Amaliy-seminardan so‘ng “Ixlos tekstil sanoat”, “Mustang tekstil” va “Kelajak sifat tekstil” korxonalari va “Koroskon durdonasi” fermer xo‘jaligi innovatsion g‘oya egalari bilan kelishuvga erishdi

19.01.2018, 16:20

Amaliy-seminardan so‘ng “Ixlos tekstil sanoat”, “Mustang tekstil” va “Kelajak sifat tekstil” korxonalari va “Koroskon durdonasi” fermer xo‘jaligi innovatsion g‘oya egalari bilan kelishuvga erishdi

O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashi tashabbusi bilan biznes tuzilmalar va fermerlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan Namangan muhandislik-texnologiya instituti va Namangan viloyat hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transfer markazi hamkorligida innovatsion g‘oyalar, texnologiya va loyihalarni viloyatdagi ishlab chiqarish korxonalari, fermer xo‘jaliklari hamda boshqa sohalarda amaliyotga keng tadbiq etishga ko‘maklashish maqsadida “Ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda innovatsion texnologiyalarning o‘rni” mavzusida amaliy-seminar tashkil etildi.

Yurtboshimizning “Innovatsiya – bu kelajak degani. Biz buyuk kelajagimizni barpo etishni bugundan boshlaydigan bo‘lsak, uni aynan innovatsion g‘oyalar, innovatsion yondashuv asosida boshlashimiz kerak”, degan fikrlari barcha sohada innovatsion yondashuvni talab etmoqda. Inchunun tadbirkorlik faoliyatini innovatsion g‘oyalar, ya’ni zamonaviy yondashuvlar va ilg‘or texnologiyalarsiz tasavvur etish, rivojlantirish qiyin. Tadbirkor innovatsion  g‘oyalar, ilg‘or texnologiyalarni o‘z faoliyatida qo‘llash orqali raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqaradi, eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratib, nafaqat o‘zini va oilasini boqadi, balki butun jamiyatga naf keltiradi.

– Amaliy-seminarda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi doirasida faoliyat yuritayotgan tadqiqotchilarning izlanishlarini amaliyotga tadbiq etishni maqsad qilib oldik, – deydi Namangan viloyat hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transfer markazi direktori, professor Rustam Muradov.  – Innovatsion texnologiyalarni keng jalb etish tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi va shu bilan birga o‘z innavatsion loyihalariga ega olimlarni yangidan-yangi loyihalarni yaratishga undaydi.  

Seminarda innovatsion texnologiyalar loyihasi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Tikuv-trikotaj mahsulotlari dizayni, issiqxona va inkubatorlarni avtomatik boshqarish, muqobil energiyadan foydalanish va tolali chiqindilarni qayta ishlash borasidagi innovatsion loyihalar tadbirkorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

– Mazkur amaliy-seminarda tikuvchilik korxonalarida mahsulotlarni modellashtirish va bichish jarayonlarini kompyuter texnologiyalardan foydalangan holda amalga oshirish orqali homashyo sarfini kamaytirish va mahsulot sifatini oshirishga qaratilgan loyiha menda katta qiziqish uyg‘otdi, – deydi “Ixlos tekstil sanoat” MChJ direktori Xorunxon Ahmadjanov. – Bizning korxonamizda asosan erkaklar ustki kiyimlari ishlab chiqariladi. Aynan mana shu loyihani korxonamizda amaliyotga joriy etish orqali birinchi navbatda xomashyo sarfi kamayadi, zamonaviy modeldagi mahsulotlar turi ko‘payib, raqobatbardosh va eksportbop mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatlarimiz yanada oshadi.  

Tadbir yakunida “Ixlos tekstil sanoat”, “Mustang tekstil” va “Kelajak sifat tekstil” korxonalari tomonidan mahsulotlar dizayini bo‘yicha, “Koroskon durdonasi” fermer xo‘jaligi esa aqlli issiqxonalarni tashkil etish yo‘nalishida loyiha mualliflari bilan hamkorlikda ish olib borish va loyihalarni amaliyotga tadbiq etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Yana bir e’tiborli jihati shundaki, amaliy seminarga tayyorgarlik jarayonida NamMTI olimlari tomonidan yaratilgan tadbirkorlik faoliyati rivoji uchun dolzarb bo‘lgan 35 ta innovatsion loyiha va ishlanmalarning katalogi ishlab chiqildi. Mazkur katalogga kiritilgan loyihalarni ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targ‘ib qilgan holda, ularni amaliyotga joriy etish yuzasidan ham zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.   

Ibrohim SATTAROV,

O‘zLiDeP Namangan viloyat

Kengashi bo‘lim mudiri

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1526
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+