Tashqi reklama sohasini tartibga solishda qanday muammolar uchrayapti?

11.08.2020, 12:17

Tashqi reklama sohasini tartibga solishda qanday muammolar uchrayapti?

Bugungi kunda kerakli axborotni olishga bo‘lgan ehtiyojimizni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud ekanligini inkor etmaymiz. Shu bilan birga gazetalar, jurnallar, televideniye va radioeshittirishlar, elektron axborot tizimi, Internet imkoniyatlari, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa manbalardan zaruriy axborotlarni olish istagida bo‘lganimizda, albatta ma’lum bir yo‘nalishdagi reklamaga duch kelishimiz aniq.

Qonun hujjatlariga ko‘ra, reklama – bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadida yuridik yoki jismoniy shaxslar, mahsulot, shu jumladan tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi va texnologiyalar to‘g‘risida har qanday shaklda va har qanday vositalar yordamida qonun hujjatlariga muvofiq tarqatiladigan maxsus axborotdir.

Demak, reklamadan unumli foydalanish har kimning o‘z faoliyatini yanada rivojlantirish imkonini beradi. Ayniqsa, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishda reklama katta yordamchi bo‘ladi. Lekin reklama faoliyati sohasi, shu jumladan tashqi reklama faoliyati hozirda qanday normativ xuquqiy hujjatlar bilan tartibga solinmoqda? Amalda ularning qo‘llanishi qanday, mavjud muammolarni hal eta olyaptimi? Bu sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarimiz qanday muammolarga duch kelmoqda? Reklama sohasida faoliyat yuritayotgan juda ko‘p saylovchilarimizdan shu kabi savollar qo‘mitamizga kelib tushmoqda.

Sohadagi muammoli masalalarni o‘rganish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan 2020 yil 4 avgust kuni “Reklama faoliyati sohasini tartibga soluvchi qonun hujjatlarining ijro etilish holati” mavzusida videokonferensaloqa tarzida soha ekspertlari ishtirokida tadbir o‘tkazildi.

Ushbu o‘rganishning asosiy maqsadi tashqi reklama faoliyatini rivojlantirishga xalaqit beruvchi omillarni, muammolarni aniqlash va shu sohani normativ-xuquqiy tartibga solish tizimini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Ushbu o‘rganishlar davomida muhokama etilgan masalalar va aniqlangan ayrim holatlar bo‘yicha fikrlarni bayon etmoqchiman.

Hozirda reklama faoliyati asosan 1998 yil 25 dekabrda qabul qilingan “Reklama to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasining Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi hamda 2018 yil 30 avgustdagi “Tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorlari bilan tartibga solinmoqda.

O’rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, reklama faoliyati sohasidagi xuquqni qo‘llash amaliyotida qator muammolar mavjud. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi ikkita qarorida tashqi reklama konstruksiyalarini joylashtirishning yangi tartibi belgilanmoqda. Lekin transport vositalaridagi, metrodagi, jamoat joylaridagi (parklar, bozorlar va boshqalar) tashqi reklamalar ushbu hujjatlar bilan tartibga solinmayapti. Buning natijalarini esa, istalgan do‘kon, savdo majmualari, bozorlarda turli ko‘rinish va hajmdagi, shu jumladan imlo xatolari bilan tashqi reklama lavhalarining tartibsiz joylashtirilganligida ko‘rishimiz mumkin.

Shuningdek, qarorda tashqi reklama konstruksiyalarining nomlanishi, turlari, katta-kichikligi va boshqalar bo‘yicha tushunchalar keltirilgan. Lekin reklama konstruksiyalarining va u o‘rnatilgan joyining xuquqiy maqomi belgilab berilmagan. Bu albatta, sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga katta xavotir va nobarqarorlik keltirmoqda. Chunki, tadbirkor o‘z konstruksiyasi turgan joyga egalik qila olmaganligi sababli, hokimiyatning zaruriyatiga ko‘ra, istalgan vaqtda konstruksiyani o‘rnatilgan joyidan ko‘chirish talabi qo‘yilishi mumkin bo‘lib qolmoqda.

Rivojlanish ortgan sari har xil sohalarda talablar ham shunga yarasha o‘zgarib boradi. Xuddi shunday Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarorida ham ochiq elektron savdolarda tashqi reklama ob’ektlarini (konstruksiyalarini) yer uchastkalarida joylashtirish huquqini faqat yuqori texnologiyali tashqi reklama ob’ektlariga berish va 2021 yil 31 dekabrga qadar markaziy qatnov ko‘chalarida joylashtirilgan tashqi reklama ob’ektlarini yuqori texnologiyali qurilmalarga bosqichma-bosqich o‘zgartirish belgilanmoqda.

Lekin bu bilan birga, yuqori texnologiyali qurilmalarga qo‘yiladigan talablar ochiqlanmayapti. Tasavvur qiling, ko‘p qavatli uylarga qarab turgan LED-ekranli tashqi reklama qurilmasi katta yorug‘lik bilan kechayu-kunduz ishlab tursa, u uylarda yashovchi fuqarolarga qanchalik noqulaylik tug‘diradi!? Shunday uylarda yashashni istarmidingiz? Shu sababli tashqi reklama uchun yuqori texnologiyali qurilmalar o‘rnatilayotganda, ularga aniq talablar qo‘yilishi kerak. Ya’ni, reklama qurilmalarini yoritish, shuningdek LED-ekranning yorug‘lik (lyuks) darajasi sanitar normalar bilan chegaralanishi, ularga “taymer”lar o‘rnatilishi (masalan, soat 22-00da avtomatik uzilishi) lozim va avariya holatlarida ham avtomatik ravishda uzish imkoniyati bo‘lishi kerak. Bu bilan eng avvalo, fuqarolar osoyishtaligi ta’minlanadi qolaversa, shaharni elektr energiyasi bilan ta’minlovchi tashkilotlarga ortiqcha yukni ham kamaytiradi.

Yana bir muhim masala. Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan har bir tashqi reklama ob’ekti (konstruksiyasi) maydonidan kelib chiqib, unda reklama joylashganidan qat’i nazar, reklama joyi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha har oyda yig‘im joriy etilgan. Ushbu yig‘imning taqsimlanishi quyidagicha: 45 foizi – tashqi reklama ob’ekti (konstruksiyasi) joylashgan (o‘rnatilgan) tuman (shahar) budjetiga, 45 foizi – O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining budjetdan tashqari Raqobatni rivojlantirishga ko‘maklashish jamg‘armasiga qolgan 10 foizi – «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasining tegishli bo‘limlariga.

Endi savol tug‘iladi. Nima sababdan bunday taqsimot belgilandi, uni qanday asoslantirish mumkin? Reklama faoliyati sohasida nazorat funksiyasini amalga oshiruvchi O’zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining budjetdan tashqari jamg‘armasiga ushbu yig‘imlarning salmoqli qismining ajratilishi qanchalik asosli va to‘g‘ri? Bunday holatda idoraviy manfaatlar reklama faoliyati bozorida odil nazorat va sog‘lom raqobatni ta’minlash tamoyillaridan ustun bo‘lib qolmaydimi? Boshqa davlatlarning bu sohadagi tajribasi o‘rganilganda (Fransiya, Rossiya) aytishimiz mumkinki, nazorat organi xisobiga (Monopoliyaga qarshi kurashish organi) reklama ob’ektlaridan yig‘iladigan to‘lovlardan bir foiz ham mablag‘ olinmasligini ko‘rishimiz mumkin.

Shu bilan birga, sir emas, xozirgi kunda turli sohalarni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarga Davlat budjeti va mahalliy budjetlarga katta yuklamalar belgilangan. Budjetga tushumlar misqollab yig‘ilayotgan bir sharoitda ushbu qaror bilan belgilangan yig‘imlarning faqat 45 foizining o‘tkazilishi adolatlimi?

Tashqi reklama sohasida keltirilgan ayrim muammoli masalalardan ham ko‘rinib turibdiki, qonunosti hujjatlarisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarning qabul qilinishi naqadar muhim. Qo‘mitamiz tomonidan bu sohani o‘rganish ishlarini yana davom ettirishni hamda amaldagi “Reklama to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirishga kelishib oldik.

Shuhrat ShARAFUTDINOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O'zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    647
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+