Navbatdagi chora-tadbirlar: Endi sudlarga berilgan daʼvolarni koʻrib chiqish jarayonini onlayn kuzatish mumkin boʻladi

07.09.2020, 08:55

Navbatdagi chora-tadbirlar: Endi sudlarga berilgan daʼvolarni koʻrib chiqish jarayonini onlayn kuzatish mumkin boʻladi

Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlash hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirish sud-huquq tizimini isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi.

Shu boisdan keyingi yillarda mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash va nufuzini oshirish, uni ilgarigi jazolovchi organdan inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qiladigan, jamiyatdagi demokratik oʻzgarishlarning muhim vositasi boʻlgan institutga aylantirishga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.

Oʻtgan davr mobaynida sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha amalga oshirilgan tadbirlar fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga oʻz huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish, umuman odil sudlovga erishishni oshirish hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash imkonini berdi.

Joriy yil 3-sentyabr kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada navbatdagi qadam boʻldi.

Unga muvofiq, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini kengaytirish, har bir murojaatni koʻrib chiqish jarayonining onlayn kuzatib borilishini taʼminlash, shuningdek, maxsus axborot dasturlarini joriy etish orqali sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirishning keyingi bosqichdagi vazifalari etib belgilandi. 

Shu bilan birga, 2021-yil 1-iyuldan boshlab apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar oʻrtasida avtomatik ravishda taqsimlash, 2022-yil 1-yanvardan boshlab sud qarorlarini ish boʻyicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi boʻyicha esa qogʻoz shaklida taqdim etish, 2023-yil 1-yanvardan boshlab sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilishni nazarda tutuvchi 2020-2023-yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturi ham tasdiqlandi.

Qarorda 2022-yil 1-yanvardan boshlab sudlar faoliyatiga quyidagi imkoniyatlarni beruvchi “Adolat” axborot tizimlari kompleksi joriy etilishi ham belgilangan.

Uning yordamida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga daʼvo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda yuborishlari hamda manfaatdor shaxslar tomonidan daʼvo, ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish mumkin.

Shuningdek, Prezidentimiz qaroriga asosan Oliy sud 2020-yil yakuniga qadar sud majlislarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi mobil dasturni ishlab chiqadi va uni amaliyotga joriy etadi.

Taʼkidlash joizki, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash, uni fuqarolar huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qila oladigan mustaqil davlat institutiga aylantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz va ushbu qarorning Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan ilgari surilgan dasturiy vazifalariga mosligini alohida eʼtirof etamiz.

Binobarin, partiyamiz uchun qonunchilik va sud-huquq sohasi doimo muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Biz sudlar faoliyati ochiqligi va oshkoraligining kuchaytirilishi, “elektron va raqamli sud” konsepsiyasining amalga oshirilishi, sudlar tomonidan oʻz faoliyati haqidagi hisobotlarning xalq deputatlari Kengashlariga taqdim etilishi, mahalla, korxona va tashkilotlarda koʻchma sud yigʻilishlari oʻtkazilishini – adolatli sudning garovi, deb bilamiz. Biz uchun sud faoliyati va mustaqilligining eng muhim mezoni – fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoyalangani, adolatli sudlov taʼminlangani, yakuniy va barqaror sud qarorlarining qabul qilinganidir.

Xulosa shuki, bugungi davr sudlar tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarga koʻrsatiladigan interaktiv xizmatlar turini kengaytirish boʻyicha ishlarni jadallashtirishni talab etmoqda. Mazkur qaror sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish, sudlar va boshqa idoralar oʻrtasida maʼlumot almashinuvini yaxshilashga xizmat qilishi shubhasiz.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri oʻrinbosari,

OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    411
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+