Ulug‘norda xotin-qizlar muammolari o‘rganildi

22.01.2018, 17:31

Ulug‘norda xotin-qizlar muammolari o‘rganildi

Ulug‘nor tumanining chekka hududidagi Bobur mahallasining 4209 nafar aholisining 2130 nafarini xotin-qizlar tashkil qiladi. Mahalla fuqarolar yg‘ini raisi Gulnoraxon O‘sarova mahalla holidan doimiy xabardor. Kimning qanday muammosi bor, kimga qanday yordam kerak – barchasini yaxshi biladi. O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” tomonidan mahallaning “Sanoat”, “A.Avloniy”, “Farhod” hamda “Shukrona” ko‘chalari xonadonlarida tashkil etilgan amaliy muloqotlar davomida aholining muammolariga yechim topildi.

-Moddiy ahvolim, oilaviy sharoitim, salomatligim yaxshi emas, - deydi “Sanoat” ko‘chasi 45-uyda istiqomat qiluvchi 2-guruh nogironi Maqsuda Usmonova. – Prezidentimizning nogironlarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rliklari tufayli bizlarga alohida e’tibor berilayotgani, xonadonimiz davlatimiz tomonidan zamonaviy ta’mirlangani hamda mahallamiz tashabbusi bilan 4 foizli kredit hisobiga qoramol olib berilganidan boshim ko‘kka yetdi. Bugun esa O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi xodimlarining tashrifi, xol so‘raganlari bizga bo‘lgan e’tibordan darakdir.

Feruza Oxunova “A.Avloniy” ko‘chasi 7-xonadonda istiqomat qiladi. 12 sotixdan iborat tomorqasida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish niyatida. Bundan tashqari, mahallasidagi bo‘sh turgan yerni “nol” qiymatida olgan, bu joyga maishiy xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish shohobchasi qurmoqchi. Fuqaro mazkur faoliyatlarni yo‘lga qo‘yish uchun kredit olishda qator to‘siqlarga duch kelayotgani xususida murojaat qildi.  Uning muammosini hal qilishni xalq deputatlari Ulug‘nor tuman Kengashi deputati, O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi Muhammadjon Abdullayev o‘z zimmasiga oldi.

“Farhod” ko‘chasida Hulkaroy Po‘latova, “Shukrona” ko‘chasida yashovchi Lazokatxon O‘rmonovalarning ham imtiyozli kredit olish masalasidagi murojaatlariga yechim topishni O‘zLiDeP Ulug‘nor tuman Kengashi ish rejasiga kiritdi.

Umidaxon ISAYEVA,

O‘zLiDeP Andijon viloyat kengashi

bo‘limi mudiri

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1508
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+