Yangibozorlik deputat Hayvat mahallasidagi qator muammolarni hal qildi

08.09.2020, 17:22

Yangibozorlik deputat Hayvat mahallasidagi qator muammolarni hal qildi

Xalq deputatlari Yangibozor tuman Kengashidagi O'zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Abror Adamov saylovchilar ishonchini qozongan, xalq manfaati yo‘lidagi tashabbuskor deputatlardan biri.

Joriy yilning avgust oyida xalq noibi “Hayvat” mahallasidagi saylovchilari bilan uchrashib, ularning muammolarini o‘rgangan edi. Unga ko‘ra mahallada toza ichimlik suvi yetishmasligi masalasi ko‘p yillardan beri aholini qiynayotgani, xalq bundan aziyat chekayotganini bildirib, bu borada deputatdan amaliy ko‘mak so‘ragan edi.

         Ushbu masalaga ijobiy yechim topish maqsadida deputat mahalla negizidagi boshlang‘ich partiya tashkiloti raisi E.Haitboyev va partiya tuman Kengashi Ayollar masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari A.Tangirovalar bilan birgalikda o‘rganish olib bordilar. Unga ko‘ra toza ichimlik suvi olib kelish ishlari 2020 yil mart oyida boshlangan va yakuniga yetkazilmasdan to‘xtab qolgan.

Deputat A.Adamovning tuman qurilish bo‘limi, tuman ichimlik suv ta’minot bo‘limi va tegishli mutasaddi tashkilotlarga chiqargan deputat so‘rovlari, tinimsiz murojaatlari natijasida bugun bu muammo o‘z yechimini topdi. Mudrab qolgan mutasaddi tashkilotlar nihoyat mahalla hududiga toza ichimlik suvini o‘tkazish ishlarini yakunlashga kirishdilar.

- Sal kam 10 yildan beri shu mahallada istiqomat qilaman. Ichimlik suvi yo‘qligi ayniqsa bizning quruq va sho‘rlanish yuqori bo‘lgan iqlimimizda juda katta muammomizdan biri edi. Bu masalada bormagan joyimiz, qilmagan murojaatimiz qolmadi. Deputatga rahmat. Bizning holimizdan xabar olib kelib, muammolarimizni o‘rgandi va quvonarlisi vaqtida amaliy yordam ko‘rsata oldi, - deydi mahalla oqsoqoli Bobur Matnazarov.

Shuningdek, pandemiya davrida mazkur mahalla bolalarining masofaviy ta’lim olishlari uchun internet tarmog‘i yo‘qligi, natijada aloqa sifati yaxshi emasligi sabab uyda ta’lim olayotgan bolalar qiynalayotgani, ota-onalarning bu borada mablag‘ sarflash imkoniyati yetmasligi muammosi ham aytildi. Ushbu masala yuzasidan deputat Yangibozor tuman pochta aloqa bo‘limiga deputatlik so‘rovi yubordi va natijada 1 oy ichida Uyg‘ur qishlog‘ining “Hayvat” va “Xamid Olimjon” mahallalariga internet tarmog‘i o‘tkazib berildi.

 Hayvatlik Nilufar Shomuratova o‘z mablag‘i hisobidan uy bog‘chasi ochish niyatida ekani, lekin buning uchun zaruriy huquqiy bilimi yetishmasligi, ishni nimadan boshlashni bilmasligi sabab deputatdan amaliy ko‘mak so‘rab murojaat qilgan edi. Bu borada deputat bo‘lg‘usi tadbirkorga zarur hujjatlarni tayyorlash va tegishli mutasaddilarga topshirib, ruhsatnoma olishida, uy bog‘chasini yangi zamonaviy ko‘rinishda jihozlanishida va karantin qoidalariga mos ravishda ishga tushirilishida bevosita ko‘maklashdi. Joriy yilning oktabr oyida ushbu ta’lim va tarbiya maskani shu mahalladagi 25 nafar bolajonlarni o‘z bag‘riga oladi.

Nasiba VAISOVA,

O'zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi

 matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    718
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+