Yangi saylangan deputatlar uchun o‘quv-seminarlar

18.01.2018, 17:16

Yangi saylangan deputatlar uchun o‘quv-seminarlar

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Siyosiy ta’lim markazi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylangan 137 nafar deputatimiz uchun bir necha kunlik o‘quv-seminarlar o‘tkazmoqda. Birinchi guruh, ya’ni xalq deputatlari Bektemir, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli, Yakkasaroy, Yashnobod tuman kengashlariga partiyamizdan saylangan deputatlar qatnashgan o‘quvlar nihoyasiga yetmoqda.
M. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahar filiali majlislar zalida har kuni 8 soatdan  davom etgan mashg‘ulotlar kutilgan ijobiy  natijalarni berishi aniq.

Mashg‘ulotlar har jihatdan puxta o‘ylangan, avvalgi tajribalar hisobga olinib,  mukammal tuzilgan o‘quv dasturi  asosida olib borildi. Tinglovchilarga Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz a’zolari, “O‘zingni angla” psixologik xizmat ko‘rsatish markazi xodimlari, tegish­li vazirlik va idoralar mutaxassislari nihoyatda dolzarb, amaliy ahamiyatga ega mavzular bo‘yicha saboq bergani diqqatga molik.  Misol tariqasida aytish mumkinki, iqtisod fanlari doktori Ubaydulla G‘afurov  Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasining mazmun-mohiyati va undan kelib chiquvchi vazifalar, parlament quyi palatasi deputati, fraksiyamiz a’zosi Adham Shodmonov davlatimiz rahbarining “Parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishi kerak” nomli ma’ruzasidan kelib chiquvchi ustuvor vazifalar,  filologiya fanlari nomzodi Rahimboy Jumaniyozov deputatning notiqlik mahorati va nutq madaniyati, parlament quyi palatasidagi fraksiyamiz a’zosi  Shuhrat Bafayev joylardagi muammolarni aniqlash va yechimini topish yuzasidan atroflicha fikr yuritdilar, deputatlar savollariga javob qaytardilar.

O‘quv-seminarda amaliy mashg‘ulotlarga ham keng o‘rin berildi. Tinglovchilar guruhlarga bo‘lingan holda topshirilgan mavzular – “Deputatning huquqlari va majburiyatlari”, “Deputatning ish rejasi”, “Deputatning saylovchilar oldida hisoboti” bo‘yicha masalalarni yechdilar.

Partiyamiz tomonidan mazkur o‘quv-seminarlarga juda jiddiy e’tibor berilayotgani bejiz emas. O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Siyosiy ta’lim markazi rahbari Barno Abdullayeva biz bilan suhbatda qayd etganidek, elektoratimiz vakillari ishonchini qozonishga va ular manfaatini davlat hokimiyatining vakillik organlarida ifodalashga qodir, bugungi davrning o‘tkir talablariga javob bera oluvchi, har jihatdan yetuk, o‘z salohiyatini to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqarib, saylovchilarga berilgan va’dalarni bajarishda qat’iyat ko‘rsata oladigan deputatlar korpusini shakllantirish partiyamizning eng asosiy vazifalaridan biridir. 

Abduhakim Mamanazarov,

xalq deputatlari Mirobod tuman

Kengashiga 3-“Movarounnahr”

saylov okrugidan

saylangan deputat:

–  Ma’lumki, nimalarnidir mo‘ljallash,  rejalar tuzish oson, biroq ularni amalga tatbiq qilish qiyin. Shu ma’noda ushbu o‘quv-seminarlar biz – yangi ish boshlayotgan deputatlar uchun ayni muddao bo‘ldi. Demoqchimanki, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish yo‘l-yo‘riqlarini o‘rgandik. Ishni nimadan boshlash, vakolatlarimiz, huquqlarimiz, shuningdek, ish olib borishda qanday jihatlarga alohida diqqat qaratish to‘g‘risida muayyan tasavvurga ega bo‘ldik.

O‘quv jarayonida Prezidentimiz ma’ruzalarida ilgari surilgan muhim g‘oyalar, partiya faoliyatiga doir yangi tadqiqotlar, davlat boshqaruvida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, qonunchilik sohasidagi yangiliklar bilan ham batafsil tanishdik. Ayniqsa, tumanning boshqaruv mexanizmlari, tarkibiy tuzilishi, ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatiga oid saboqlarni sinchkovlik bilan tingladim. O‘zlashtirgan bilimlarim deputat sifatidagi faoliyatimda g‘oyat qo‘l kelishi shubhasiz. 

 Shahnoza Alimova,

xalq deputatlari Mirzo Ulug‘bek tuman

Kengashiga 7-“Poshshobog‘”

saylov okrugidan

saylangan deputat:

– O‘quv-seminarlarda deputatlik nazoratini amalga oshirish usullari, deputatlik so‘rovi, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining axboroti va hisoboti eshituvini yo‘lga qo‘yish tartiblari xususida mufassal ma’lumotlar oldim. Jumladan, deputatlik nazoratini amalga oshirish uchun materiallar yig‘ishga imkon beruvchi  oddiy, ayni paytda samarali usullar – aholi vakillari bilan bevosita suhbatlashish va ularning fikr-mulohazalarini tahlil qilish, xonadonlarga kirib, odamlarning haqiqiy yashash tarzi bilan tanishish, ziyoli insonlar bilan doimiy aloqa o‘rnatish, hududdagi davlat organlariga kelib, biror masalada murojaat qilish uchun navbat kutib turgan fuqarolar fikrlarini tinglash kabilar men uchun juda qimmatli.

“O‘zingni angla” psixologik xizmat ko‘rsatish markazi direktori Zamira Azimova saylovchilar bilan uchrashuvlarni tashkil qilishning yangicha shakllari hamda yuzma-yuz muloqotlarda nizoli vaziyatlarning oldini olish  haqida ma’ruza qildiki, bu mening dunyoqarashimni yanada boyitdi.

“XXI asr”

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1624
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+