Davlat dasturi xalqimizni bir maqsad atrofida jipslashtiradi

29.01.2018, 20:03

Davlat dasturi xalqimizni bir maqsad atrofida jipslashtiradi

22 yanvar kuni Prezidentimiz joriy yilning eng muhim hujjatlaridan biri – “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Mazkur farmon yangi taraqqiyot bosqichimizning uzviy davomi bo‘lib, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy hayotimizdagi o‘zgarish va yangilanishlarga zamin yaratadi. Shu bois ham uning ijrosi nafaqat har bir davlat va nodavlat tashkilotidan, balki oddiy fuqarodan, siz-bilan bizdan ham katta mas’uliyat talab qiladi. Kuni-kecha bo‘lib o‘tgan O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining navbatdagi qo‘shma yig‘ilishida ham shu haqida so‘z bordi.

Partiya xodimlari, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari, partiya qoshida tuzilgan ekspertlar guruhi a’zolari, tadbirkor va fermerlar ishtirok etgan yig‘ilishda Prezidentimiz farmoni ijrosini ta’minlash bo‘yicha O‘zLiDeP oldida turgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Ta’kidlash kerak, Davlat dasturi loyihasi O‘zLiDePning barcha darajadagi tashkilotlarida keng muhokama etildi. E’tiborga molik jihati, ana shu yig‘ilishlarda ular tomonidan yuzga yaqin takliflar bildirildi. Ana shu raqamning o‘ziyoq, yurtdoshlarimizning amalga oshirilayotgan islohotlarda kuzatuvchi emas, balki faol ishtirokchi sifatida qatnashish istagi borligini namoyon etadi.

Tadbirda Davlat dasturi, eng avvalo, xalqimizning sinchkov nigohidan o‘tganiga alohida e’tibor qaratildi. Bu esa uning xalqchilligini ta’minladi. Shu bois ham uning ijrosini samarali yo‘lga qo‘yish O‘zLiDePning ustuvor vazifasidir. Chunki Davlat dasturida mamlakat rivojlanishining muhim asoslaridan biri sifatida aynan faol tadbirkorlikni rivojlantirishga urg‘u berilayotganligi tadbirkorlar uchun, qolaversa mamlakat siyosiy maydonidan ular nomidan faoliyat olib borayotgan O‘zLiDeP uchun ham juda katta mas’uliyat yuklashi ta’kidlab o‘tildi.

Yig‘ilishda Dasturda o‘z aksini topgan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha belgilangan vazifalar nafaqat tegishli sohalarda o‘zgarish yasashi, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi sifat darajasiga olib chiquvchi ushbu o‘zgarishlar yurtimiz qiyofasini ham o‘zgartirishni ta’kidlab o‘tishdi.

Eng avvalo, mamlakatimiz rahbari tomonidan 2018 yilning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda hal qiluvchi yil sifatida ta’kidlaganliklari, aynan shu yilda amalga oshiriladigan vazifalarni o‘zida aks ettirgan Davlat dasturida belgilab olingan vazifalarning o‘z vaqtida yuqori darajada bajarilishi qanchalik ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.

Ilgari surilgan masalalar miqyosi ularni to‘laqonli amalga oshirilishida butun jamiyatimiz, xalqimizning mamlakatimiz rahbari atrofida jipslashib, xalqimizga xos shijoat, mehnatsevarlik bilan oldimizda turgan marralar sari intilishimiz lozim bo‘lishi ta’kidlandi.

Bu borada tadbir ishtirokchilari Davlat dasturida ko‘zda tutilgan masalalar mohiyati yuzasidan aholining turli qatlamlari orasida tushuntirish ishlarini amalga oshiruvchi targ‘ibot guruhlarini tuzish va uning ishini tizimli asosda tashkil qilishga kelishib olishdi.

O‘z navbatida tadbirkorlarga berilayotgan misli ko‘rilmagan imkoniyatlar, xususan, tadbirkorlik sub’ektlari uchun bojxona ko‘rigida xavf-xatardan ogoh etish tizimi – “yashil” va “qizil” yo‘laklarni joriy etish, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirishni 2 yilga to‘xtatish va boshqa ko‘plab imtiyozlar bu tadbirkorlarning o‘z salohiyatlarini yanada kengroq ochish uchun imkoniyat ekanligi, shu imkoniyatlardan foydalanib, mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratishda, umuman Davlat dasturini bajarishda tadbirkorlar tom ma’noda lokomotivga aylanishi zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda partiyaning joriy yil uchun qonun loyihalarini parlamentda muhokama etish va qabul qilishda partiya fraksiyasi rolini kuchaytirish, qonunlarni qabul qilish jarayonida aholi o‘rtasida keng muhokama qilish tizimidan samarali foydalanish, davlat boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi va shaffofligini ta’minlashning qo‘shimcha mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha ham aniq takliflar tinglandi. Jumladan, davlat organlari faoliyatini rejalashtirish va samaradorligini oshirish hamda fuqarolarimizni Oliy Majlis palatalariga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga elektron jamoaviy murojaat qilish tartibini joriy etish, yosh oilalar ehtiyojlarini hisobga olgan holda uy-joy olish imkoniyatini ta’minlash uchun ushbu sohada raqobatni oshirish bo‘yicha ham hamkor tashkilotlar bilan aniq rejalari tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.  

Yig‘ilish yakunida partiyaning Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha tibbiyot sifatini davlat va xususiy hamkorlik tamoyili asosida tubdan yaxshilash, ana shu tamoyil orqali maktabgacha ta’lim muassasalarini ko‘paytirish, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, ayollar tashabbuskorligini oshirish, zamonaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish hamda fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha reja-dasturi qizg‘in muhokama etildi.  

O‘zLiDeP matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1801
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+