Qoraqalpoq xalqi hayotining real yaxshilanishiga erishish – asosiy maqsadimiz

12.11.2020, 09:20

Qoraqalpoq xalqi hayotining real yaxshilanishiga erishish – asosiy maqsadimiz

Joriy yilning oktabr oyida davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘istonda tuman va tarmoqlarni  rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari haqida to‘xtalib, bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni  qisqartirish, investitsiya loyihalarini amalga  oshirish, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, uy-joy qurilishi, ijtimoiy infratuzilma sohalari salohiyatidan foydalanish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab bergan edi.

Shuningdek, Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 75-sesiyasidagi o‘z nutqida Orolbo‘yi hududi  ekologik fojeaning markaziga aylanganini qayd etgani ham yodimizda. Shu bois, O‘zLiDeP a’zolari davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish hamda ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sana – Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlashni muhim deb hisoblaydi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston yuzaga kelgan  vaziyatni yaxshilash bo‘yicha  keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Masalan, Qoraqalpog‘iston  Respublikasining har bir tumanida 2 tadan faoliyat turi o‘ziga xos “o‘sish nuqta”si etib belgilandi. Xususan, yuqoridagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik sub’ektlari 3 yil muddatga yer solig‘i, mol-mulk solig‘i, kichik korxonalarning aylanmasidan olinadigan soliq, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat’iy miqdordagi daromad solig‘idan ozod etiladi.

Biz  yurtboshimizning Toshkentda bo‘layotgan yangiliklar Nukusga ham kelishi kerak, degan fikriga alohida e’tibor qaratamiz. Aynan shu masalalar joriy yilning 10 noyabr kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ko‘rib chiqildi.

523 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish, qariyb 20 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish mo‘ljallangani kelgusi ishlarning ko‘lamini ko‘rsatib turibdi. Bu borada partiyamiz qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi vazifalarni hal etish, xususan, paxta yetishtirish bekor qilinayotgan 12 ming gektar maydonda eksportbop sabzavot ekinlarini joylashtirish, foydalanishdan chiqqan 36 ming gektar yerni qayta o‘zlashtirish, “Qoraqalpoq-agro” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish ustidan deputatlik nazoratini o‘rnatish  nihoyatda muhim deb hisoblaydi.

Bugungi kunda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi nisbatan past bo‘lgan Taxtako‘pir, Bo‘zatov, Shumanay tumanlarini rivojlantirish  bo‘yicha alohida choralar belgilangani ham diqqatga sazovordir. Endilikda bu tumanlarda ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash uchun 2021-2023 yillarda 409 milliard so‘mlik 172 ta loyiha amalga oshiriladi. Partiyamiz  davlatimiz rahbarining  yangi korxonalar tashkil etib, aholini  ish bilan ta’minlash,  oilalarni kambag‘allikdan olib  chiqishga ko‘maklashish muhim degan so‘zlari amalda tadbiq etiladi – degan qat’iy fikrda. Qoraqalpog‘istonda  ishlarni yangicha tashkil etish va aholi hayotini yaxshilash va daromadlarini oshirish bo‘yicha yangi tizim tashkil etilishiga ishonchimiz komil.

E’tiborga molik jihati, yaqinda O‘zLiDeP fraksiyasi  vakillarining Orolbo‘yi mintaqasiga uyushtirgan safari, u yerdagi aholi olib borilayotgan tub o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlabgina qolmay, davlatimiz  rahbari  tomonidan belgilangan vazifalarga erishishda  o‘z hissalarini qo‘shishga tayyor ekanliklarini ham ko‘rsatdi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi Spikeri o‘rinbosari,

 O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    1072
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+