Tomorqa egalari klasterlari qanday imkoniyatlar beradi?

15.08.2020, 16:27

Tomorqa egalari klasterlari qanday imkoniyatlar beradi?

Bugungi kunda «klaster» atamasi tez-tez quloqqa chalinmoqda. Bu atamadan ta’lim tizimida, iqtisodiyot va boshqa ko‘plab sohalarda, shu jumladan qishloq xo‘jaligi sohasida ham foydalanib kelinmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda 4,5 milliondan ortiq tomorqa yer egalari bor. Tomorqa xo‘jaligida mahsulot yetishtirishni klasterlar asosida tashkil qilish — bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, mahsulot sotish, ta’minot va kreditlash sohalarini qamrab oluvchi kooperatsiya orqali tomorqa yer egalarining birlashuvidir. Tomorqa yer egalarining klasterlarga birlashib o‘z tomorqalaridan foydalanishi ularning mehnati samaradorligini bir necha marotaba oshirishga imkon beradi. Bunga zamin yaratilgan. 2018 yildan boshlab mamlakatimizda «Tomorqa xizmati» MChJlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bugun esa «Tomorqa xizmati» MChJlar negizida klasterlar tashkil etilishi orqali tomorqa yer egalarining imkoniyatlari birlashadi.

Bu imkoniyatlar aholi tomorqalari uchun ko‘chat va urug‘liklarning tizimli yetkazib berilishi, «Tomorqa xizmati» MChJlarda aholi tomorqasida yetishtirilgan mahsulotni saqlash uchun sovutqichlarning mavjudligi, shuningdek, mahsulotlar eksportini markazlashgan holda tashkil qilishdan iborat.

Har doim ham tomorqa egalarida dehqonchilik qilish uchun ko‘chat va urug‘liklarni xarid qilish uchun imkoniyat bo‘lmasligi mumkin. Bundan paytda tomorqa egasiga klasterlar yordamga keladi va ularni banklardan olingan imtiyozli kreditlar evaziga xarid qilingan ko‘chat hamda urug‘liklar bilan ta’minlaydi. E’tibor bering, bu yerda tomorqa egasi kredit olmayapti, balki klaster imtiyozli kredit olyapti. «Tomorqa xizmati» MChJlarning imtiyozli kreditlar olishi esa O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 iyundagi «Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4767-sonli qarorda belgilab qo‘yilgan.

Tomorqa egalarining klasterlarga birlashishidan ko‘zlangan maqsad imkoniyatlarning birlashuvchi ekani to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdik. Bugungi kunda tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotlarning hammasini nest-nobud qilmasdan iste’molchiga yetkaza olmayapmiz. Chunki, yetishtirilgan mahsulotlarni zamonaviy usullarda, sovutqichlarda saqlash imkoniyati yo‘qligi ularning ko‘p miqdorda isrof bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Tomorqa egasi yakka ravishda katta (sanoat) sovutqichlarini qura olmaydi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 iyundagi «Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4767-sonli qarorida aynan shular qat’iy belgilab qo‘yilgan. Bu tomorqa egalarining mahsulotni saqlash borasidagi imkoniyatini keskin darajada oshiradi.

Tomorqa yer egasi o‘zi yetishtirgan mahsulot eksportini yakka holda amalga oshira olmaydi. Chunki, bir tomorqa egasi yetishtirgan mahsulotni mamlakat ichida uzoqqa olib borib sotish ham samaradorlik bermasligi tayin. Bunday holda eksport haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Eksport uchun ko‘p miqdorda mahsulot kerak bo‘ladi. «Tomorqa xizmati» MChJlarda esa muayyan hududda yetishtirilgan mahsulotlarni bir joyga to‘plashi mumkin. Bu esa o‘sha hududda yetishtirilgan mahsulotlarning eksportini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

O’zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    1142
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+