Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi. Uning taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shish — asosiy maqsad

06.10.2020, 10:32

Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi. Uning taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shish — asosiy maqsad

Xalqimiz hamisha ustozlarni e’zozlab, ularning hurmat-izzatini joyiga qo‘yib kelgan. «Ustoz ota kabi ulug‘» degan hikmatli naql ham bejiz aytilmagan. Zero, butun borlig‘ini yosh avlod tarbiyasiga baxsh etadigan o‘qituvchi va murabbiylar mehnati, jasorati har qanday yuksak baholarga munosibdir.

Shu bois keyingi to‘rt yilda ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotlar davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishi darajasiga ko‘tarildi. Ta’lim tizimini isloh etish jarayonida o‘qituvchi kasbi nufuzini oshirish, jamiyatdagi maqomini ko‘tarishga alohida e’tibor qaratildi.

Bugun ham shu azaliy silsilaning uzviy davomi sifatida xalqimiz 1 oktabr sanasini O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlamoqda. Bu yilgi bayram tadbirini ilk bor Prezidentimiz ishtirokida o‘tgani ta’lim va tarbiya masalasi mamlakat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini amalda isbotladi.

Davlatimiz rahbarining ustozlarga odatiy tabrik emas, balki murojaat bilan chiqib, ularning mehnatiga ulkan baho bergani shubhasiz, yurt kelajagiga bo‘lgan e’tiborning yuksak namunasidir. Negaki, millionlab farzandlarimiz qalbiga ilm-fan ziyosini singdirib, ularni el-yurtga munosib insonlar etib tarbiyalayotgan zahmatkash va olijanob ustozlarimizga har qancha tahsinlar aytsak, arziydi.

Prezidentimizning mamlakatimizning kelgusi taraqqiyotini o‘ylab, o‘qituvchi va muallimlarning hayotimizdagi nufuzi va mavqeini oshirish maqsadida ularning maqomini qonun darajasida belgilash bo‘yicha ilgari surgan taklifini oqilona siyosat deb bilaman. Inchunun, yurtboshimizning «O‘qituvchilarning huquqlari davlat himoyasida bo‘lishini, ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuv, boshqa ishlarga jalb qilish javobgarlikka sabab bo‘lishini qat’iy belgilash lozim», degan chuqur ma’noli fikrlari barcha yurtdoshlarimizda katta qiziqish uyg‘otdi.

Davlatimiz rahbari o‘z murojaatida parlament a’zolaridan maktablar bilan ishlash tizimini alohida nazoratga olib, ushbu jarayonlarga yaqindan ko‘mak berishlarini so‘radi va Oliy Majlis palatalariga ikki oy muddatda umumta’lim maktablari bilan ishlashni yanada kuchaytirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha zarur vazifalarni belgilab berdi. Bu esa parlament quyi palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Zotan, bugun shiddat bilan rivojlanayotgan zamon har birimizdan bu masalaga alohida tashabbus ko‘rsatishni talab etmoqda.

Shundan kelib chiqib, har bir deputat maktab muammosiga birinchi darajali masala deb qarashi, yoshlar bilan doimiy ravishda muloqot qilishi, ularning muammo va takliflari bilan qiziqishi, umuman, Yangi O‘zbekistonning maktab ostonasidan boshlanishiga o‘z hissasini qo‘shishi lozim. Chunki, kelajagimiz vorislariga berilayotgan ta’lim-tarbiya yurt taqdirini belgilab beradi.

Yana bir muhim jihat, bayram tadbirida bugun har bir o‘qituvchi va tarbiyachi, oliygoh domlasi ta’lim va ilm-fan sohasidagi eng so‘nggi ijobiy yangiliklarni o‘quv jarayonlariga tatbiq eta oladigan, chuqur bilim va dunyoqarash egasi, zamonamiz va jamiyatimizning eng ilg‘or vakillari bo‘lishi kerakligi aytib o‘tildi. Sababi bunday ustozlar qo‘lida ta’lim olgan o‘quvchilar O‘zbekistonning yorug‘ kelajagini bunyod etishga qodir avlod bo‘lib kamol topadi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida «Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir», deya ta’kidlagani yodimizda. Murojaatda bu so‘zlarning yana takroran yangrashi bejiz emas. Haqiqatdan ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch bu – ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir.

Nutqda dunyo miqyosidagi keskin raqobatga bardosh bera oladigan milliy ta’lim tizimini yaratish, ta’lim maskanlarining moddiy-texnik bazasini, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, soha xodimlarining ish haqini bosqichma-bosqich oshirib borishga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandiki, bu bundan keyin ham ularning mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash doimiy e’tibor markazida bo‘lishidan dalolat beradi.

Murojaatda maktablarda informatika, kimyo, xorijiy tillar kabi fanlar bo‘yicha o‘qituvchilar yetishmovchiligini bartaraf etish maqsadida pedagogik bo‘lmagan yo‘nalishlar bo‘yicha oliy ta’lim olayotgan yoshlar uchun qisqa muddatli pedagogik kurslar tashkil qilinishi ham aytib o‘tildiki, bular partiya saylovoldi dasturida ilgari surilgan vazifalarga to‘liq hamohangdir.

O'zLiDeP saylovoldi dasturida ta’lim-tarbiya sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, Ta’lim to‘g‘risidagi kodeksni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish, mamlakatimiz xalq ta’limi tizimiga rivojlangan davlatlar tajribalarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilgan. Bizning asosiy maqsadimiz – maktab, o‘rta maxsus va oliy ta’lim tizimida raqobat muhitini shakllantirish, davlat-xususiy sherikchilik va xususiy sektor resurslaridan keng foydalanish, «fuqarolarni butun umri davomida o‘qitish» modelini hayotga tatbiq etish, aholining oliy ta’lim bilan qamrab olinishini rivojlangan davlatlar darajasiga yetkazishdir.

Xulosa shuki, butun borlig‘ini yosh avlod tarbiyasiga baxsh etadigan o‘qituvchi va murabbiylar mehnati har qanday yuksak baholarga munosibdir. Zotan, insonni inson qilib kamol toptirishda, unga ezgu orzu-niyatlar bilan yashash tuyg‘ularini singdirishda ta’lim sohasi barcha fidoyilarining hissasi beqiyosdir.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    11511
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+