Bugungi kunda salomatlikni asrash uchun mobil laboratoriyalar juda zarur

12.08.2020, 15:05

Bugungi kunda salomatlikni asrash uchun mobil laboratoriyalar juda zarur

Davlatimiz rahbari raisligida aholi salomatligini mustahkamlash, xavfsizligini oshirish, ekologik osoyishtalikni ta’minlash, chiqindilarni qayta ishlash tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan vileoselektor yig‘ilishida kunning dolzarb muammolari o‘rtaga tashlangani bejiz emas.

Har bir davrda chiqindi tizimini tartibga solish muhim bo‘lgan. Ayniqsa, bugungi pandemiya sharoitida mazkur masalaga har qachongidan e’tiborliroq yondashishimiz zarur. Birinchidan, xalqimiz salomatligi va xavfsizligi ta’minoti bo‘lsa, boshqa tarafdan koronavirusni yengish uchun ham gigiyenik talablarga amal qilish juda muhim.

Masalan, raqamlarga nazar tashlaylik. So‘nggi uch yil ichida chiqindilarni boshqarish sohasiga budjetdan ajratilgan 390 milliard so‘m hisobiga742 ta maxsus texnika sotib olingan, 204 ta poligon modernizatsiya qilingan. Albatta, muammolardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ayni kunda sanitar tozalash xizmatlari bilan aholini qamrab olish darajasi 66 foizni tashkil etyapti. Bu past ko‘rsatkich! Yil oxiriga qadar bu ko‘rsatkichni kamida 90 foizga yetkazish kerak. Davlatimiz rahbari bu haqida topshiriq berib, kerak bo‘lsa, sohaga xususiy korxonalarni ham keng jalb qilish lozimligini ta’kidladi.

Chiqindilarni qayta ishlashni tartibga solish kerak. Bu bo‘yicha respublikadagi 14 ta hududda tumanlar kesimida alohida qarorlar qabul qilinishi hamda ularning ijrosi bo‘yicha nazorat tizim yo‘lga qo‘yilishining belgilanishi ham katta turtki bo‘ladi. Masalan, nodavlat sektor chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlashda yaxshi samara bermoqda. Shuning uchun ham davlat-xususiy sherikchilik asosida mamlakat bo‘yicha jami 31 ta chiqindini qayta ishlash klasteri tashkil etishga ehtiyoj bor. Bu bilan atrof-muhit va inson salomatligiga soya soluvchi chiqindilardan xalos bo‘linsa, ikkinchidan qayta ishlash orqali qaysidir xomashyo ishlab chiqariladi.

Ekologik nazoratni ham kuchaytirish zarur. Ayrim zavodlarning tashqariga me’yordan ortiqcha tashlanma chiqarishi evaziga ob-havoning keskin ifloslanishi kelib chiqmoqda. Albatta, haqli e’tirozlarga bu borada uchrashuvlarda, saylovchilar bilan muloqotlarda ko‘p duch kelamiz. Shu muammoni imkon qadar hal qilish kerak. Demak, mobil laboratoriyalar juda zarur. Atrof-muhitga yuqori va o‘rta xavfli 240 ta yirik sanoat korxonasiga zamonaviy lokal tozalash inshootlarini o‘rnatish kerak, mavjudlarini modernizatsiya qilish lozim.

Yuqoridagi tadbirlar barchasi inson salomatligini muhofaza etish, ayni vaqtdagi dolzarb masala – gigiyena qoidalariga amal qilish, “toza hudud” iborasini barcha joylarga nisbatan erkin qo‘llay olish uchun xizmat qiladi.

Begali QODIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    530
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+