Ulug‘ Yo‘lboshchimizdan bizga ozod va obod vatan meros qoldi

24.01.2018, 19:53

Ulug‘ Yo‘lboshchimizdan bizga ozod va obod vatan meros qoldi

Mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, o‘zbek xalqining ardoqli farzandi, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash, yorqin xotirasini abadiylashtirish, uning buyuk jasoratini o‘sib kelayotgan navqiron avlod vakillariga yetkazish maqsadida O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, Toshkent shahar Kengashi va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda “Mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etdi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda deputatlar, universitetning professor-o‘qituvchilari, talaba yoshlar, ilm-fan arboblari, davlat muokofoti sovrindorlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

E’tirof etilganidek, Islom Karimovning qat’iyati va jasorati bilan mamlakatimiz mustaqillikka erishdi va o‘z taraqqiyot yo‘lida ulkan muvafaqqiyatlarni qo‘lga kiritdi. Birinchi Prezidentimiz yosh davlatimiz uchun g‘oyat murakkab va mas’uliyatli davrda vaziyat beqarorlashuvini oldini olibgina qolmay, xalqimizning urush dahshatlarini ko‘rmasdan, tinch-totuvlikda mustaqillikka yetakladi. Tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash ulug‘ Yo‘lboshchimizning keyingi faoliyatida ham bosh mezonga aylandi. Birinchi Prezidentimiz ichki va tashqi siyosatda ham ana shu tamoyilga amal qildi. O‘zbekiston Islom Karimov rahnamoligida Markaziy Osiyoning eng qudratli davlatlaridan biriga aylandi, dunyo hamjamiyati O‘zbekiston bilan hisoblashishga o‘rgandi.

– O‘tgan 25 yil ichida iqtisodiy yo‘nalishda ham ulkan marralarga erishdik, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Dilorom Fayziyeva. – Zotan, Islom Karimov rahbarligida ishlab chiqarish sohasi rivojlandi, milliy mahsulotlarimizni jahon bozoriga olib chiqishni o‘rgandik. Bugun ko‘chalarimizni to‘ldirib yurgan milliy avtomobillarimiz va avtomobil zavodlarimizga Birinchi yo‘lboshchimiz ta’mal toshini qo‘yganini barchamiz yaxshi anglaymiz. Bugun ushbu avtomobillarimiz nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham xaridorgir.

Darhaqiqat mustaqilligimizning dastlabki chorak asri mobaynida mamlakatimizda nafaqat avtomobilsozlik, balki yengil va og‘ir sanoat, kimyo-texnologiyalar, neft va neft mahsulotlarini qayta ishlash yo‘nalishlarida gigant korxonalar tashkil etildi. Bu esa mamlakatimiz sanoati salohiyatini yuksaltirdi. Bir so‘z bilan aytganda, ulug‘ Yo‘lboshchimiz rahnamoligida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i dunyo yuzini ko‘rdi va jahon bozorida ham raqobat indeksiga aylandi. Bu esa bir vaqtlar faqat paxta xomashyosini tayyorlab berishdan nariga o‘tmagan mamlakat uchun haqiqiy sanoat inqilobi edi. Islom Karimov O‘zbekistonni “xomashyo yetkazib beruvchi mamlakat”, degan tahqirlardan olib chiqqan odil Yo‘lboshchimiz edi.

– Birinchi Prezidentimiz rahbarligida bunyodkorlik ishlariga alohida e’tibor qaratildi, – deydi O‘zLiDeP Toshkent shahar Kengashi raisi To‘rabek Nazarov. – Keng va ravon ko‘chalar, ko‘priklar, mahobatli san’at saroylari, konsert zallari, kutubxona va mehmonxonalar ulug‘ Yo‘lboshchimizdan O‘zbekistonga meros qoldi. Xorijlik mehmonlarning “Toshkentni tanimay qoldim”, “Yurtingiz o‘zgarib ketibdi” kabi iqrorlari mustaqil O‘zbekiston uchun Islom Karimovning xizmati naqadar buyuk ekanini yana bir karra isbotlaydi. O‘tgan chorak asr davomida ana shu bunyodkorlik ruhi butun mamlakatimizni qamrab oldi. Chekka-chekka qishloqlarimizda qurilgan na’munaviy uylar, maktablar va bog‘chalar, sport inshootlarida Islom Karimovning nomi abadiy yashaydi. Inchunun ulug‘ Yo‘lboshchimiz mamlakatimizdagi barcha bunyodkorlik ishlarining Bosh me’mori edi.

Birinchi Prezidentimiz rahbarligida milliy qadriyatlarimiz, an’analarimiz e’zoz topdi. Buyuk allomalarimiz, qomusiy olimlarimizning nomi abadiylashtirildi, muqaddas qadamjolarimiz obod bo‘ldi. Imom al-Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, singari islom olamining buyuk allomalari mangu qo‘nim topgan joylar ziyoratgohga aylantirildi. Muso al-Xorazmiy, Ibn Sino, Abu rayhon Beruniy, Ahmad al-Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek singari dunyo ilm-fani asoschilarining nomlari abadiylashtirildi. Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganidek, Islom Karimov ana shunday buyuk ajdodlarimizning ruhlarini shod qilgan ulug‘ Yo‘lboshchimiz edi.

Tadbirda so‘z olgan ilm-fan arboblari Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan mustaqillik yillarida mamlakatimiz taraqqiyotning “o‘zbek modeli” asosida yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlashning tashkiliy asoslari yaratilgani, ularning salohiyati, iste’dodini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashning mustahkam mexanizmi shakllantirilganini alohida e’tirof etdilar. Xususan, yoshlarning ijtimoiy hamda ma’naviy kamol topishi uchun shart-sharoitlar yaratib berish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1991 yilda “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilingani Birinchi Prezidentimizning yoshlarimizga otalarcha issiq mehrining yaqqol isbotidir.

Tadbirda ishtirokchilari xalqimizning cheksiz muhabbatini qozongan, mustaqil mamlakatimizning Birinchi Yo‘lboshchisi Islom Abdug‘aniyevich Karimov qalblarimizda abadiy qolishini va kelajak avlodlar xotirasida tinchlik, barqarorlik, farovonlik va taraqqiyot rahnamosi, buyuk davlat arbobi sifatida mangu yashashini ta’kidlab o‘tishdi.

Ulug‘ Yo‘lboshchimiz tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar O‘zLiDeP hududiy Kengashlarida keng nishonlanmoqda.

Hasan SALOMOV,

O‘zLiDeP matbuot xizmati xodimi

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    3817
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+