O‘zLiDeP sayyor qabulida quvalik ehtiyojmand oilaning muammosi hal etildi

08.09.2020, 17:00

O‘zLiDeP sayyor qabulida quvalik ehtiyojmand oilaning muammosi hal etildi

O‘zLiDeP Quva tuman Kengashi tomonidan tumanning “Quva” mahalla fuqarolar yig‘ini qoshida tashkil etilgan boshlang‘ich partiya tashkilotida deputatlar ishtirokida fuqarolar bilan sayyor qabul tashkil etildi.

Tuman hokimligi va qator mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan sayyor qabulda fuqarolardan ko‘plab taklif va murojaatlar tushdi. Unda asosan ichki yo‘llarni ta’mirlash, tadbirkorlik uchun kredit olish, yoshlar masalasi va kommunal soha bilan bog‘liq murojaatlar bo‘lib, aksariyati joyida ijobiy hal etildi, qolganlari bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Mahalla hududida istiqomat qiluvchi M.Qodirova ikki yil avval turmush o‘rtog‘i vafot etganligi, ikki nafar voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotganligi, bitta tikuv mashinasi bo‘lsa, tikuvchilik bilan shug‘ullanib, ro‘zg‘or kamini butlashga imkon yaratilishi haqida deputatlarga yuzlandi.

Oilaning turmush sharoiti mahalla fuqarolar yig‘ini bilan o‘rganilib, partiyaning deputatlik guruhi tomonidan, albatta, yordam berilishi va’da qilindi. Shu kuniyoq barcha zaruriy hujjatlar tayyorlanib, tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga taqdim etildi. Oradan qisqa vaqt o‘tib, yangi, zamonaviy tikuv mashinasi fuqaroning xonadoniga deputatlar ishtirokida eltib berildi. Murojaati tez fursatda ijobiy yechim topganidan behad quvongan ayol barcha tashkilotchilarga o‘z minnatdorligini bildirdi.

Joylarda davom etayotgan bu kabi sayyor qabullarda ko‘plab muammolar ijobiy hal etilmoqda. Deputatlarning aholi bilan yuzma-yuz uchrashib, muloqot qilishi ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, hayotdan rozi bo‘lib yashashida muhim omil bo‘lmoqda.

Ominaxon BYeKMIRZAYEVA,

Xalq deputatlari Quva tuman Kengashidagi

 O‘zLiDeP deputatlik guruhi ijrochi kotibi.

Teglar
BPT
  • Ko'rildi
    566
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+