Mavzu kimgadir yoqmas, ammo... barchamiz salomatlikni da’vo qiluvchilarmiz!

13.08.2020, 17:01

Mavzu kimgadir yoqmas, ammo... barchamiz salomatlikni da’vo qiluvchilarmiz!

Mamlakatimizda pandemiya avj nuqtasiga ko‘tarildi. Havo harorati kundan kun balandlayapti. Odamlar salomatligi bilan bog‘liq muammolar ko‘payayotgani ham sir emas. Albatta, ayni muammolarga chiqindi masalasi ham katta sabab.

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz: bir kunda, aytaylik, bir haftada yashash uyimizda qancha chiqindi to‘planadi(agar chiqindixonaga olib borib tashlamasak...)?  Ko‘chalarda, ayniqsa ko‘p qavatli uylar atrofida maxsus chiqindixonalar qurilgan. Biroq aynan yashash manzillarga yaqin joylarda tartibsiz ravishda yig‘ilgan turli sintetik idishlarda, aksariyat sellofan xaltalardaga axlat uyumlariga ko‘zimiz tushadi, achinarlisi, hatto bu holatga ko‘zimiz ham, o‘zimiz ham ko‘nikib bo‘lganmiz! Aynan olib ketilmagan yoki saralanmagan axlat uyumlari yoqimsiz hid tarqatib, hasharot va kemiruvchilar makoniga aylanyapti. Demak, chiqindilar o‘z vaqtida maxsus joylarga olib ketilmasa, nima bo‘lishini tasavvur qilavering...

To‘g‘ri, bu masalada gaplashish kimgadir yoqmaydi, ammo barchamiz ham salomatlikni da’vo qiluvchilarmiz. Demak, mazkur muammo tahlili hammaga kerak. Daxldor idoralar munosabati birinchi qadam bo‘lishi zarur. Andijon viloyatida viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat boshqarmasi huzuridagi “Toza hudud” unitar korxonasisining shahar va tumanlar filiallari tasarrufida 1 million 120 ming aholiga xizmat ko‘rsatadigan maxsus texnikalar mavjud. Lekin tan olish kerak, barchasini birdek namunali xizmat ko‘rsatadi deb bo‘lmaydi. Mulohazalar muammolar eshigi uchun kalit. Qars aslida ikki qo‘ldan chiqadi. Bu yerda aholida ham, sohaga daxldor mansabdorlarda ham mas’uliyat yetishmaydi. Aholining ekologik madaniyati mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar barobarida ham shakllanishini unutmasligimiz kerak.

Shuning uchun hal davlatimiz rahbari tomonidan bu masalaga alohida yondashilib, joriy yilning 10 avgust kuni o‘tkazilgan videoselktor yig‘ilishida asosiy e’tibor atrof muhitni muhofaza qilish va aholi salomatligini saqlash masalalariga qaratildi. Darhaqiqat, ayni pandemiya vaziyatida tozalik, chiqindilardan xoli bo‘lish har qachongidan muhim. Buning uchun faqat mas’ullardan mehnatga fidoyilikni kutib o‘tirmay, barcha birdek harakat qilishi kerak.

Keling, mavzu doirasida jahonga nigoh tashlaylik. Germaniyada chiqindilarni aralashtirib, tartibsiz tashlash mumkin emas, bunday fuqaro jarimaga tortiladi. Gollandiyada ularni alohida yig‘uvchi odamlarga kommunal to‘lovlarda imtiyozlar belgilangan. Singapurda atrof muhitni ifloslantirganlar qamoq jazosigacha tortiladi. Shveysariyaliklar  mashina oynasidan sigaret qoldig‘ini uloqtirib ko‘rsinchi, o‘sha zahoti “chiqindi politsyasi” tomonidan sudga beriladi. Mana sizga dunyo mamlakatlarida chiqindiga nisbatan munosabat! To‘g‘ri, bu bilan biz ham aynan  shu yo‘nalishlarda ko‘zlangan maqsadni iddao qilmoq fikridan yiroqmiz. Faqatgina tartib qoidalar mustahkam belgilanishi, bu borada yurtdoshlarimizda ham amal qilish madantiyatini shakllantirish tarafdorimiz, xolos. Bu muammoni hal etilishi aholi salomatligini mustahkamlash barobarida ona tabiatni asrash uchun ham juda muhimdir.

Tohirjon AHMADALIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    54
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+