Biz yoshlar tashabbuskor, faol, vatanparvar bo‘lsak, O‘zbekiston uchinchi renessans davriga dadil qadam qo‘yadi

07.09.2020, 14:35

Biz yoshlar tashabbuskor, faol, vatanparvar bo‘lsak, O‘zbekiston uchinchi renessans davriga dadil qadam qo‘yadi

Mana qariyb yarim yildan buyon barchamiz karantin sharoitida yashayapmiz. Bu murakkab davrda nafaqat bizning mamlakatimizda balki, hamma davlatlarda ham eng asosiy muammo aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, daromad bilan ta’minlash bo‘lib qolmoqda.

Ayniqsa yoshlar va ayollar bandligini ta’minlash har qachongidanda muhim masalaga aylangan desak xato bo‘lmaydi.

Bu borada birinchi galda yoshlarni biror kasbni egallashiga ko‘maklashish, ularni tadbirkorlikka jalb qilish ayni muddaodir. Lekin ochig‘ini aytish kerak, hozircha kasb-hunar ta’limi mamlakatimiz ta’lim tizimidagi eng zaif nuqtalardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu boisdan o‘quvchi yoshlarda turli kasblarga qiziqishni maktab paytidayoq rivojlantirish, ularni jamiyatimizda talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘rgatish zarur. Qolaversa, o‘quvchilarning dasturchi, dizayner, tarjimon kabi istiqbolli kasblar uchun poydevor bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun bor kuch-imkoniyatlarni safarbar qilish lozim. Shuningdek, robototexnika, dasturlash kabi talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘rgatish ham muhim ahamiyatga ega. Chunki, globallashuv shiddat bilan davom etmoqda va u ortga qaytmaydi. Xohlaymizmi yo‘qmi barcha sohalarga zamonaviy axborot texnologiyalari va texnikalari kirib boraveradi.

Shu o‘rinda yana bir gap. Sir emas bugungi kunda mamlakatimizda katta ko‘lamda qurilishlar bo‘layapti. Tabiiyki bu sharoitda bilimli va malakali quruvchilarga bo‘lgan talab ham kuchayib bormoqda. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, hozir yiliga kamida 50 ming nafar professional quruvchiga ehtiyoj sezilayapti. Shuning uchun qurilish yo‘nalishida kasbga tayyorlash ishlarini tubdan yaxshilash, bu borada samarali ta’lim tizimi yaratish foydadan holi bo‘lmaydi.

Albatta keyingi 3 yilda mamlakatimizda bu masalalarni hal etish bo‘yicha tizimli va to‘g‘ri ishlar amalga oshirib kelinmoqda va ushbu islohotlarning natijasi tez orada yuzaga chiqadi. Avvalo aholi bandligini ta’minlashda mehnat bozoridagi talab o‘rganilib, shu asosida mutaxassislar tayyorlashga urg‘u berilayotgani eng to‘g‘ri yo‘ldir. Zero, kasblarga bo‘lgan real ichki ehtiyoj aniqlanib, shu asosida yoshlarga kasb-hunar o‘rgatilsa, ertaga ularning ishga joylashish imkoniyati shuncha kafolatli bo‘lishi shubhasiz.

Yurtimizdagi millionlab yoshlarning bir vakili sifatida shuni alohida aytishim kerakki, Prezidentimiz boshchiligida yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularga tadbirkorlik sohasiga rag‘bat va eng asosiysi motivatsiya uyg‘otish uchun juda keng ko‘lamli amaliy ishlarga qo‘l urilmoqda. Xususan, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi qoshida Venchur fond tashkil etilayotganidan ko‘pchilik yaxshi xabardor. Ushbu jamg‘armaga dastlab 1 million AQSh dollari yo‘naltiriladi. Shuningdek, yosh tadbirkorlarga huquqiy, buxgalteriya, marketing, bank va boshqa sohalar bo‘yicha konsalting xizmatlari xarajatlari ham qoplanadi.

Bundan tashqari, startap loyihalar tanlovini tashkil etish orqali joriy yilda har bir viloyatda kamida 10 ta, kelgusi yildan boshlab yiliga kamida 20 ta eng yaxshi startap loyihalarga 50 milliondan 200 million so‘mgacha grant ajratilishi belgilangan. Shu bilan birga, quduq qazish, sug‘orish vositalari xarid qilish, issiqxona o‘rnatish, urug‘lik va ko‘chatlar sotib olish uchun yoshlarga subsidiyalar beriladi.

Umuman olganda, mamlakatimizda kelajakka shu zaylda sarmoya kiritilayapti va bu orqali yoshlarga juda katta ishonch bildirilayapti, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Biz yoshlar esa avvalo zimmamizdagi ana shu mas’uliyatni teran his etib, uchinchi renessans davriga qadam qo‘yayotgan jonajon O‘zbekistonimizning ravnaqi aynan yoshlarning tashabbuskorligi, faolligi, vatanparvarligiga bog‘liq ekanligini aslo unutmasligimiz kerak.

Shozafar Shoahmedov

“ECO VIRIN AGRO” MChJ direktori,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi

 “Yoshlar parlamenti” a’zosi

  • Ko'rildi
    593
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+