zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashning tavsiyalarini bajarish borasida qonunchilikni takomillashtirib borayotganini ijobiy yutuq, deb e’tirof etishdi. 

Xulosa qilib aytganda, onlayn tarzda o‘tkazilgan bu tadbirlarning e’tiborli jihati shundaki, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida Qonunchilik palatasi ochiqlik prinitsipiga tayangan holda o‘z faoliyatini tashkil etmoqda. Bu uning xalqaro nufuzini yanada oshirishi bilan bir qatorda, mamlakat fuqarolarining parlamentga bo‘lgan ishonchini yanada kuchaytiradi. 

Shuhrat BAFAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Demokratik institutlar,

nodavlat tashkilotlar va

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish

organlari qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    595
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+