Qishloq xo‘jaligi sohasida kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtiriladi

09.08.2020, 18:43

Qishloq xo‘jaligi sohasida kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtiriladi

Mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirishda agrar soha muhim manba bo‘lib hisoblanadi. Bu ko‘p jihatdan sohadagi kadrlarning salohiyatiga bog‘liq.

Davlatimiz rahbarining bu borada joriy yilda 2020 yil 30 iyulda qabul qilingan qarori sohada kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga chiqarishga xizmat qiladi.

Agrar soha kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish birinchi navbatda quyidagi uchta maqsadni amalga oshirishga qaratilgan:
agrar sohada ilm-fan-ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash;

ta’lim jarayoniga zamonaviy axborot va raqamli texnologiyalarni joriy etish;

hududlarni rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda ilg‘or xorijiy tajriba va agrotexnologiyalar bo‘yicha yetarli bilimli kadrlar tayyorlash.

Joriy yilgi o‘quv yilidan boshlab agrar ta’limda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida ta’limning kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda, ta’limning kredit tizimida talabalar uchun haftada besh kunlik o‘qish hamda haftaning shanba kunini mustaqil o‘zlashtirish kuni deb belgilandi.

Endilikda, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish sohasi uchun magistratura mutaxassisliklarida o‘qish muddatini 1 yil, ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi talabalar uchun o‘qish muddati 2 yilni tashkil qiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalariga sohada 5 yillik stajga ega bo‘lgan xodimlarni tavsiyanoma asosida o‘qishga tavsiya etilganda o‘qish muddatini sirtqi ta’lim shaklida 4 yil etib belgilandi, to‘lov-kontrakt miqdorini kunduzgi ta’lim yo‘nalishidagi to‘lov-kontrakt (stipendiyasiz) miqdoriga tenglashtirildi.

Shu bilan birga, tajriba-sinov tariqasida Toshkent davlat agrar universitetida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha masofaviy ta’lim olish tizimini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.

Xorijiy fuqarolar uchun to‘lov-kontrakt miqdorini, istisno tariqasida, ikki barobarga kamaytirish taklifi ma’qullangan. Bu xorijdan talabalarni ko‘proq jalb qilishga rag‘batlantiradi.

Alohida kasblar bo‘yicha ham bakalavrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yiladi. Juda ko‘plab kasblar bo‘yicha talab mavjudligini inobatga olganda bu mutaxassis kadrlar taqchilligini kamaytirishga asqotadi.

Shuningdek, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari kengayadi. Endilikda qo‘shma ta’lim dasturlarining o‘quv rejalari va fan dasturlarini agrar soha oliy ta’lim muassasalari tomonidan xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda mustaqil tasdiqlanadi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlarni «El-yurt umidi» jamg‘armasi hamda «Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash» jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga xorijiy davlatlarning yetakchi oliy va ilmiy-tadqiqot muassasalariga maqsadli stajirovka o‘tashga yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi ham sohaga zamonaviy bilimli kadrlarni jalb etishga xizmat qiladi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    1158
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+