Qashqadaryoda partiyaning olti oylik faoliyati tanqidiy-tahliliy sarhisob qilindi

24.08.2020, 14:56

Qashqadaryoda partiyaning olti oylik faoliyati tanqidiy-tahliliy sarhisob qilindi

Unda partiyaning viloyat, tuman va shahar Kengashlari raislari, apparat rahbarlari hamda  mahalliy Kengash deputatlari ishtirok etishdi. 

-Partiyamizning 2020 yilning o‘tgan olti oyidagi faoliyatini tahliliy-tanqidiy sarhisob qilishga bag‘ishlangan bugungi yig‘ilishimiz yaqinlashib kelayotgan eng ulug‘, eng aziz ayyom – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi arafasida o‘tayotganligi bilan alohida ahamiyatlidir, - dedi yig‘ilishni ochar ekan, O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi raisi Sirojiddin Odilov. - Bugungi sinovli kunlarda oldimizda turgan vazifalarni vijdonan, sidqidildan bajarish uchun biz bir tan bir jon bo‘lib ishlashimiz, zimmamizdagi mas’uliyat yukini teran his etishimiz lozim.

Binobarin, yig‘ilishda ta’kidlanganidek, bugun partiya tuzilmalari tomonidan o‘tgan davrda qilingan ishlarni sarhisob qilinar ekan, barcha vazifalar, ishlar ko‘lami avvalo mamlakatimiz rahbarining 2020 yil 24 yanvarda Oliy Majlisga murojaatnomasi doirasida berilgan muhim topshiriqlar asosida tashkil etilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, 2020 yilning olti oyida viloyat bo‘yicha boshlang‘ich partiya tashkilotlari soni 1053 tadan 1076 taga yetib, 16 ta boshlang‘ich partiya tashkilotining (korxona va tashkilotlarning yopilganligi sababli Qarshi shahrida 8 ta, Qarshi va Yakkabog‘ tumanida 2 tadan, Kasbi, Kitob, Chiroqchi va Dehqonobod tumanlarida 1 tadan) qisqarishi evaziga 1060 taga yetdi.

Yarim yil davomida BPTlar soni 23 taga ko‘paydi. Jumladan, Qarshi shahrida 9 ta, Qarshi va Yakkabog‘  tumanlarida 3 tadan, Kasbi, Koson, Nishon, Kitob, Chiroqchi, Dehqonobod, Shahrisabz tumanlari va Shahrisabz shahrida 1 tadan yangi boshlang‘ich partiya tashkilotlari ochilgan. Bugun partiya bilan aholini birlashtirib turuvchi asosiy bo‘g‘in aynan boshlang‘ich partiya tashkilotlari ekan, xoxlaymizmi, yo‘qmi ularning o‘sishidagi, faoliyatidagi ijobiy o‘zgarishlar ma’lum bir hududiy kengashning aholi bilan ishlash darajasini ko‘rsatishini anglab olish qiyin emas.

Ayni paytda Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida 162 nafar deputat faoliyat olib bormoqda. 2020 yilning 6 oyi davomida Xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlaridagi partiya deputatlik guruhi va a’zolari tomonidan 526 ta deputatlik so‘rovi ijro organlari mansabdor shaxslariga yuborilgan. Bundan 93 tasi viloyat Kengashi deputatlari tomonidan, 433 tasi tuman (shahar) Kengashlari deputatlari tomonidan amalga oshirilgan.

O‘tgan davr mobaynida Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya deputatlik guruhlari yig‘ilishlarida 27 ta masala ko‘rib chiqilgan. Partiya viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlik guruhlari tomonidan doimiy komissiyalar yig‘ilishi kun tartibiga 27 ta, viloyat, tuman (shahar) sessiyalari kun tartibiga 25 ta masala kiritilgan.  Kiritilgan masalalar bo‘yicha 27 ta doimiy komissiyalar hamda 9 ta Kengash sessiyalari qarorlari chiqarilgan.

Hisobot davrida deputatlarga saylovchilar tomonidan jami 920 ta murojaat kelib tushgan, shundan 739 ta yoki 80 foiz murojaat ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qolgan murojaatlar deputatlar tomonidan nazoratga olingan.

Partiya ko‘magida kredit olib tadbirkorlik faoliyatini boshlagan yoshlar soni 10 nafarni tashkil etib, ularga tijorat banklari, O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi huzuridagi “Yoshlar-kelajagimiz” jamg‘armalari tomonidan ajratilgan kreditlar miqdori 364 mln. so‘mni tashkil etdi.

Partiya “Ayollar qanoti” tomonidan 4 ta yirik “Bunyodkor ayollar”, “Sog‘lom oila-mustahkam oila”, “Farovon oila” hamda “Ishbilarmon ayol” nomli partiyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda.

Partiya “Ayollar qanoti”ning “Bunyodkor ayollar” loyihasi bevosita xotin-qizlarda tadbirkorlik va ishbilarmonlik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, shu yilning o‘tgan vaqti mobaynida loyiha doirasida 14 ta  tadbir o‘tkazilib, ularda 183 nafar xotin-qizlar qatnashdi. Loyiha doirasida joriy yilda 8 nafar xotin-qizga yetakchi tijorat banklari tomonidan 199 mln.so‘m miqdorida kredit ajratilishiga ko‘mak berildi. Buning natijasida 29 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

“Sog‘lom oila-mustahkam oila” loyihasi doirasida joriy yilda 28  ta  tadbirlar o‘tkazilgan hamda ularda 1372   nafar xotin-qizlar qamrab olindi. Loyiha doirasida 15 ta bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etilib, ularda 567 nafar aholi malakali shifokorlar ko‘rigidan o‘tdi.

Yig‘ilish tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tib, unda partiyaning ba’zi tuman Kengashlari raisilari, apparat rahbarlari yo‘l qo‘ygan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi va ularni bartaraf etish yo‘llari xususida fikr-mulohazalar bildirildi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi

 matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    473
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+