O‘zLiDeP deputati ko‘magida Ulug‘norda 750 ta yangi ish o‘rni yaratiladi

23.01.2018, 17:01

O‘zLiDeP deputati ko‘magida Ulug‘norda 750 ta yangi ish o‘rni yaratiladi

Ulug‘nor tumani Andijon viloyatining chekka cho‘l zonasi hisoblanadi. Hududda ishlab chiqarish korxonasi ko‘p emas. Ammo aholini ish bilan ta’minlash bugungi kunning dolzarb vazifasidir. Shundan kelib chiqib, O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi, tadbirkor Muhammadjon Abdullayev tumanda ishlab chiqarish korxonasini barpo etishga bel bog‘ladi.

Tadbirkor tuman hokimligiga to‘qimachilik korxonasini qurish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun ariza bilan murojaat qildi. Uning 50 milliard 938 million so‘m mablag‘ hisobidagi loyihasi tasdiqlangach, tadbirkorga tuman markazida foydalanilmay turgan qarovsiz yer “nol” qiymatida investitsiya kiritish sharti bilan ajratildi.

– Loyiha tadbirkor hamkorimiz Iqboljon Abdubannayevning 12 milliard 734 million so‘m mablag‘i va “Asakabank”ning 38 milliard 204 million so‘m mablag‘ hisobiga moliyalashtirilgan, – deydi tadbirkor M. Abdullayev. –  Korxonada 1-bosqichda to‘qimachilik mahsulotlari, 2-bosqichda mato va ipni bo‘yash hamda trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi. Prezidentimizning “To‘qimachilik, tikuv-trikotaj sanoatini jadal riojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bu boradagi ishlarimizni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi, deb ishonamiz.

Ayni paytda “Vodiy sanoat faxri” MChJ ta’sischiligidagi korxonaning pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbirkorlik ob’ekti ishga tushgach, 750 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Dilmurod SULTONOV,

O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi

biznes tuzilmalari va fermerlar

 bilan ishlash bo‘limi mudiri

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1113
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+