O‘zLiDeP fraksiyasida Prezidentimizning «Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi muhokama qilindi

05.02.2018, 11:06

O‘zLiDeP fraksiyasida Prezidentimizning «Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi muhokama qilindi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 yanvardagi «Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori va bu borada O‘zLiDeP fraksiyasi oldida turgan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Deputatlar, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlar, nodavlat tashkilotlar vakillari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda  aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va darajasini oshirish masalasiga alohida alohida e’tibor qaratilayotganlig hamda sohaga oid qonunlar, Prezident farmonlari va qarorlari, hukumat qarorlari qabul qilinayotganligi natijasida aholiga tez va shoshilinch yordam ko‘rsatish sifati va ko‘lami oshishiga, tibbiyot muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlanishiga, aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasi oshishiga erishilmoqda.

Xususan, 2017 yilda tez tibbiy yordam xizmati uchun 1269 ta ixtisoslashtirilgan avtotransport xarid qilindi va bu hududlarning transportga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplash imkonini berdi, tez tibbiy yordam xizmatini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash esa ikki baravar ko‘paydi.

Shu bilan birga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining oldin mavjud bo‘lmagan Toshkent viloyati filiali tashkil etildi. Tez tibbiy yordam chaqiriqlarini o‘z vaqtida qabul qilish, saralash va aniq manzilga uzatish maqsadida tez tibbiy yordam dispetcherlari uchun maxsus o‘quv kurslari tashkil etildi. Shoshilinch holatlarda harakat qilish uchun 52 ta kasallik bo‘yicha tez tibbiy yordam ko‘rsatishning yagona davolash standartlari tasdiqlandi,
855 ta qishloq oilaviy poliklinikalari negizida hamda 441 ta tugatilgan QVPlar o‘rnida tez tibbiy yordam shoxobchalari tashkil etildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, yurtboshimizning mazkur qarori ushbu soha faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan yana bir muhim qadam bo‘ldi, unga ko‘ra, aholiga tez va shoshilinch tibbiy yordam mulkchilik shaklidan qat’iy nazar belgilangan tartibda bepul asosda amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, qaror bilan tez tibbiy yordam ixtisoslashtirilgan avtotransportlarini jihozlash va ulardan foydalanish me’yorlari, tez tibbiy yordam xizmati bitta ko‘chma brigadasini tibbiy apparat va inventarlar bilan jihozlash me’yorlari tasdiqlandi, tez yordam chaqiruvlari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining hududiy filiallari stansiyalaridagi uzluksiz faoliyat ko‘rsatadigan yagona Sall-markazlari orqali qabul qilinishi belgilandi.

Qarorga binoan shoshilinch tibbiy yordam xizmati samaradorligini, uning tezkorligi va sifatini oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari bilan o‘zaro integratsiyasini ta’minlash mexanizmini ishlab chiqish va joriy qilish, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallarimoddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tez tibbiy yordam xizmati ixtisoslashtirilgan transport vositalarini zamonaviy tibbiy jihozlar va raqamli radio aloqa vositalari bilan ta’minlash, tez tibbiy yordam xizmati tizimi tibbiy xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirishni nazarda tutuvchi dastur tasdiqlandi.

Shuni o‘rinda ta’kidlash lozimki, 2017 yil davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan joylarga chiqib, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va darajasini oshirishning ahvolini muntazam o‘rganilmoqda, sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlash va tahlil qilish hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rishda ijobiy natijalarga erishilmoqda.

Jumladan, o‘tgan davrda Qonunchilik palatasida sog‘liqni saqlash sohasiga oid 14 ta parlament eshituvi o‘tkazildi, unda sog‘liqni saqlash vazirining hamda barcha respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari rahbarlarining axboroti eshitildi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida joylardagi sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari rahbarlarining axboroti yuzasidan 450 dan ortiq eshituv Qonunchilik palatasi deputatlarining bevosita ishtirokida tashkil etildi.

Tibbiyot sohasini jadal rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan muammolar Qonunchilik palatasi tomonidan doimiy ravishda izchil o‘rganilib, tahlil qilib borildi va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish natijasida esa Qonunchilik palatasi huzuridagi tibbiyot komissiyasi tomonidan joylardagi shifokorlarning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda tegishli takliflar ishlab chiqildi va natijada Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 noyabrdagi
920-sonli qarori qabul qilinib, shifokorlarga o‘rindoshlik asosida 2 stavkagacha (12 soat) ishlash uchun imkoniyat yaratildi.

Xuddi shuningdek, tibbiyot sohasida kadrlar yetishmovchiligi bilan bog‘liq masalalarni tahlil qilish natijasida Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar inventarizatsiyadan o‘tkazilib, huquqni qo‘llash amaliyotini tahlil qilgan holda ishlab chiqilgan takliflari asosida Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalari berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Davra suhbati davomida fraksiya a’zolari davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarori O‘zLiDeP Saylovoldi platformasiga nazarda tutilgan O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish, zamonaviy tibbiyotning eng so‘nggi yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish, mazkur sohaga xususiy kapitalni jalb qilgan holda aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish borasidagi ustuvor vazifalarga to‘liq mos kelishini alohida qayd etdilar.

Ochiq muloqot va fikr-mulohazalarga boy bo‘lgan tadbirda qarordan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish, xususan uning ahamiyatini va mazmun mohiyatini targ‘ib qilish hamda uning joylardagi ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini tashkil qilish bilan bog‘liq masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1965
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+