Suv bilan ishonchli ta’minlashda ilm-fan yangiliklari muhim

14.08.2020, 09:42

Suv bilan ishonchli ta’minlashda ilm-fan yangiliklari muhim

Kuni kecha Prezidentimizning Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida sug‘oriladigan yer maydonlarini suv bilan ishonchli ta’minlash, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini keng joriy qilish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda ilm-fan yangiliklarini ishlab chiqarishga keng joriy etish va ilg‘or o‘qitish uslublarini qo‘llashga doir qarori e’lon qilindi.

 Unda 2020-2023 yillarda Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish borasida bir qator prognoz ko‘rsatkichlar batafsil keltirib o‘tilgan. Suv iste’molchilari uyushmalari, klasterlar hamda fermer xo‘jaliklarining o‘z mablag‘lari hisobidan sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash, tiklash, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy qilishning prognoz ko‘rsatkichlari shular sirasidandir.

 Qarorga muvofiq qiymati bazaviy hisoblash miqdorining olti ming baravaridan ortiq bo‘lgan har bir loyihaning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgandan so‘ng Jizzax va Sirdaryo viloyatlari va tumanlar hokimliklari, Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, suv iste’molchilari uyushmalari va boshqa manfaatdor tashkilotlar hamda mustaqil ekspertlar bilan muhokama etiladi.

So‘ngra tasdiqlangan manzilli ro‘yxatlar doirasida ob’ektlarning loyiha-smeta hujjatlari o‘z vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi, bosh pudrat tashkilotlari tender savdolari asosida aniqlanib, qurilish ishlari amalga oshiriladi. Albatta, tender tanlovlarini o‘tkazish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash, energiya tejamkor texnologiyalarni qo‘llash, ob’ektlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga mahalliy pudrat tashkilotlarini jalb qilishga alohida e’tibor qaratiladi.

2021 yildan ustuvor loyihalar bo‘yicha takliflar suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi, geologiya, yer tuzish va loyiha tashkilotlari mutaxassislari, mustaqil ekspertlar, manfaatdor fermer va klasterlar ishtirokida har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda  ma’qullangandan so‘ng belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalariga Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘larning 3 foizigacha bo‘lgan qismi tuziladigan shartnomalar asosida ushbu loyihalarni ilmiy-texnik jihatdan ta’minlash uchun yo‘naltiriladi. Bunda oliy ta’lim muassasalarining doktorant, magistrant hamda iqtidorli talabalari jalb qilinadi va ular qurilishi yakunlangan ob’ektlarni belgilangan tartibda foydalanishga topshirishda ishtirok etib, o‘zining xulosasini beradi.

 Kelgusida Jizzax va Sirdaryo viloyatlari tajribasini boshqa turdosh oliy ta’lim muassasalariga jalb etgan holda respublikaning boshqa hududlarida ham joriy qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

2020-2021 o‘quv yilida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida tahsil olayotgan talabalar yozgi malakaviy-ishlab chiqarish amaliyotini eksperiment tariqasida Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida o‘tkazadi.

Qayd etish kerakki, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari Paxtakor hamda Xovos tumanlarida ilg‘or agroklasterlarni jalb qilgan holda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida namunali avtomatlashtirilgan sug‘orish uchastkalarini tashkil etadi. Bunda  esa Suv xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fanlar akademiyasi har tomonlama uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatadi hamda  3 kun muddatda mazkur qarorni samarali ijro etishga doir masalalarni xalq deputatlari viloyatlar hamda tuman (shahar)lar kengashlarida muhokama qilib,  tegishli qarorlar qabul qiladi. Bu esa joylardagi mahalliy kengashlardagi deputatlik guruhlarimiz zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi.

“Sardoba” suv ombori to‘g‘onidan suv toshishi oqibatida  talofat ko‘rgan  Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi aksariyat suv xo‘jaligi ob’ektlari, shuningdek, “Markaziy Mirzacho‘l” kollektori va unga quyuluvchi kollektorlarning ta’mirlash  va tiklash ishlari tashkil etiladi,  Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida 93,4 ming gektar suv ta’minoti past bo‘lgan  sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minoti yaxshilanadi, o‘rtacha va kuchli sho‘rlangan 109 ming gektar sug‘oriladigan maydonlar meliorativ holati yaxshilanadi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    511
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+