Qonun puxta ishlab chiqilsa, xalq manfaatiga xizmat qiladi

22.01.2018, 18:04

Qonun puxta ishlab chiqilsa, xalq manfaatiga xizmat qiladi

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan partiya faollari – tadbirkorlar va fermerlar ishtirokidagi amaliy muloqotda “Mediatsiya to‘g‘risida”gi, “Qishloq xo‘jalik o‘simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi hamda “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari loyihalari haqida so‘z bordi. Muhokamalar jarayonida “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunining yangi tahrirda qabul qilinishi tarmoq va hudud darajasida to‘g‘ri tashkil qilishni ta’minlashi, mehnatni muhofaza qilish talablarini bajarishga ish beruvchi bilan birga xodimning ham mas’uliyatini oshirishi alohida ta’kidlandi.

“Mediatsiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi borasida ham ishtirokchilar tomonidan aniq takliflar va fikr-mulohazalar bildirildi. Xususan, mazkur qonun loyihasida mediatorlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tadi, ammo kimga bo‘ysunishi aytilmaganligi, mediator mustaqil bo‘lishi, huquqiy bilimlarni mukammal egallagan bo‘lishi, xo‘jalik ishlari va fuqarolar muammolari bilan shug‘ullanishga huquqi bo‘lishi kerakligi bildirildi.  

“Qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi borasida fikrlar ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

—“Agrokimyo” AJ viloyat filiali tuman bo‘limlarida o‘g‘itlarning tarkibini tushunadigan malakali mutaxassislar yetishmaydi, kimdan maslahat so‘rashni bilmaymiz, - deydi fermer Nasiba Nurova. —O‘tgan yili bizga bug‘doyning zang kasalligiga qarshi, deb kimyoviy dori berishdi. Ammo hech qanday samara bermadi. Sarflagan mablag‘imiz va mehnatimizga kuydik xolos. Qonunga agar olingan kimyoviy yoki biologik mahsulotlar o‘simlik vegetatsiyasi va hosildorlikni oshirish, zararkunandalarga qarshi kurashda samara bermasa, yetkazilgan zararni undirish to‘g‘risida band kiritilishi lozim. O‘simliklar kasalligini aniqlaydigan, unga qarshi kimyoviy va biologik kurash masalalari bilan shug‘ullanadigan biolaboratoriya tashkil etish kerak.

—“Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasiga quyidagi takliflarim bor, - dedi viloyat kengashi deputati Mustafxon Sultonov. – Qashqadaryo qirg‘oqlariga axlatlar, har xil hayvonlar o‘ligi chiqarib tashlanadi, zovurlar chetlari muhofazalanmagan. Daryoning ichida baliqxonalar tashkil etilayapti, natijada hashorat ko‘payib, atrof-muhitga katta zarar yetayapti. Bu borada mas’uliyatni oshirish, aybdorlarga katta jarima solish xususida band kiritilishi maqsadga muvofiqdir. Aks holda ayrim fuqarolar atrof muhitimizga zarar yetkazishda davom etaveradilar. Inson sog‘lig‘i, avvalo, atrof muhit musaffoligiga bog‘lik ekanligini unutmaylik. Shunday ekan inson sog‘lig‘i jumlasini inson sog‘lig‘i va atrof muhitga keltirilgan zarar deya o‘zgartirish kerak.  

Tadbir davomida mazkur qonun loyihalari yuzasidan elektorat vakillari, sohaning tajribali mutaxassis va ekspertlari tomonidan o‘ttizdan ortiq amaliy taklif va tavsiyalar bildirildi. Amaliy muloqotlar vohaning barcha hududiy partiya kengashlarida ham bo‘lib o‘tayapti.

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi

matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1365
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+