Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini erkinlashtirish va sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash O‘zLiDePning ham ustuvor vazifasi

26.01.2018, 16:15

Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini erkinlashtirish va sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash O‘zLiDePning ham ustuvor vazifasi

Mamlakatimizning taraqqiyotining yangi bosqichida qabul qilinayotgan har bir huquqiy hujjat yurtimiz salohiyatini yanada yuksaltirish, iqtisodiyotga investitsiyalarni keng jalb etishga qaratilmoqda. Kuni-kecha qabul qilingan Prezidentimizning “Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va “Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot va xom ashyo turlari bilan barqaror ta’minlash chora-tabirlari to‘g‘risida”gi qarori ham iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirish va xalqimiz turmush faravonligini oshirishga xizmat qiladi. O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi o‘tkazgan davra suhbatida Prezidentimiz imzolgan ana shu ikki hujjat mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so‘z bordi.   

Tadbirda ta’kidlanganidek, Prezidentimizning “Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bozorni sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, aholining xarid imkoniyatlarini mustahkamlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, shuningdek, mazkur sohadagi mavjud tizimli muammolarga barham berishga xizmat qiladi. Jumladan, iste’mol tovarlarini respublika tovar-xom ashyo birjalarida sotish (sotib olish)ga qo‘yilgan taqiq bekor qilinishi va shakar ishlab chiqaruvchilarni  2019 yilning 1 yanvariga qadar import xom ashyosi asosida ishlab chiqarilgan hajmlar qismiga qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashdan ozod qilinayotgani iste’mol mahsulotlari tanqisligini oldini oladi. Ulgurji savdoga litsenziya olishda eng kam ish haqining 3500 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda, shundan pul mablag‘lari eng kam ish haqining 1200 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda shakllantirilgan ustav fondi mavjudligi haqidagi talab bekor qilinishi esa oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishdagi monopoliyaga chek qo‘yadi.

Shuningdek, farmonda oziq-ovqat tovarlari narxini pasaytirish va barqarorlashtirish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishdagi sansalorlik va byurokratiyani bartaraf etish, mamlakatimizda ishchanlik muhitini yaxshilash bo‘yicha asoslantirilgan takliflar kiritish maqsadida tadbirkorlik sub’ektlari, jumladan, ahamiyatga molik oziq-ovqat tovarlarini eksport va import qiluvchilar, chet ellik investorlar va xorijiy hamkorlar bilan muntazam ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarni tashkil etish belgilanmoqda. Bu me’yor davlat idoralari tadbirkorlik sub’ektlari, xorijiy investor va xaridorlar o‘rtasida ochiq va shaffof muloqot maydonini shakllantiradi.

Yana bir jihatga alohida e’tibor qaratish lozim. Davlatimiz rahbarining mazkur farmoni oziq-ovqat tovarlarini olib kirish bo‘yicha ayrim sub’ektlarga taqdim qilingan individual bojxona, soliq va boshqa imtiyozlar, shuningdek, boshqa preferensiyalarning bekor qilinishi nosog‘lom raqobat, ayrim mahsulot turlari importining monopollashtirilishi, narxning sun’iy oshirilishi, asossiz foyda ko‘rishga ko‘maklashuvchi shart-sharoitlarga barham berish borasida muhim qadam bo‘ldi.

Davra suhbatida ta’kidlanganidek, Prezidentimizning “Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot va xom ashyo turlari bilan barqaror ta’minlash chora-tabirlari to‘g‘risida”gi qarori ham mamlakatimizda sog‘lom raqobat maydonini yaratishga xizmat qiladi. Zotan, amaldagi tizim bo‘yicha mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetarli hajmda ishlab chiqarilmaydigan, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar va xom ashyo resurslari turlarini import qilishda bojxona bojlari stavkasining yuqoriligi ularning taqchilligini yuzaga keltirmoqda. Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan korxonalar uchun rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni ishlab chiqish muddatlarining cho‘zilishi tayyor mahsulot ishlab chiqarish xarajatlarini ko‘paytirmoqda. Shu bois qarorda belgilangan vazifalar iqtisodiyot tarmoqlarini talab yuqori bo‘lgan mahsulot, xom ashyo va material turlari bilan barqaror ta’minlash, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan yanada samarali foydalanish, shuningdek, iqtisodiyotni liberallashtirish sharoitida mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, qarorda belgilangan yuqori likvidli mahsulotlar va xom ashyo resurslarini birja savdolarida realizatsiya qilishning samarali bozor mexanizmlarini joriy etish, noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish faoliyatini litsenziyalashning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish – tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini yanada rivojlantirishi shubhasiz.

Tadbirda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “Mediatsiya to‘g‘risida”, “Qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilish to‘g‘risida” hamda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunlari loyihalari mazmun-mohiyati muhokama qilinib, O‘zLiDeP faollari tomonidan ilgari surilgan taklif-tavsiyalar haqida fikr bildirildi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1866
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+