Fan-ta’lim-tarbiya uyg‘unligini ta’minlash hayot mamot masalasidir

14.09.2020, 11:44

Fan-ta’lim-tarbiya uyg‘unligini ta’minlash hayot mamot masalasidir

Mutaxassislar tomonidan olib borilgan izlanish va tadqiqotlar inson o‘z umri davomida oladigan barcha ma’lumotning 70 foizini 7 yoshgacha bo‘lgan davrda faol qabul qilishini isbotlagan. Demak, jamiyatga kirib kelayotgan shaxsning ma’naviy-ruhiy olami, dunyoqarashi, bilimu salohiyati uning maktab yoshigacha bo‘lgan yillarda olgan ta’lim-tarbiyasiga uzviy bog‘liq ekan degan xulosaga kelish mumkin.

Maktabgacha ta’lim sohasida ma’lum tajribaga ega bo‘lgan inson sifatida shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, farzandlar tarbiyasiga har bir oilada e’tibor qaratilishi uchun bunga mamlakat miqyosida islohotlar amalga oshirilishi juda ham muhim.  Quvonarli jihati yurtimizda bu ish keyingi 4 yilda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi va ko‘plab amaliy ishlarga qo‘l urilmoqda. Ko‘pchilik yaxshi xabardor, Prezidentimiz tashabbusi bilan  maktablarning 1−9-sinflarida yangi «Tarbiya» fani joriy etildi. Mazkur fan doirasida nazariy va amaliy qo‘llanmalar tayyolandi.

“Tarbiya” fanidan ko‘zlangan maqsad birinchidan o‘quvchilarning yoshi va psixologiyasiga mos ma’naviy rivojlanishni ta’minlash, ikkinchidan mazkur fanni o‘qitishda fanlararo bog‘liqlik va turli millatlar qadriyatlarini inobatga olish, uchinchidan, o‘quvchilarda vatanparvarlik, mardlik, insonparvarlik, iroda, o‘z kelajagi uchun chuqur bilim olish va intilishga undovchi hayotiy kompetensiyalarni shakllantirishdan iboratdir. Eng muhimi ushbu fan tobora avj olayotgan globallashuv davrida farzandlarimizda salbiy illatlarga qarshi immunitetni shakllantirishda fan-ta’lim-tarbiyaning uyg‘unligini ta’minlashga olib keladi.

Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi. Xo‘sh, ayni paytda yangi kirib kelgan tarbiya fanining ommalashishi, samaradorlikka erishish uchun yanada qanday amaliy sa’y-harakatlarga ehtiyoj sezilmoqda?

 Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Fan, ta’lim, madaniyat va sport ishlari qo‘mitasi  tomonidan “Yoshlarni tarbiyalashda  umuminsoniy, milliy qadriyatlar va huquqiy madaniyatning roli” mavzusi doirasida tashkil etilgan davra suhbati shu kabi savollar yuzasidan atroflicha  fikr almashildi.

Yig‘ilish tafsilotlariga qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, unda bir qator dolzarb masalalar va ularning yechimi haqida mulohaza yuritilgani e’tiborga molik. Bilamiz, “Milliy g‘oya”, “Odobnoma”, “Din tarixi”, “Vatan tuyg‘usi” kabi fanlarni birlashtirgan holda, yagona “Tarbiya” fani joriy qilindi. Lekin, joriy yilda Respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonini kuzatsak, yuqoridagi to‘rtta yo‘nalishdagi fanlar bo‘yicha abiturentlardan hujjat qabul qilingan. Ertaga ushbu yo‘nalishni bitirgan bo‘lajak pedagoglar qayerda ishlaydi, qaysi fandan dars beradi degan savollar o‘rtaga tashlanib, takliflar bildirildi. Xususan, bugungi kunda ushbu mutaxassislikka ega fan o‘qituvchilari uchun “Tarbiya” fanidan onlayn shaklda maqsadli malaka oshirish kurslarini tashkil etish ishlarini yanada jonlantirish  lozimligi ta’kidlandi.

Yana bir gap. Bevosita davra suhbati mavzusidan kelib chiqib aytish mumkinki, yoshlarni umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalashda ularning huquqiy savodxonligini oshirishni ham unutmaslik kerak. Ya’ni “Huquqiy tarbiya” mavzusi “Tarbiya” fanining uzviy qismi bo‘lishi shart. Bu borada maktab o‘quvchilari yoshi nuqtai nazaridan kelib chiqib “Konstitutsiya alifbosi”, “Konstitutsiya saboqlari”, “Konstitutsiyaviy huquq”, “Inson huquqlari”, “Davlat va huquq asoslari” kabi o‘quv predmetlari bo‘yicha bilim berilishi zarur.

Bir so‘z bilan aytganda, uyushqoqlik bilan shu yurtda unib o‘sib kelayotgan farzandlarimiz tarbiyasiga har tomonlama jiddiy e’tibor qaratsak, mamlakatimiz ta’lim-tarbiya, ilm-fan, intellektual salohiyat sohasida, zamonaviy kadrlar va yuksak texnologiyalar borasida dunyo miqyosida raqobatbardosh bo‘ladi.

Shaxnoza Xolmaxamatova

Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputati,

Fan, ta’lim, madaniyat va sport ishlari qo‘mitasi a’zosi

  • Ko'rildi
    98
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+