Izboskanda BPTlar faoliyati samaradorligi qanday?

16.09.2020, 17:15

Izboskanda BPTlar faoliyati samaradorligi qanday?

O’zLiDeP Izboskan tuman Kengashidan xalq deputatlari mahalliy kengashlarga saylangan 14 nafar deputat fidoyilikning yuksak namunasini ko‘rsatmoqdalar. Saylovchilar ularga ishonch bildirib adashmaganlarini ko‘p ta’kidlaydilar. Demak, partiya tuman Kengashi nomzod tavsiyalarida yanglishmagan. Mana, yutuq!

Tumandagi mavjud 45 ta boshlang‘ich partiya tashkilotlarining barchasi birdek qoniqarli emas albatta. Faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgan 12 ta quyin bo‘g‘in kamchiliklari atroflicha muhokama qilindi.

Ammo tuman kengashida bosh masalaga yechim topish zarur. Ya’ni, partiya tuman Kengashi joylashgan bino. “Agrosug‘urta” Izboskan tuman bo‘limidan ajratilgan bitta tor xona, tabiiyki, partiya hududiy kengashi uchun yetarli emas! Tasavvur qiling, xonada ikkita stol, to‘rtta stul, ikkita kreslo... Qarang, qanday “ajoyib” sharoit! Buning ustiga hademay yangi saylovga tayyorgarlik boshlanadi. O’zLiDeP Andijon viloyat Kengashi raisi Xurshidaxon Xalilova tashabbusi tufayli tuman hokimi bilan suhbatlashildi. Tuman otasiga rahmat! Samimiy so‘rovga ijobiy javob berildi. Shu kunning o‘zidayoq partiya tuman Kengashi uchun munosib joy ajratilishiga va’da berdi.

Ishchi guruhning namunali quyi bo‘g‘inga tashrifi “Izboskan shonalari” fermer xo‘jaligi dalalaridan boshlandi. Bu yerda paxta yig‘im-terimi boshlanganiga uch kundan ortdi. Boshlang‘ich partiya tashkilotining barcha a’zolari astoydil oq oltin hosilini yig‘ib olish bilan band. Dastlab faollar, shu bilan birga ilg‘or terimchilarning bir guruhiga partiya viloyat va tuman Kengashining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi. Darvoqe, mazkur fermer xo‘jaligi nafaqat tumanda, balki viloyatu respublikada ham mashhur. Ko‘p tarmoqli: paxta-g‘alla, asalarichilik, chorvachilikni qamrab olgani e’tiborli. Xo‘jalik rahbari mohir fermer Rohatjon To‘ychiyev xalq deputatlari viloyat kengashi deputati. Yaqinda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandi.

-Avvalo, munosib mehnat uchun e’tibor kerak, - deydi partiya viloyat Kengashi raisi Xurshidaxon Xalilova. – Bugungi uchrashuvda shuni unutmagan holda ham deputat, fermerni taqdirladik, ham quyi bo‘g‘in tajribasini ommalashtirish uchun namuna oldik. Kelgusidagi rejalarni shu tayanch bo‘g‘inda kelishib, oldimizga zaruriy vazifalarni qo‘ydik. Aslida tashrifu muloqotlarimizdan ko‘zlangan asosiy maqsad, partiyadoshlar safini kengaytirish, sifat ko‘rsatkichlarini oshirish, imkon qadar amaliy ko‘maklarni berishdan iborat. Boshlang‘ich partiyalar faoliyati samaradorligiga erisha olsak, marra bizniki!

Rahbar haq. U ishni ayni quyi bo‘g‘inlar natijadorligini ko‘tarish masalalarini hal etishdan boshlagani bejiz emas. Atrofida ishonchli mas’ullar bor ekan, xalqqa, saylovchilarga, partiyaga kamarbastalik yuksalaveradi.

Faoliyati allaqachon qoniqarsiz holatga kelib qolgan boshlang‘ich partiya tashkilotlaridagi uchrashuvlar davomida mavjud kamchiliklarga yechim topishga erishilgani fikrimiz isboti. Xususan, Andijon “Neft baza” mas’uliyati cheklangan jamiyati Poytug‘ filiali qoshidagi BPT 2016 yilda tashkil topilgan. Ayni kunga qadar yaxshi natijalar bilan tilga tushgan. Ammo bugunga kelib faoliyat samaradorligi “nol”ga teng bo‘lib qolgan. Ma’lum sabablarni ko‘rsatgan BPT raisiga kerakli tavsiyalar va amaliy ko‘maklar berilgach, muammo bartaraf etildi. A’zolar arizalari qayta shakllantirilib, ro‘yxat asoida BPT faoliyati qayta tiklandi.

“Xalq banki” Izboskan tuman filialida esa ahvol biz o‘ylagandan sustroq ekan. 2018 yilda tashkil topgan boshlang‘ich partiya tashkilotidagi 46 nafar safdoshlar soni yillar o‘tsa-da ortmagan. A’zolik badallari tushmayotgani afsuslanarli. Bank tuman filiali mutasaddilari bilan suhbatlashilib, muammoga oydinlik kiritildi.

Albatta, targ‘ibot ortida natija bo‘lishi shart. Aks holda tashrifning maqsadi mavhumligicha qolaveradi. O’zLiDeP Andijon viloyat Kengashi tomonidan tuzilgan ishchi guruhning joylardagi BPTlar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan tashviqot ishlari o‘zida ayni vazifalarni ifoda etayotir.

Zilola RAHMONOVA,

O’zLiDeP Andijon viloyat Kengashi

Matbuot kotibi

Teglar
BPT
  • Ko'rildi
    651
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+