Muammolarni tizimli hal etish bugungi kun vazifasi

05.02.2018, 11:46

Muammolarni tizimli hal etish bugungi kun vazifasi

Parlament quyi palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan deputatlar, soha mutaxassislari, olimlar, ekspertlar hamda tegishli vazirlik va idoralarning vakillari ishtirokida parlament a’zolarining joylardagi mavjud ahvol bilan yaqindan tanishish, muammolarni bartaraf etish bo‘yicha olib borilgan ishlar yakuniga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi. 

Yig‘ilishda fraksiya O‘zLiDeP dasturidagi vazifalardan kelib chiqib, vazirlik va qo‘mitalar bilan o‘rnatilgan tizimli va doimiy hamkorlik doirasida joylarda muammolarni chuqur o‘rganish va ularni parlamentning ta’sirchan mexanizmlarini qo‘llagan holda hal etish, shu orqali fuqarolar roziligiga erishishi lozimligi qayd etildi. 

Joriy yil 13-20 yanvar kunlari aholi bilan bevosita muloqotlar o‘tkazildi. Muloqotlar mobaynida fuqarolar tomonidan 2 mingdan ortiq turli yo‘nalishdagi muammolar ko‘tarilib, ularning 800 ga yaqini joyida hal etildi, 1 ming 100 dan ortig‘i tumanlar hokimliklari orqali tegishli mutasaddi tashkilotlarga ijro uchun yuborilib, ular tomonidan hal etildi. 

Viloyat darajasidagi ayrim masalalar esa viloyat tashkilotlari bilan hamkorlikda yechilishiga erishildi. Shu bilan birga, mamlakat darajasidagi 200 dan ortiq muammo alohida ajratib olinib, fraksiyaning o‘tgan yig‘ilishida ularni parlament nazoratining turli shakllari orqali bartaraf etish, tegishli davlat boshqaruvi organlariga parlament va deputatlik so‘rovlari yuborish, parlament eshituvlarini tashkil etishga qaratilgan reja ishlab chiqildi. 

O‘rganishlar davomida quyidagi muammoli masalalarga ham e’tibor qaratildi. Xususan, kichik sanoat zonalari tashkil etish bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan bir qatorda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan reja asosida tizimli ishlar olib borilmayotganligi ko‘zga tashlanadi, ayrim davlat mulki ob’ektlaridan to‘liq foydalanilmaslik holatlari mavjud. Undan tashqari, faoliyat ko‘rsatayotgan sanoat zonalarida injener-texnik kommunikatsiya ishlari o‘z vaqtida hal etilmagan. 

Ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholiga uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati va samaradorligi holati, tumanlarda ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik, Mirzacho‘l, Yozyovon, Nurobod, Mirishkor, Shumanay, Oltinsoy, Tomdi, Yangibozor, Romitan, Mingbuloq, Oqoltin, Zangiota tumanlaridagi ichki yo‘llarning achinarli holati ham yig‘ilish ishtirokchilari e’tiborida bo‘ldi. 

Mahalliy ichki yo‘llarni ta’mirlash masalasi O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlaridan biri ekani hamda bu ishlar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilishi belgilangan. Deputatlar tomonidan o‘rganilganda Mirzacho‘l tumani hududida jami 149 kilometr, Yozyovon tumanida 328 kilometr ichki yo‘llar ta’mirtalab holatdaligi ma’lum bo‘ldi. 

Mirishkor tumanidagi Qurama, Nayiston va Qumbangi qishloqlari hududida Osiyo taraqqiyot banki mablag‘i hisobidan 2010 yilda qurilgan ichimlik suvini tayyorlash va uzatish stansiyasi bugungi kungacha vakolatli tashkilot balansiga o‘tkazib berilmaganligi sababli faoliyat ko‘rsatmay turibdi. Shu sababli tuman aholisining atigi 6,8 foiz markazlashgan ichimlik suvi ta’minotiga ega, xolos. Shuningdek, Mirzacho‘l tumanining 96 foiz xonadonlari ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan. 

Konstruktiv muloqot ruhida o‘tkazilgan O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida qatnashgan qator vazirliklar va muassasalar rahbarlari, soha mutasaddilarining yuqorida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan nuqtai-nazari va axborotlari tinglandi, yuzaga kelgan holatni bartaraf etish bo‘yicha ko‘riladigan choralar yuzasidan fraksiyaning qarori qabul qilindi. 

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1296
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+