Qishloq xo‘jaligi taraqqiyotida klasterlarning ahamiyati qay darajada?

23.08.2020, 11:24

Qishloq xo‘jaligi taraqqiyotida klasterlarning ahamiyati qay darajada?

Mazkur savolga Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida Oliy Majlis Qonunchilik Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan seminarda batafsil javob berildi.

“Khantex Group” mas’uliyati cheklangan jamiyati klasteri O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligida bozor mexanizmlarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘sha yiliyoq Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida tashkil etilgan. Paxtani qayta ishlashga ixtisoslashgan mazkur klasterda yiliga 10,4 ming tonna paxta tolasi to‘liq qayta ishlanib, 9,4 ming tonna ip-kalava, 2,1 ming tonna trikotaj mato, 4 million metr gazlamalar va 10,0 million dona tayyor tikuv trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi. Korxonada jami 1 yarim ming nafar mahalliy yoshlarning bandligi ta’minlangan.

Oliy Majlis qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zolarining mazkur MChJga tashrifi “Qishloq xo‘jaligi taraqqiyotida klasterlarning o‘rni” mavzusidagi seminar doirasida tashkil etilgani bejiz emas. Ushbu tadbirning Andijon viloyatida o‘tkazilgani zamirida ayni korxona faoliyati, yutuqlari bilan tanishish asnosida boshqa viloyatlarda ham bu borada tajriba almashish, ommalashtirish imkonini yaratish mujassam bo‘ldi.

Bugungi kunda Qo‘rg‘ontepa tumanida paxta hosilini yetishtirish va terib olish uchun klaster tarkibida tashkil etilgan “Khantex Agro Servis”mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 23 millon AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritilgan bo‘lib, AQSh, va Yevropa davlatlarining “John Deere”, “Monosem”, “New Holland”, “Case-IH”, “Sfoggia”, “Nardi” kabi yetakchi kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan zamonovaiy traktor va yerga ishlov berish moslamalari sotib olingan. Ayni qulayliklar bilan tumandagi fermer xo‘jaliklariga malakali xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Eng muhimi va yutuqli jihati shundaki, klaster tarkibida paxtani, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini, teri xom ashyosini qayta ishlash samarali yo‘lga qo‘yilgan. Ichki va tashqi bozorlarni biologik toza qog‘oz mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida 2 million Yevro miqdorida loyiha ishlab chiqilib, “PAPER COUNTRY” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilib, Germaniya va Shvetsiya davlatlari bilan shartnoma imzolandi.

Klaster tasarrufida paxtani dastlabki qayta ishlashga ixtisoslashgan “Khantex Cotton” paxta tozalash korxonasida bo‘lganimizda, bu yerda yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘rib, Andijonda sohada katta yutuqlar qo‘lga kirtilayotganiga yana bir amin bo‘ldik. Mazkur korxona 5,0 million dollar miqdorida kiritilgan investitsiya mablag‘lari hisobidan AQShning “Lummus” kompaniyasidan dastgohlar sotib olinishi bilan ishga tushirilgan. Bir kunda 110 tonna paxta tolasi ishlab chiqariladi.

Tashrif doirasida MChJda tashkil qilingan davra suhbati qizg‘in bahslarga ulandi. Unda sohaga aloqador mutasaddi tashkilotlar, ilg‘or fermer xo‘jaliklari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Qo‘mita raisi Ravshan Mamutovning qishloq xo‘jaligiga klaster tizimini joriy etish va uni takomillashtirish borasida qabul qilinayotgan qonun va qonunosti hujjatlar xususida bergan ma’lumotlari, ayniqsa, fermerlarning qizg‘in savol-javoblari bilan boyidi. Shuningdek, tuman, viloyat qishloq xo‘jaligi rivojida paxta-to‘qimachilik klasterlarining ahamiyati, meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasida klasterlarni tashkil etish va ularning eksportdagi rolini oshirishdagi faoliyatini takomillashtirishdagi dolzarb vazifalar, klasterlarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash uchun banklar tomonidan yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar xususida atroflicha fikr almashindi.

Yuqori saviyada, karantin talablariga amal qilgan holda o‘tkazilgan mazkur seminar qatnashchilarda katta taassurot qoldirdi.

Begali QODIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    2188
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+