O‘zLiDeP fraksiyasi ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing tashkil etdi

31.01.2018, 19:14

O‘zLiDeP fraksiyasi ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing tashkil etdi

Joriy yilning 31 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing tashkil etildi.

Unda fraksiyaning 2017 yilda amalga oshirgan ishlari to‘g‘risidagi axborot jurnalistlar e’tiboriga havola etildi. Brifingni O‘zLiDeP fraksiyasi ijrochi kotibi O.Ravshanov olib bordi.

Bugungi kunda fraksiya o‘z faoliyatini 2017 yil 12 iyul kuni davlatimiz raxbari Sh.M.Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik xarakati vakillari bilan bevosita uchrashuvida belgilab bergan ustuvor vazifalari asosida qayta ko‘rib chiqib bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda, faoliyatimiz mohiyatan va mazmunan o‘zgardi, – dedi O‘zLiDeP fraksiyasi ijrochi kotibi Otabek Ravshanov.

Brifingda ta’kidlanishicha, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ijrosini ta’minlashda O‘zLiDeP va uning fraksiyasi ham ushbu mas’uliyatni teran his etgan holda islohotlar bilan yonma-yon yurishga harakat qilmoqda. O‘tgan bir yil mobaynida partiya va fraksiya tizimida ishni yangicha talablar asosida tashkil etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ular izchillik bilan hayotga tatbiq etib kelinmoqda.

2017 yilda keyingi besh yilda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida ish tashkil qilingan. Binobarin, partiyamizning dasturiy maqsad va vazifalari strategiyada belgilangan hayotiy va xalqchil islohotlarga to‘la hamohang va mosdir.

Xususan, Harakatlar strategiyasining har bir yo‘nalishi O‘zLiDeP, uning deputatlik korpusi, hududiy bo‘limlari va partiya faollari oldida turgan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida puxta o‘rganilib, tahlil qilindi.

Ushbu chora-tadbirlar dasturi asosida strategiyaning har bir yo‘nalishi bo‘yicha aniq ishlar amalga oshirildi. Birgina qonunchilik tashabbusi sohasida o‘tgan yili fraksiya bir nechta qonun tashabbusi bilan chiqdi. Qolaversa, ko‘plab qonunlar ustida ishladi, ularni atroflicha muhokama qilib, ularni qabul qilinishida faol qatnashdi. Misol uchun «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasiga muvofiq, 2017 yil davomida Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan jami 27 ta qonun loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan bo‘lsa, shundan, 19 ta qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilinishida O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari bevosita ishtirok etishdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Parlament nazorati to‘g‘risidagi» hamda «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish maqsadida fraksiya joylarda muhokamalar natijasida umumlashtirgan jami 22 ta amaliy takliflarini tegishli qo‘mitaga taqdim etdi. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, shu vaqtga qadar 40 dan ortiq qonun loyihalari birinchi o‘qishdan so‘ng hududlarga jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi. Bundan tashqari yana ko‘plab qonun loyihalari ko‘rib chiqilib, ular bo‘yicha aniq takliflar berildi.

Bunday ishlarning amaliy davomi sifatida 2017 yil fevral oyidan boshlab fraksiyaning barcha a’zolari har oyning birinchi o‘n kunligida saylovchilar bilan uchrashib, 10 kun mobaynida ularni tashvishga solayotgan masalalarni o‘rganish bilan birgalikda qonun loyihalari yuzasidan takliflarini ham olib qonun ijodkorligi faoliyatida ulardan bevosita foydalanishdi. Deputatlar hamda partiyaning hududiy bo‘limlari tomonidan saylovchilarni birinchi navbatda elektorat vakillarini qonun loyihalari bilan o‘z vaqtida yaqindan tanishtirish muntazam amalga oshirilgani ta’kidlandi.  

Tadbirda O‘zLiDeP fraksiyasi tomonidan o‘tgan yili muhim makroiqtisodiy ko‘rsatgichlarning muvozanatini saqlash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulkning o‘rni va rolini tubdan oshirish, xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni amalga oshirish hisobiga yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash maqsadida Harakatlar strategiyasining tizimli ravishda amalga oshirilishi va ijrosini ta’minlash yuzasidan butun jamiyatimiz hayoti va faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgan aniq choralar ko‘rilganligi alohida qayd etildi.

Davlat boshqaruvi organlarining hisoboti va axborotini fraksiya majlislarida va partiya guruhlari tashabbusi asosida mahalliy Kengashlarda eshitish bo‘yicha O‘zLiDeP tomonidan Moliya, Iqtisodiyot vazirliklari va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan lozim ishlar amalga oshirilgan, ularning hududiy boshqarma va bo‘limlari faoliyati ustidan «O‘zLiDePning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan parlament nazorati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlaridagi, hamda tuman (shahar) kengashlaridagi deputatlik guruhlari tomonidan deputatlik nazoratini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi» ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, fraksiyada 4 ta ishchi guruhi tuzilib, bular vazirlik, qo‘mita va ularning viloyat va tuman (shahar) boshqarmalari hamda bo‘limlari faoliyatida aniqlangan kamchilik va muammolar yuzasidan muayyan deputatlik so‘rovlarini yuborish va so‘rovlar natijalari bo‘yicha aniq tavsiya va takliflar ishlab chiqish, shuningdek mazkur jarayonlarda aniqlangan muammo va takliflarni umumlashtirish, mazkur masalalar yuzasidan ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalarni, shu jumladan qonunlar va qonunosti hujjatlari loyihalari, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishlarida batafsil muhokama qilish va O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasiga taqdim etib borishini ta’minlash vazifalari yuklatildi.

Brifingda jurnalistlarga amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida batafsil va atroflicha ma’lumot berildi va barcha masalalar qatori bevosita fraksiya faoliyatini OAVda yoritilishi haqida so‘z yuritilib, amalga oshirilayotgan ishlarni, xususan, qabul qilinayotgan qonunlar mazmun-mohiyati, ularning joylardagi ijrosini xalqimizga to‘g‘ri va haqqoniy tarzda yetkazishda OAV vakillari bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.

  • Ko'rildi
    1349
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+