Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish ustuvor vazifa

05.10.2020, 15:52

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish ustuvor vazifa

O`zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi “Yoshlar qanoti”ning hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada “Yoshlar qanoti” faoliyatining o‘tgan davrdagi faoliyati atroflicha sarhisob qilindi.

-Mamlakatimiz rahbari tomonidan yoshlarga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda, - dedi O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdullo Aslonov. - Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida ham yosh avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish barqaror taraqqiyotga erishishning muhim omili ekanini alohida ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari 2017 yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ham yoshlar masalasiga e’tibor qaratib, Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani qabul qilish tashabbusini ilgari surgandi. Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi BMT konvensiyasini qabul qilish zarurati haqida yana bir bor ta’kidlab o‘tgani ham ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. O‘zbekiston yoshlari bu g‘amxo‘rliklarni har qadamda his qilib shunga yarasha javob bermoqlari lozim.

Konferensiyada alohida ta’kidlanganidek, kelgusida yoshlarning ilmiy, kasbiy salohiyatining rivojlanishi, salomatligi, iqtisodiy imkoniyatlarining kengayishi, qolaversa, texnologiya va innovatsiyalarni rivojlantirishga ajratiladigan sarmoyalar mamlakatimizning yuqori iqtisodiy taraqqiyotga erishishiga zamin yaratadi.

Hisobot davrida viloyat tarkibida 26 445 nafar a’zolar bo‘lib, shundan 15477 nafar a’zolarni 34 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil qiladi. Bu jami partiya a’zolarining 58 foiziga tengdir. 648 ta boshlang‘ich partiya tashkilotlarining 175 tasiga 34 yoshgacha bo‘lgan yoshlar yetakchilik qilishmoqda. 2019 yilda bo‘lib o‘tgan saylovlarda  Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga 1 nafar, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga 19 nafar deputatlar saylandi. Eng ko‘p saylangan yosh deputatlar Sirdaryo tuman Kengashida bo‘lib, ular 20 nafar deputatning 5 nafarini tashkil qiladi.

Afsuski, koronavirus pandemiyasi tufayli aholi, yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasi o‘sishi kuzatildi. Shunga qaramay, yoshlarning kuchli ijtimoiy ta’minoti, mehnat muhofazasini tashkil etish, iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratildi. Yoshlarning huquqlarini himoya qilish, bandlik, ta’lim imkoniyatlarini yaxshilash, salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish  va turmush farovonligini ta’minlash kun tartibidagi masalaga aylandi. “Yoshlar qanoti”ning yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish va faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar Yo‘l xaritasini muhokama qilish va tasdiqlash jarayonida “Yoshlar qanoti” faollari ham o‘z taklif va fikrlarini bildirib o‘tishdi.

Konferensiyada, shuningdek, “Yoshlar qanoti” Jamoatchilik Kengashi tarkibi tasdiqlandi hamda respublika “Yoshlar qanoti” Jamoatchilik Kengashi Konferensiyasiga delegatlar saylandi.

Konferensiya savol-javoblar, qizg‘in munozaralar ostida yakun topdi. Ishtirokchilar konferensiyadan so‘ng “Mili tekstil Sirdaryo” MChJga tashrif buyurib korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, partiya safiga qabul qilingan yangi yosh a’zolarga a’zolik guvohnomalari topshirildi.

Husan JABBOROV,

O`zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi

Yoshlar bilan ishlash bo‘limi mudiri

 

 

  • Ko'rildi
    1047
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+