Yangi g‘oyalardan ulkan maqsadlar sari

22.01.2018, 18:56

Yangi g‘oyalardan  ulkan maqsadlar sari

O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi tomonidan Asaka va Andijon tumanlarida “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” munosabati bilan o‘z biznesini yangi boshlagan  tadbirkor va fermerlarning sohadagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, yetuk, tajribali soha vakillaridan kerakli tavsiya va maslahatlarni olish maqsadida amaliy uchrashuvlar tashkil qilindi. “Yangi g‘oyalardan-ulkan maqsadlar sari” mavzusida ochiq muloqot va tajriba almashish tarzida bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyatning barcha shahar hamda tumanlaridan ko‘plab tadbirkor va fermerlar ishtirok etdilar.

Dastlab ishbilarmonlar Asaka tumanidagi “Samaragrozoovet” MChJ faoliyati bilan tanishar ekanlar, bu yerda tashkil etilgan ish faoliyati, eksport va import yo‘nalishlari chinakam tajriba maktabiga guvoh bo‘ldilar. Korxona tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar, yaratilgan ish o‘rinlari to‘g‘risida qatnashchilarga atroflicha ma’lumotlar bergan MChJ rahbari Bahodir Ahmedovning sohadagi yutuqlari haqiqatan o‘rganishga arziydi.

 Andijon tumanidagi “Ravon taraqqiyot orzusi” mas’uliyati cheklangan jamiyati nafaqat viloyatda, balki butun mamlakatda mahsulotlari sifati bilan alohida e’tirof qozongan. Bugun korxonada mehnat qilayotgan 1200 dan ortiq yigit-qizlar tayyorlayotgan oyoq kiyimlarining 60 foizi 8 ta xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.

-Jamiyatimiz mahsulotlari ichki va tashqi bozorda xaridorlariga egaligi, tobora talabning o‘sib borayotgani yanada shijoat bilan astoydil ishlashga undamoqda, - deydi MChJ qoshidagi BPT raisi, korxona ish yurituvchisi Xabibullo Qipchakov. – Bugungi seminar doirasida korxonamizga uyushtirilgan tashrif davomida hamkasblarimizni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berishga harakat qildik.

- O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi tomonidan  tashkil etilgan ushbu amaliy seminar o‘z faoliyatini yangi boshlagan tadbirkorlarni yangi g‘oya va maqsadlar sari dadil intilishga undadi, - dedi Baliqchi tumanidagi “Gulchiroy” MChJ rahbari Hayotbek Hojimuratov. – Bizga bu seminar davomida faoliyatimizda nimalarga e’tibor qaratishimiz va davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanishimiz yuzasidan kerakli ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga ishtirokchilar bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va shartnomalar tuzishga kelishib oldik.     

Amaliy seminar mobaynida Asaka va Andijon tumanlaridagi qator tadbirkorlik ob’ektlariga uyushtirilgan tashriflar tadbirkor va fermerlarga o‘zaro biznes shartnomalarini amalga oshirish, kelajakda mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun zamin yaratdi. Tadbir yakunida faol ishtirokchilar partiyaning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. O‘z navbatida ular orasidan 5 nafari partiya a’zoligiga qabul qilindi.

 Dilmurod Sultonov,

  O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi

 Biznes tuzilmalar va fermerlar

 bilan ishlash bo‘limi mudiri

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1348
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+