Yer egalarini qo‘llab-quvvatlash – O‘zLiDePning ham ustuvor vazifasi (VIDEO)

02.10.2017, 20:24

Yer egalarini qo‘llab-quvvatlash – O‘zLiDePning ham ustuvor vazifasi (VIDEO)

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda O‘zbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi hamkorligida Toshkent viloyati Zangiota tumanida “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlaridan samarali foydalanishi – bugungi davr talabi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston yosh fermerlar kengashi va ko‘p tarmoqli fermer, dehqon xo‘jaliklari  rahbarlari, tomorqa yer egalari  ishtirok etdi. Davra suhbatida Prezidentimizning “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati va ahamiyati keng muhokama qilindi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, agrar sohada olib borilgan keng ko‘lamli  islohotlarga qaramasdan, aholi ixtiyoridagi 480 ming gektardan ortiq tomorqa ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligi past darajada qolmoqda. Fermer va dehqon xo‘jaliklarining yer maydonlari hamda tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish ustidan parlament, vakillik va jamoatchilik nazorati lozim darajada o‘rnatilmagan. Fermer xo‘jaliklarining asosiy qismi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan cheklanib qolmoqda, ularning qayta ishlash, saqlash, tayyor mahsulotlarni sotish va xizmatlar ko‘rsatish kabi ko‘p tarmoqli faoliyatini yo‘lga qo‘yishda mavjud imkoniyatlardan foydalanilmayapti. 

Davra suhbati ishtirokchilari Prezidentimizning yuqoridagi farmoni bu kamchiliklarni bartaraf etishini ta’kidlashdi. Jumladan, farmonda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlaridan samarali foydalanishdagi shaxsiy manfaatdorligi va mas’uliyatini oshirish, bu borada parlament, vakillik va jamoatchilik nazoratining ta’sirchan tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ekin yer maydonlaridan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha vazifalarini aniq belgilash hamda ularning javobgarligini oshirish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini kuchaytirish kabi vazifalar mamlakatimizda yerdan oqilona va samarali foydalanishning yangi bosqichiga o‘tilganidan dalolat beradi.  

Farmon bilan tanishgan har bir kishi yerdan foydalanish yangicha mezonlar asosida baholanishini anglaydi. Jumladan, keyingi yildan boshlab har chorakda fermer xo‘jaliklarining yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligi xalq deputatlari tuman Kengashlarida, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligi esa har oyda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida muhokama qilib boriladi. Yer maydonlaridan samarasiz foydalangan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini to‘liq ekmagan, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga nisbatan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning bekor qilinishigacha bo‘lgan qat’iy javobgarlik choralari ko‘riladi. Shuningdek, 2022 yilning 1 yanvaridan boshlab ko‘p tarmoqli faoliyatni yo‘lga qo‘ymagan fermer xo‘jaliklari bilan yer ijarasi shartnomalari qonun hujjatlariga muvofiq bekor qilinadi.

Davra suhbati ishtirokchilari Prezidentimiz farmonida dehqonchilik madaniyatini oshirishda munosib hissa qo‘shgan va ishlab chiqarishda yuksak natijalarga erishgan fermer, dehqon xo‘jaliklari rahbarlari va tomorqa yer egalarini rag‘batlantirishga ham alohida e’tibor qaratilganiga urg‘u berishdi. “Ilg‘or fermer”, “Mehnatkash dehqon” va “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishonlarining ta’sis etilayotgani dehqonlarimizning mashaqqatli mehnati davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini anglatadi.

Ta’kidlash joiz, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi yerdan, xususan, tomorqadan unumli foydalanayotgan yer egalarini qo‘llab-quvvatlab kelayotir. Shu maqsadda “O‘zLiDeP boshlang‘ich tashkilotlari o‘z tomorqasida tadbirkorligini boshlaganlarga ko‘makdosh” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida partiyamizning eng quyi bo‘g‘ini mahalliy Kengashlardagi O‘zLiDeP deputatlik guruhlari va hududiy partiya tashkilotlari bilan hamkorlikda tomorqasida xususiy tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan yoki ish boshlab ayrim muammolarga duch kelayotgan oilalarga ko‘mak berib kelayotir. Shu kungacha quyi bo‘g‘inlarimiz 18 mingdan ziyod xonadon egalari bilan yuzma-yuz muloqot qilishdi. Muloqotlardan keyin 13 mingga yaqin xonadon egalari o‘z tomorqasida xususiy faoliyatini boshlab yubordi. Loyiha doirasida 9 mingdan ziyod oilaga, bankdan kredit olish, urug‘lik va ko‘chatlar yetkazib berish, yerning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha taklif-tavsiyalar berishdi. Prezidentimizning yuqoridagi farmoni mazkur loyihaning ahamiyati naqadar yuqori ekanini yana bir karra isbotladi. Shu bilan bir qatorda qarorda belgilangan vazifalar saylovoldi Dasturimizdagi vazifalarimiz bilan uyg‘un va hamohangdir.

Farmonda fermer xo‘jaliklarining yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligi xalq deputatlari tuman Kengashlarida muhokama etilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Bu mezon farmonda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bilan bir qatorda mahalliy vakillik organlarining mavqei va mas’uliyatini yanada oshiradi. Ayniqsa, O‘zLiDeP deputatlik guruhlari elektoratimiz bo‘lgan yer egalari – mulkdorlarning manfaatlarini himoya qilish, ularning faoliyatini rivojlantirish, muammolarini o‘rganish bo‘yicha har doimgidan ham ko‘ra ko‘proq mehnat qilishlariga to‘g‘ri keladi.

Davra suhbati yakunida fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining faoliyatini yaxshilash bo‘yicha chora tadbirlar dasturini ishlab chiqish, bu yo‘nalishda partiya tashkilotlari hamda O‘zLiDeP fraksiyasi va deputatlik guruhlarining vazifalari muhokama etildi. Agrar sohani rivojlantirish bo‘yicha qonun hujjatlariga tegishli tartibda o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomarqa yer egalari uchun imtiyozlarni yanada kengaytirish bo‘yicha mulohazalar tinglandi, tajribali dehqonlarning fikr-mulohazalari yuzasidan taklif-tavsiyalar ishlab chiqildi.   

O‘zLiDeP matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1824
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+