Prezidentimizning BMTning 75-sessiyasidagi nutqi Yangi O‘zbekiston tarixida yangi sahifa ochdi

24.09.2020, 15:57

Prezidentimizning BMTning 75-sessiyasidagi nutqi Yangi O‘zbekiston tarixida yangi sahifa ochdi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining tarixiy, yubiley 75-sessiyasida so‘zlagan nutqi hozirgi davrning eng dolzarb mavzularini qamrab olgani hamda tashabbuslarning muhimligi bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Ushbu nufuzli anjumanda davlatimiz rahbari tomonidan jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar natijasida yangi O‘zbekiston shakllanayotgani, bugungi kunda mamlakatimizdagi demokratik o‘zgarishlar ortga qaytmaydigan tus olgani ta’kidlandi.

Ayniqsa, Prezidentimiz nutqidan o‘rin olgan “Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga ko‘tarildi.

Bu borada muhim qonun hujjatlari qabul qilinib, mustaqil tuzilma – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.

Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlar jadal davom ettirilmoqda. Biz birinchi marta kambag‘allikni kamaytirish haqidagi qat’iy qarorimizni ochiq e’lon qildik. Bunga tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, investitsiya va biznes muhitini yaxshilash hamda zamonaviy infratuzilmani barpo etish, odamlarni yangi kasb-hunarlarga o‘rgatish va aholiga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish orqali erishmoqdamiz”, degan jumlalar hech kimni befarq qoldirmadi.

Ha, joriy yil boshida Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida aholini kambag‘allikdan chiqarish borasida so‘z bordi. Bugungi kunda ehtiyojmand oila vakillari “Temir daftar”ga kiritilib, ularni ish bilan ta’minlash va kambag‘allikdan chiqarish borasida salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Prezidentimiz BMTning mazkur sessiyasida ham aholini kambag‘allikdan chiqarishga alohida to‘xtalib, “... qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag‘ishlangan global sammitni o‘tkazishni taklif etamiz”, deyishgani barchaning diqqat-e’tiborini tortdi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Prezidentimizning mazkur nutqi va unda ilgari surilgan olamshumul takliflar xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq kutib olindi. Umuman olganda, davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75-sessiyasidagi nutqi Yangi O‘zbekiston tarixida yangi sahifa ochib berdi.

Abror OTABOYEV,

“O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sohibi.

  • Ko'rildi
    1839
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+