O‘zLiDeP banklar bilan yaqin hamkorlik qilmoqda

25.01.2018, 15:03

O‘zLiDeP banklar bilan yaqin hamkorlik qilmoqda

Toshkent davlat agrar universitetida O‘zLiDeP Toshkent viloyati Kengashi va “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki viloyat boshqarmasi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kichik tadbirkorlik sub’ektlariga mikromoliyaviy yordam ko‘rsatish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va kam ta’minlangan oilalarga mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatishni nazarda tutadigan loyihalarni moliyalashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga qaratilgan ochiq muloqot tashkil etildi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tadbirkorlar erkinliklarini ta’minlash uchun iqtisodiy, tashkiliy, huquqiy sharoit va kafolatlar yaratilishi, mazkur qatlam faoliyatining har tomonlama rag‘batlantirilishi, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning iqtisodiy mustaqil bo‘lishi, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishdagi mavjud to‘siqlarning bartaraf etilishi tarafdoridir. Shundan kelib chiqib, partiya mamlakatimizdagi bank muassasalari qatori “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki bilan ham hamkorlikda keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Xususan, yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish maqsadida kichik tadbirkorlik sub’ektlariga mikromoliyaviy yordam ko‘rsatish, boshlang‘ich kapitalni shakllantirish uchun kredit ajratish, oilaviy tadbirkorlik, xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyati, kasanachilik, hunarmandchilik va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarni rivojlantirish uchun mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu bilan birga aholining, ayniqsa, qishloq joylarda bandligini ta’minlash va daromadini oshirishni ko‘zda tutuvchi loyihalarni moliyalashtirish, yangi ish o‘rinlari tashkil qilayotgan korxonalar faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan ularga texnologik jihozlash va modernizatsiyalash uchun zamonaviy uskunalar va mini-texnologiyalar xarid qilishga kreditlar berish masalasiga ham jiddiy yondashilmoqda.

Tadbirda so‘z olgan partiya faollari tijorat banklari orqali tadbirkorlik faoliyatini boshlayotganlarga boshlang‘ich kapitalni shakllantirish, o‘z faoliyatini kengaytirish uchun mikrokreditlar ajratish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan bitiruvchilarning «Start-up» loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratilishini ta’kidlashdi.

Shuningdek, muloqotda “Mikrokreditbank” ATB hamda O‘zLiDeP yo‘nalishlaridan kelib chiqib, yuqorida belgilab olingan vazifalarni yoshlar, xotin-qizlar, umuman aholini tadbirkorlikka yo‘naltirishga qaratilgan  partiyaviy loyihalar orqali amaliyotga tatbiq etishga kelishib olindi.

 O‘zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi

matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1545
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+