O‘zLiDeP: eksport salohiyatini oshirish elektorat manfaatiga xizmat qiladi (VIDEO)

07.09.2017, 16:46

O‘zLiDeP: eksport salohiyatini oshirish elektorat manfaatiga xizmat qiladi (VIDEO)

II Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi doirasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashabbusi bilan “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi va Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi bilan birgalikda “Meva-sabzavot mahsulotlari eksporti: yangi imkoniyatlar va dolzarb vazifalar” mavzuida biznes-seminar o‘tkazildi. Tadbir bozor ishtirokchilariga o‘z eksport salohiyatini kengaytirishga doir amaliy tavsiyalar olishda qulay imkoniyat bo‘ldi.

Biznes-seminarni o‘tkazishdan maqsad amaliy misollar asosida mamlakatimiz agrar tarmog‘ida amalga oshirilayotgan islohotlar, uning eksport salohiyatini oshirish, barcha hududlarda yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlar, eksportchilar uchun yaratilgan imtiyozlar bilan tanishtirishdan iborat. Tadbirda vazirlik va idoralar, deputatlik korpusi vakillari, tadbirkorlar va fermerlar ishtirok etdi.

Seminarda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ulkan salohiyatga ega, bugungi kunda mamlakatimizda yiliga 20 million tonnadan ortiq meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlari nafaqat mamlakatimiz aholisining ehtiyojlarini qondirmoqda, balki xorijga ham yetkazilmoqda.

Tadbirda ishtirok etgan meva-sabzavot mahsulotlari eksportchilariga qonunchiligimizda ko‘zda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar to‘g‘risida batafsil axborot taqdim etildi. Seminarda eksportni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanuvchi tegishli tuzilmalar vakillari ma’ruza qilib, o‘z faoliyati va istiqboldagi vazifalari bilan tanishtirdi. Mamlakatimizda xomashyo bazasini kengaytirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotni eksport qilishning amaliy jihatlariga e’tibor qaratildi.

Biznes-seminar davomida meva-sabzavot mahsulotlari eksporti bilan bog‘liq muhim masalalar, tarmoq eksport salohiyatini yanada oshirishda mavjud imkoniyatlar va dolzarb vazifalar ko‘rib chiqildi. Eksportchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Tadbir davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanuvchilarni o‘ylantirayotgan qator dolzarb masalalar ko‘tarildi, meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmini oshirish, geografik jihatdan diversifikatsiya qilish, bozorda xaridorgir yangi turdagi mahsulotlar yetishtirishni kengaytirish yo‘llari muhokama qilindi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatli afzalliklari kuchli bo‘lgan yo‘nalishlarda ishlab chiqarishni kengaytirish orqali meva-sabzavot mahsulotlari eksportini diversifikatsiya qilish muhimligi ta’kidlandi. 

Biznes-seminarda meva-sabzavot mahsulotlarini sertifikatlashtirish va standartlashtirishning yangi tizimi, “O‘zagroeksport” kompaniyasi qoshida meva-sabzavot mahsulotlarini sertifikatlashtirish bo‘yicha zamonaviy talablar asosida jihozlangan laboratoriyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek sertifikat olish tartibotlarini soddalashtirish zarurligi qayd etildi. Eksportchi korxonalarni ular o‘z eksportini qay darajada geografik diversifikatsiya qilgani asosida rag‘batlantirish tizimini joriy qilish haqida ham so‘z yuritildi.

O‘zbekiston agrar tarmog‘i eksport salohiyatini rivojlantirishda manfaatdor barcha tashkilotlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish masalasiga e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan O‘zLiDeP tashabbusi bilan ishtirokchilar, shu jumladan «O‘zbekoziqovkatsanoat» xolding kompaniyasi, «O‘zagroeksport» ixtisoslashgan tashqi savdo kompaniyasi, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, “O‘zvinosanoat-xolding”, “Uztreyd” aksiyadorlik jamiyatlari, O‘zbekiston fermerlar kengashi, Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi tomonidan Memorandum imzolandi. Unda ishtirokchilar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va eksportchilarini yanada qo‘llab-quvvatlashga intilishini tasdiqladilar hamda meva-sabzavot mahsulotlari eksportini takomillashtirish bo‘yicha takliflarini ilgari surdilar. Ushbu memorandum doirasida O‘zLiDeP hududiy tuzilmalari negizida eksportchilarga moliya, tijorat, huquqiy va ekspertlik faoliyatiga doir masalalarning keng doirasi bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan maxsus guruhlar tuzish ko‘zda tutilgan.

–Prezidentimiz tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish borasida biz tadbirkor va fermerlarga yaratib bergan imkoniyatlaridan foydalanib, dunyo bozoridagi yangi hamkorlar bilan ish boshladik, - deydi “Green traffic Group” korxonasi rahbari Habibulla Ayupov. —Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari, Latviya, Estoniya hamda Turkiya kabi mamlakatlarga mahsulot eksport qilishni yo‘lga qo‘ydik. Hozirda hamkorlarimiz yetkazib berayotgan mahsulotlarimizdan mamnun. Ularning talabini qondirish uchun biz eksport borasidagi bilimlarimizni yanada boyitishimiz zarur. Bunda O‘zLiDeP tomonidan respublikamizning tuman va shaharlarida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan “Ekportga ko‘maklashish uslubiy-konsalting guruhlari”ning foydasi katta bo‘ladi, deb hisoblayman.

Muxtasar qilganda, biznes-seminar nafaqat meva-sabzavot sohasining ulkan salohiyatini, balki ishlab-chiqaruvchilarning eksport miqyosini kengaytirishdan manfaatdorligini namoyish etdi. Tadbirda ko‘tarilgan masala va muammolar O‘zLiDeP nazorati ostiga olinadi, ilgari surilgan takliflar esa parlamentdagi fraksiyaning qonun ijodkorligi faoliyatida inobatga olinadi.

O’zLiDeP Matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1519
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+