O‘rmon xo‘jaliklarida ilk marta 64 ta biolaboratoriyaning tashkil etilishi sohada o‘ziga xos islohot bo‘ldi

10.09.2020, 17:33

O‘rmon xo‘jaliklarida ilk marta 64 ta biolaboratoriyaning tashkil etilishi sohada o‘ziga xos islohot bo‘ldi

Keyingi yillarda mamlakatimizda ekologik muhitni yanada yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Ayniqsa, mavjud o‘rmonlarni asrash, o‘rmonlarni ko‘paytirish yuzasidan tizimli tadbirlar olib borilmoqda.

Davlatimiz rahbari raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ayni masala atroflicha muhokama qilindi. O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha islohotlar natijadorligi bugungi kunning dolzarb masalasiga aylandi. Shuning uchun ham oxirgi uch yilda sohada iqtisodiyotning resurs bazasini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ekologiyani yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar qamrovi kengaytirildi, natijada mamlakatimiz o‘rmon fondi yerlari 12 million gektarga yetkazildi.

Xususan, bu borada ishlarni yuqori bosqichga ko‘tarishda foydalanilmay turgan yerlarga asosiy e’tibor qaratilmoqda. Masalan, Orol dengizining 1,2 million gektar qurigan tubida ixota daraxtzorlari barpo etildi, oborotdan chiqib ketgan 10 ming gektar o‘rmon xo‘jaligi yerlari o‘zlashtirildi, 5 yarim ming gektarda yong‘oq, 4 ming gektarda oziq-ovqat ekinlari va dorivor o‘simliklar plantatsiyalari tashkil etilib, 3 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. O‘rmon xo‘jaliklarida ilk marta 64 ta biolaboratoriyaning tashkil etilishi ham sohadagi o‘ziga xos jadal qadam bo‘ldi.

To‘g‘ri, xali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi bor gap. Jumladan, sohaga xususiy sektorni jalb qilgan holda o‘rmon yerlarini o‘zlashtirish, yilqichilik, chorvachilik, urug‘chilik, ko‘chatchilik, turizmni keng yo‘lga qo‘yish kerak.

Mebelsozlik korxonalari tobora ko‘payib bormoqda. Shuni hisobga olgan holda xomashyoning 90 foizini import qilayotganidan kelib chiqib, ularga klaster usulida pavlovniya va boshqa mebelbop daraxtlar yetishtirish uchun yer ajratilishi maqsadga muvofiq. O‘rmon fondi yerlarini o‘zlashtirishga ham subsidiya va imtiyozlar joriy etish, xususan, sug‘orish nasoslari xarid qilish, quduqlar qazish ishlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ham muhim ahamiyatga ega.

Ortga bir nazar tashlasak. O‘tgan yili dorivor o‘simliklar plantatsiyasi 2 ming gektarga yetkazilgan edi. Kelgusida bunday maydonlarni 5 ming gektarga yetkazib, hosilni 8 ming tonnagacha oshirish zarurligini davrning o‘zi talab qilmoqda.

Shu o‘rinda Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bu sohada turizm faoliyatini ham keng yo‘lga qo‘yish zarur. Chunki o‘rmonlar sayyohlar uchun ham qiziq. Albatta, mablag‘ ham ahamiyat kasb etadi. Masalan, o‘tgan yili ekoturizm va ov turizmidan jami 1 milliard so‘m tushgan. Lekin bu kam. Turizmni rivojlantirish bo‘yicha juda katta zaxiralar mavjud. Boriki imkoniyatlarni ishga solib, ekologiya va ov turizmidan daromadlarni 10-15 baravarga oshirish lozim.

Davlatimiz rahbarining mazkur soha taraqqiyoti uchun jon kuydirib aytgan mulohazalarini topshiriq deb bilishimiz zarur. Vazifalarga qay darajada mas’uliyat bilan yondashsak, ularning ijrosida shu darajada samaradorlikka erishamiz.

Mavluda IBRAGIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish

masalalari qo‘mitasi a’zosi

  • Ko'rildi
    519
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+